HAR BIR BOLA ISTE’DODLI

Nogironligi bo‘lgan bolalarni oddiy maktabga, hayotga moslashtirishimiz, jarayonga munosib muhit tayyorlashimiz lozim.
Shavkat MIRZIYOYEV
Ta’lim tizimi nafaqat bilim berish, balki har bir insonning ijtimoiy rivojlanishi va jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish vazifasini ham bajaradi. Aynan shunday yondashuvni ilgari suruvchi inklyuziv ta’lim barcha bolalar, jumladan, jismoniy, aqliy yoki boshqa maxsus ehtiyojga ega bolalarga ta’lim olish imkoniyatini yaratadi. Bu yondashuv nafaqat alohida shaxslar, balki butun jamiyat rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega hamda tenglik, bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirishga yordam bermoqda. Bundan tashqari, inklyuziv ta’lim nafaqat inson huquqlari masalasi, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot uchun ham ahamiyatlidir. Dunyo bo‘ylab minglab bolalar jismoniy yoki aqliy imkoniyatlari cheklangani sababli sifatli ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Shu bois, rivojlangan mamlakatlarda inklyuziv ta’lim davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan.
BMT va UNESCO inklyuziv ta’limni har bir jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim omil sifatida e’tirof etadi. Finlandiya, Kanada, Germaniya va Yangi Zelandiya kabi davlatlar esa bu borada ilg‘or tajribalarga ega ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Xo‘sh, O‘zbekistonda ta’limning bu yo‘nalishi sur’atlari qanday?
Ta’lim – to‘siqlarni yo‘qqa chiqaradi
O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, “2020–2025-yillarda inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi”ga muvofiq “Ta’lim barcha uchun” tamoyili asosida 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab respublika bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida 31 ta umumta’lim maktabida inklyuziv sinflar tashkil etildi.
Ularda 122 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bor o‘quvchi tahsil olgan. 2024-2025-o‘quv yilida esa inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 947 tani, ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni esa 1 901 nafar (2024-yili 421 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 651 nafar o‘quvchi)ni tashkil qilmoqda.
– Har bir bola iste’dodli. Ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda mahoratli pedagoglar yordami, ota-onalar e’tibori judayam muhim, ‒ deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Inklyuziv ta’lim va mehrli maktab faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ro‘zibek To‘rayev. – Shu bois inklyuziv ta’limga jalb etilgan o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun 9 nomdagi dastur hamda ota-onalar uchun 5 nomdagi metodik tavsiya, inklyuziv ta’lim tashkil etilgan umumta’lim maktablarining bino va jihozlariga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqildi. Shuningdek, inklyuziv ta’lim tashkil etilgan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 650 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi hamda psixologlar 72 soatlik o‘quv kursida o‘qitildi. Jarayon davom etadi.
Umumiy o‘rta ta’limda ota-onalar va pedagoglar hamkorligi va o‘quvchilarga e’tiborni kuchaytirar ekanmiz, ular kelgusida shubhasiz o‘z bilimi bilan har qanday to‘siqlarni yengib, jamiyatning faol a’zosiga aylanadi.
Hamkorlik va istiqbollar
Bugun O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro tashkilotlar (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Koreyaning KOICA tashkiloti) hamda Buyuk Britaniya, Yaponiya, Finlandiya kabi rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda 24 nafar mentor tayyorlanib, inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablarning 285 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va maxsus pedagoglar, psixologlar, rahbarlar uchun o‘quv-seminarlar hamda treninglar o‘tkazildi.
Sifatli va samarali inklyuziv ta’lim jarayonini tashkil etish maqsadida tajriba-sinov o‘tkazish uchun Toshkent shahridagi 298-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tanlab olinib, pilot maktabga aylantirildi.
Ma’lumot o‘rnida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Toshkent shahrida tajriba-sinov maydonchalari tashkil etilib, jumladan, 298-maktab jahon standartlari asosida ta’mirlanib, jihozlangan.
UNICEF homiyligida to‘siqsiz muhitga moslashtirilgan Olmazor tumanidagi 298-maktab.
Bundan tashqari, Amerika Qo‘shma Shtatlarining USAID tashkiloti tomonidan inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash va amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi Namangan va Sirdaryodagi 1000 ta maktabda boshlanib, ushbu hududlarda 10 ta model maktab hamda bog‘cha tanlab olinishi va namunaviy bo‘lishi uchun ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga gematologiya va onkologiya kasalliklari bilan og‘riganligi bois uzoq muddatli davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida “Mehrli maktab” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar 9 424 nafar (shundan, 4 269 nafari maktabgacha yoshdagi) bolaga ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatilgan.
Yurtimizdagi inklyuziv ta’limning amaliy jarayonlari bilan qiziqib, Sharof Rashidov tumanidagi 36-maktabning inklyuziv ta’lim bo‘yicha maxsus pedagogi, defektolog Nigora Ochilova bilan suhbatlashdik.
‒ O‘quvchilarimni farzandlarimday yaxshi ko‘raman. Ularning bilim olishga intilishi, ishtiyoqi kasbimga bo‘lgan muhabbatimni yanada oshiradi. Maktabimizda 9 nafar (autizm, koxlear implantli, ruhiy-nutqiy rivojlanishi sust tashxisi qo‘yilgan) inklyuziv ta’limga ehtiyoji bor o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning 3-nafari 1-sinf, 2 nafari 2-sinf, 1 nafari 3-sinf, 3 nafari 4-sinfda o‘qiydi. Bu o‘quvchilarga ko‘proq e’tibor qaratamiz, biroq boshqa bolalardan ajratmaymiz.
Maqsadimiz ularni jamiyatdan ajratmagan holda ta’lim-tarbiya berish va kelajakda hech kimga muhtoj bo‘lmasligiga yordamlashish. Bu yo‘lda ularning faol, mustaqil shaxsga aylanishiga ko‘maklashamiz.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, inklyuziv ta’limda hamkorlik barchaning – o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchilar va jamiyatning faol ishtirokini talab qiladi. Samarali hamkorlik natijasida o‘quvchining ta’lim olishi, faollashuv jarayoni qulay kechadi. O‘qituvchilarning tajribasi, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi, jamiyatning e’tibori va o‘quvchilar o‘rtasidagi do‘stona muhit inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Ommalashtirish nima uchun kerak?
Maktab psixologlari uchun oʻquv ‒ seminar tashkil etildi
TOSHKENTDA ILM VA MADANIYAT NURI: FORSIYZABON JAMIYATLARNI O‘RGANISH ASSOTSIATSIYASINING 10-XALQARO ANJUMANI
TURTKI yoxud milliy sertifikat olish muammo emas!
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank