Iqlim o‘zgarishi yoshlar ongida yetakchi o‘rinda

Xalqaro hayot Iqlim o‘zgarishi yoshlar ongida yetakchi o‘rinda
46

18 yoshli talaba Pollining aytishicha, agar keyingi avlodlar Gernsini (Guernsey) chiroyli va betakror qiladigan narsalardan mahrum bo‘lib qolsa, bu juda achinarli bo‘lardi.


Gernsida joylashgan uchta maktab o‘quvchilari iqlim o‘zgarishi haqida bahslashish va mahalliy darajada uglerod chiqindilarini kamaytirish yo‘llarini muhokama qilish uchun bir joyga jam bo‘lishdi. Bu tadbir har yili o‘tkaziladi.


“To‘rtinchi Buyuk Iqlim O‘zgarishi Munozarasi” (The Great Climate Change Debate) 15-yanvar kuni Ladies’ College’da bo‘lib o‘tdi. Unda Ladies’ College, Elizabeth College va Sixth Form Centre’dan qariyb 80 nafar o‘quvchi, shuningdek o‘qituvchilar va siyosatchilar ishtirok etdi.


Munozarada qatnashgan 18 yoshli Pollining aytishicha, iqlim o‘zgarishi bir muncha vaqtdan beri uning ongida “asosiy masala” bo‘lib kelmoqda.


Siyosat va resurslar bo‘yicha prezident Lindsi de Sosmarez esa yoshlarni “yaqin kelajakning qaror qabul qiluvchilari” deb ta’kidladi.


Tadbir tashkilotchisi, Ladies’ College fan bo‘limi rahbari doktor Karen Marshallning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi “kelayotgan xavf” emas — u allaqachon shu yerda va unga jiddiy qarash kerak.


Tadbir davomida xabardorlikni oshirish va karbon chiqindilarini kamaytirish maqsadida to‘rtta muhim masala bo‘yicha bahs olib borildi:


  • Jamoat transporti bepul bo‘lishi, avtomobillarga soliq esa oshirilishi kerakmi;


  • Iqlim o‘zgarishi barcha maktablarda majburiy fan bo‘lishi kerakmi;


  • Oshxonalarda faqat o‘simlik asosidagi ovqatlar taklif qilinishi lozimmi;


  • Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda norozilik namoyishlari turmush tarzini o‘zgartirishdan muhimroqmi?!


Ladies’ College talabasi Pollining fikricha, ekologik muammolar aynan yosh avlodga meros bo‘lib qoladi. U mikroplastiklar va isrof darajasi jiddiy tashvish uyg‘otayotganini aytdi.


U iqlim o‘zgarishi ta’lim dasturining bir qismiga aylanishini qo‘llab-quvvatladi va:


“Hatto kichik o‘zgarishlar ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi.


Lindsi de Sosmarez so‘nggi yillarda bo‘ronlar tez-tez va kuchliroq bo‘layotganini ta’kidladi. Masalan, Goretti bo‘roni 84 mil/soat tezlikdagi shamollarni keltirib chiqargan, katta talafot yetkazgan va minglab daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib tashlagan.


“Bu tabiat kuchini yaqqol ko‘rsatib berdi”, — dedi u va Gernsi oroli “xavf hududida” ekanini ta’kidladi.


U shuningdek, iqlim o‘zgarishini oldini olish va unga moslashish bo‘yicha har ikki yo‘nalishda ham choralar ko‘rilayotganini aytdi.


De Sosmarezning fikricha, bunday tadbirlarda yoshlarning o‘z qarashlari, umidlari va orzularini ochiq ifoda eta olishi juda muhim:


“Bu bizga ular, ularning kelajagi va umuman Gernsi uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradigan kuchli vositadir.”

Maqola muallifi

Shodiyona XUSHMURODOVA

Shodiyona XUSHMURODOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Yoshlar

Ulashish