Farzand uchun akkaunt ochmaslik xavflimi?

Dolzarb mavzu Farzand uchun akkaunt ochmaslik xavflimi?
36


Avvallari telefon  maktabni bitirgandan yoki voyaga yetgandan so‘ng qo‘lga kiri­tiladigan matoh bo‘lgan bo‘lsa, hozir bitta xarxashaning o‘zi yetarli: bolaga zamo­naviy gajet olib beriladi. Natijada bolalar globallashuv ta’sirida internet olamida shamoldek tez ulg‘aymoqda. 


Voyaga yetmagan aksariyat bolalar istalgan tarmog‘iga kira oladi, har xil kontentlarni ko‘rish imkoniga ega. Bu oddiy holga aylangan. Shifokor, psixolog, pedagoglar telefon ekraniga tikilib o‘tirishning salomatlikka zararli tomonlarini doim takrorlaydi. Ammo e’tibordan chetda qolayotgan yana bir muhim jihat bor – raqamli dunyoda bolalikning o‘g‘irlanishi. Bolalar uchun telefon faqat ko‘ngilochar vosita emas, balki ular­ning dunyoqarashi, til boyligi, ijtimoiy munosabatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omilga aylangan. Har soniya yangilanayotgan kontentlar esa bolalarning fikrlash tarzini shakllantiribgina qolmay, ularni tezkor hamda yuzaki ma’lumotlarga o‘rgatib qo‘ymoqda.


Ma’lumotlarga ko‘ra, YouTube o‘z foydalanuvchilarining barcha harakatlarini doi­miy kuzatib boradi: u qanday video izladi, qaysi videoni ko‘rdi, qaysilarini oxirigacha tomosha qildi, nimaga layk bosdi – barchasi platforma algoritmi tomonidan tahlil qilinadi. Aynan shu algoritm foydalanuvchiga o‘z qiziqishlari asosida yangi videolarni tavsiya qiladi.


Bundan tashqari, algoritm foydalanuvchining yoshini ham e’tiborga oladi va bu ko‘pincha u ochgan akkauntdagi ma’lumotlar orqali aniqlanadi. Asl muammo mana shu yerda boshlanadi: ko‘plab ota-onalar farzandlariga YouTubeni o‘z akkauntlari orqali ochib berishadi. 


Natijada ilova bolani kattalar qatoriga qo‘shadi, shunga mos kontentlar tavsiya qilinadi. Bu esa kattalarga mo‘ljallangan, ba’zida pornografik, zo‘ravonlikka undov­chi, diniy yoki ekstremistik mazmundagi materiallar bolalar ko‘z o‘ngida paydo bo‘lishi xavfini tug‘diradi. Eng achinarlisi, bunday holatlarning oldini olishga hech bir algoritm kafolat bera olmaydi. 


Inson psixologiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan mexanizmlar asosida yaratilgan har qanday video, ayniqsa, bolalar e’tiborini osonlikcha tortadi. YouTube algoritmi esa bunga “yordamchi” bo‘ladi – bola biror kontentni ko‘rganidan so‘ng, unga o‘xshash videolar avtomatik ravishda taklif etiladi. Tabiiyki, bola ushbu videolarga layk bosadi, tomosha qilishda davom etadi.


Ammo bu jarayon oddiy ko‘ngilxushlik emas – u bolalarda zo‘ravonlikka moyillik, asabiylik, ortiqcha hayajon, hattoki ruhiy siqilish holatlarini yuzaga keltirishi mumkin. Chunki sun’iy intellekt tomonidan boshqarilayotgan bu tizim bolaning ruhiy holatini emas, uning qiziqishini asos qilib oladi.


Masalan, AQSHda mana shunday muammolarning oldini olish maqsadida YouTube Kids platformasi ishga tushirilgan. U bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yoshga mos, xavfsiz va nazoratdan o‘tgan kontentlarni taklif qiladi. Bundan tashqari, ota-onalarga farzandlarining raqamli faoliyatini kuzatish imkonini beruvchi Google Family Link tizimi mavjud. Ushbu tizim orqali ota-ona­lar bolalarining Google akkauntini bosh­qarishlari, u qanday kontentlarni ko‘rayotgani, qaysi ilovalarga kirayotganini nazorat qilishlari mumkin.


Xo‘sh, unda muammo nimada? Asosiy muammo ommaviy axborot vositalarining bolalar xavfsizligiga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani, ota-onalarning esa farzandlari uchun alohida, yoshiga mos akkauntlar ochib bermayotganidir.


2017-yili YouTube’da “Elsagate” nomi bilan tanilgan global muammo yuzaga keldi. Bu holat ko‘plab ota-onalarni xavotirga solgan. Unda mashhur multfilm qahramonlari – Elsa, Spiderman, Peppa Pig kabi obraz­lar ishtirok etgan videolarda bolalar uchun mutlaqo nomaqbul kontent yashiringan edi. Videolar tashqi ko‘rinishidan oddiy ko‘rinsa-da, ichki mazmunida zo‘ravonlik, jinsiy aloqaga ishoralar, hattoki o‘z joniga qasd qilish sahnalari mavjud bo‘lgan. Bola esa bu videoni sevimli qahramonini ko‘raman deb ochadi. YouTube esa buni bolaning qiziqishi deb qabul qiladi va shunga o‘xshash kontentlarni tavsiya qilishda davom etadi.


“Elsagate” voqeasi global miqyosda bir haqiqatni yuzaga chiqardi: har bir raqamli platforma, ayniqsa, YouTube, bolalar ruhiyati va xavfsizligini asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida qabul qilishi shart. Shu bilan birga, bu mas’uliyatni faqat platforma zimmasiga yuklash ham noto‘g‘ri. Ota-onalar farzandlarining raqamli muhitdagi har bir qadami ustidan nazoratni kuchaytirishi, yoshiga mos kontentga yo‘naltiruvchi sharoit yaratishi zarur.


Yaqinda Telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra ishtirokchilarning aksariyati farzandi uchun alohida akkaunt ochmagan. Hattoki, ular­ning bir qismi bunday ehtiyoj haqida o‘ylab ko‘rmaganini bildirdi. Masalan, “Bolam telefonni vaqtinchalik ko‘radi, unga alohida akkaunt ochish ortiqcha”,  demoqda 3 yoshli qizning onasi. Yana bir yosh ona esa “Akkaunt ochib cheklov qo‘yish bu ishonchsizlik belgisi” deydi. Shuningdek, 46 yoshli hamyurtimiz “Texnika bilan unchalik yaxshi tanish emasman. O‘zim akkaunt ochib nazorat qilishdan ko‘ra telefonni cheklab qo‘ya qolaman”,  deya izoh qoldirgan.  


Jahon tajribasiga ko‘ra, Fransiya va Nider­landiyada ota-onalar farzandlari uchun alohida akkaunt ochishni odatiy amaliyot sifatida qabul qilishgan. Sababi, bu davlatlarda bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qiluvchi qat’iy qonunlar mavjud. Ular nafaqat bolaning yoshiga mos kontentni ta’minlash, balki raqamli izlarini boshqarish, reklamalardan himoya qilish va ruhiy salomatligini muhofaza etishga xizmat qiladi.


Bugun bolalar smartfonni chaqmoq tez­ligida boshqaradi, biroq ota-ona undanda tez fikr yuritmasa, xavf eshik qoqadi. Har bir farzand uchun alohida akkaunt ochish – oddiy texnik harakat emas, virtual olam­dagi himoya qalqoni bilan ta’minlashdir. Farzandlaringizni real hayotda qanday qo‘riq­lasangiz, raqamli dunyoda ham shunday himoyasiz qoldirmaslik shart. 

Raqamli makonda bolani nazorat qilish – uni butunlay cheklash emas, balki uni qanday kontentlar kutib turganini anglashdir. Farzandlaringiz algoritmlar tomonidan emas, ongli va mas’uliyatli jamiyat tomonidan ulg‘aytirilishi zarur.


Azizabonu QUVONDIQOVA,

O‘zMU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish