TOSHKENTDA ILM VA MADANIYAT NURI: FORSIYZABON JAMIYATLARNI O‘RGANISH ASSOTSIATSIYASINING 10-XALQARO ANJUMANI

Oliy ta’lim TOSHKENTDA ILM VA MADANIYAT NURI: FORSIYZABON JAMIYATLARNI O‘RGANISH ASSOTSIATSIYASINING 10-XALQARO ANJUMANI
166



Toshkent bugun nafaqat Sharqning qadimiy ilm markazi, balki dunyo bo‘ylab tarqalgan ilmiy tafakkurlar uchrashadigan maydonga aylandi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Forsiyzabon jamiyatlarni o‘rganish assotsiatsiyasi(ASPS)ning 10-xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Ochilish marosimi universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva va ASPS prezidenti Mirjam Künklerning qutlov so‘zlari bilan yanada tantanavor tus oldi. Ularning so‘zlarida bir haqiqat yangradi: ilmiy hamkorlik va ma’rifat almashinuvi insoniyatni yaqinlashtiradi, tarixni yangicha nigoh bilan ko‘rishga undaydi.

 


Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan 300 ga yaqin eronshunos va tadqiqotchilar Toshkentni ilmiy markazga aylantirdi. Anjuman davomida tarixdan tortib adabiyot, tilshunoslikdan tortib madaniyatshunoslikkacha bo‘lgan turli mavzularda sessiyalar o‘tkazildi. Ikkinchi kuni o‘tkazilgan panellarda o‘rta asrlar hujjatlari, XIX–XX asr boshidagi ijtimoiy o‘zgarishlar, hatto gender masalalarigacha qizg‘in bahs-munozaralar kechdi. 




Uchinchi kun esa alohida sermazmun bo‘ldi. "Ayollarning ijodiy jamoalari", "Isfahonning madaniy merosi", "Kavkaz tog‘lari tarixi", "Astronomiya va matematika", "Forsiy adabiyotda jins masalalari" kabi mavzular ilm ahli nazariga havola qilindi. 

TDSHU olimlarining hissasi

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari ham anjumanda faol ishtirok etib, ilmiy izlanishlarini xalqaro minbarda taqdim etdilar.

Xolida Alimova – dariy tilida so‘z yasash masalalari haqida so‘z yuritdi.

Siavash Rafiee Rad (Leyden universiteti) va Saodat Saidakbarova – o‘zbek va fors maqollari, iboralaridagi madaniy aks-sado haqida taqqoslamali tadqiqot taqdim etdilar.

Dinara Azimdjanova – zamonaviy fors diplomatik leksikasining semantik xususiyatlarini tahlil qildi.

Nodir Nuriddinov – eronlik tilshunoslarning murakkab so‘zlar tasnifiga oid qarashlarini ilmiy muhokamaga qo‘shdi.



Shuningdek, Oydin Turdiyeva fors adabiyotida qisqa hikoya janrining shakllanishida Muhammad Ali Jamolzoda ijodining o‘rni haqida, Aziza Nishanbaeva va Sima Abbasi esa Alisher Navoiy g‘azallaridagi semantik va balog‘atli birikmalarni tahlil etishdi. Mirzajon Kalandarov fors she’riyatida "ma’shuq" obrazining dinamik talqinlarini ko‘rsatib berdi, Dinora Yusupova esa zamonaviy shoir Siyovush Kasraiy ijodida badiiy kompozitsiyani tahlil qildi.


Anjuman doirasida so‘nggi ikki yilda xalqaro maydonda nashr qilingan 30 ga yaqin yangi kitob taqdim etildi. "Fors she’riyati va san’ati", "Xuroson va Markaziy Osiyo asrlar davomida", "Chegaralar osha adabiyot", "Islomning dastlabki asrlari", "Zamonaviy Eron madaniyati va siyosati" kabi sho‘balarda kitoblar muhokama qilinib, ilmiy bahslar qizg‘in kechdi.


Bu jarayon nafaqat yangi bilimlarni taqdim etdi, balki olimlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamladi. Kitob tuhfalari esa TDSHU Eronshunoslik va afg‘onshunoslik oliy maktabi kutubxonasini yanada boyitdi. 


Anjuman davomida TDSHU bitiruvchisi, taniqli eronshunos, yozuvchi va diplomat Jamshid Giunashvili xotirasiga bag‘ishlangan maxsus sho‘ba ham o‘tkazildi. O‘z faoliyati davomida Gruziyaning Erondagi elchisi sifatida ham xizmat qilgan Giunashvilining hayoti va ilmiy merosi bu sho‘bada chuqur o‘rganildi.


Toshkentda o‘tayotgan ASPS 10-xalqaro anjumani — bu oddiy ilmiy tadbir emas. Bu tafakkur bayrami, madaniyatlar chorrahasi, do‘stlik va hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Toshkent yana bir bor nafaqat Sharq, balki butun dunyo ilm-fan xaritasida muhim maskan ekanini isbotladi.


N.NURIDDINOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

Eronshunoslik va afg‘onshunoslik 

oliy maktabi(kafedrasi) boshlig‘i, 

dotsent, PhD   

X.O‘KTAMOVA, 

Eronshunoslik va afg‘onshunoslik 

oliy maktabi(kafedrasi) katta o‘qituvchisi, PhD 

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #OTM

Ulashish