Maktabim mening

Ehtirom Maktabim mening
36



Maktab davri, beg‘ubor bolalik, katta orzular…

Bu davrni qo‘msamagan, bir on bo‘lsa ham o‘sha damlarga qaytib qolishini istamagan odam bo‘lmasa kerak. Barchaning eng shirin, eslaganda yurakni hapqirtiradigan, yuziga beixtiyor tabassum yugurtiradigan xotiralarining ko‘pi, albatta, maktab bilan bog‘liq. Shuning uchun ham har kimning maktabi o‘zi uchun aziz. Shu qatori mening ham. 


Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 74-maktab – mening maktabim! Tuman markaziga 40-50 kilometrcha uzoqlikda, tog‘lar orasidagi Jizmonsoy qishlog‘ida joylashgan ushbu ta’lim dargohi u qadar ko‘rkam, zamonaviy bo‘lmasa ham men uchun dunyodagi eng yaxshi maktabdir. 

Mening g‘ira-shira, ilk bolalik xotiralarim ham shu maktab bilan bog‘liq. O‘qituvchining bolasi bo‘lganim uchun hali tilim chiqmay turib maktab bilan tanishganman. Otam yelkasiga ko‘tarib meni maktabga olib borar, bu sirli joy menga o‘zgacha hayrat baxsh etardi. Har tong ishga otlangan dadamga “meni ham olib keting!” deya xarxasha qilardim. Sinfxonaning bir burchagida o‘tirib, o‘quvchilarga taqlidan, o‘zimcha qog‘ozlarga anglamsiz chiziqlar chizar va bu aji-buji yozuvlar uchun ba’zida “besh” ham olardim. Maktab meni shu qadar sehrladiki, o‘quvchi bo‘lish uchun maktab yoshini kutishga ham sabrim chidamadi. Oltiga to‘lar-to‘lmas birinchi sinfga yo‘l oldim.


 Bahriddin muallim boshlang‘ich sinf ustozimiz, ham sinf rahbarimiz edi. Goh erkalab, goh tergab har bir o‘quvchining boshida turib yozishni o‘rgatgan, ilmga muhabbat urug‘larini  qalbimizga ilk bor qadagan ham u. Oysha, Zuhra, Sanoat, Akmal, Nizommiddin ustozlar ham boshlang‘ich sinfda bizga saboq bergan. 


Boshlang‘ichni tugatgach yangi-yangi fanlar, yangi ustozlar bilan tanishdik.  To‘raqul domla, bizga algebra va geometradan dars berar, uyga vazifalarni yaxshi bajargan o‘quvchilarga har dars turli badiiy kitoblar hadya qilardi. Hozir o‘ylayman, o‘sha paytlarda ham o‘qituvchining oyligi u qadar yuqori bo‘lmagan. Ammo kasbga va o‘quvchilarga bo‘lgan muhabbatni qarangki, ustoz to biz maktabni bitirgungacha o‘z hisobidan kitob sotib olib, bizga hadiya qilishni kanda qilmadi. 


Yana bir matematika o‘qituvchimiz Farhod O‘rolov edi. U o‘sha paytlari unversitetni yangi bitirib kelgan, g‘ayratga to‘la edi. Har bir darsini qiziqarli o‘tishga harakat qilar, sinifga alohida tayyorgarlik bilan kelardi. Qishlog‘imizdagi ko‘p o‘quvchilarning aniq fanlar sohasini tanlashida, ko‘pchilikni shu yo‘nalishda unversitetga o‘qishga kirishida uning ham hissasi katta.


Sherquvat Pirimov bizga tarixdan dars berar edi. Maktabdagi eng qattiqqo‘l muallimlardan. Ammo uning darslariga o‘quvchilar qo‘rqqanidan emas, azbaroyi qiziqqanidan kelardi. Chunki bizga ustoz tarixni o‘rgatmas, uni yashatar edi. Qishlog‘imiz chekka hudud bo‘lgani bois, muzeylar, tarixiy maskanlarni ziyorat etish imkoni yo‘q edi. Ammo biz tarixni shahardagi o‘quvchilardan kam o‘rganmadik. Chunki ustoz, o‘z uyida mo‘jazgina uy muzeyi tashkil qilgan bo‘lib, tarix darslarimiz ko‘pincha shu muzeydan bo‘lar edi. Qilichlar-u-qalqonlar, ko‘zalar-u xumlar, tarixiy tangalar, eski kitoblar-u xaritalar… Yo‘q narsanin o‘zi yo‘q edi. Nafaqat vatan va dunyo tarixini balki o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan qishloq o‘tmishini ham o‘rganish imkoniga ega edik.


Mirsalim va Xolmirza muallimlar ingliz tilidan, Qahramon va Umarqul ustozlar rus tilidan saboq berar edi. Ular “Til o‘rganish, har doim kerak. Vaqtida o‘rganmasangiz ertaga, albatta, afsuslanasiz. Kelajak til bilganniki” deb har dars takrorlashdan charchashmasdi. Bu nasihatlar ortida katta haqiqat borligini ko‘pchiligimiz vaqtida anglab yetmadik. Maktab davrida o‘rganmaganlarimizning ko‘pi keyinchalik pul sarflab yana o‘rganishga majbur bo‘ldi.


Hasan, Bahrom, Toshpo‘lat, Mamsoli, Rabbimqul, Salohiddin, To‘lqin, Olim, Gulmira, Xolida, Zillola… yana men nomini keltirmagan necha-necha muallimlar… Har biri haqidagi shirin xotiralarni anglatay desam tom-tom kitoblarga ham sig‘masa kerak. Barchasining qalbimda alohida o‘rni bor.


Bizga dars bergan ustozlarning ba’zilari nafaqaga chiqdi, ba’zilari olamdan o‘tdi (oxiratlari obod bo‘lsin!). Ko‘pi ustoz Farhod O‘rolov rahbarligida o‘quvchilarga sidqidildan ta’lim berishda davom etmoqda. Hozirda maktabimizda 27 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, barchasi bilimli va o‘z kasbining ustalaridir. Ular sabab maktabimiz o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanda ilg‘or o‘rinlarda turadi. 



Maktabimiz bitiruvchilari nafaqat yurtimizning, baki AQSH, Fransiya, Koreya, Turkiya, Rossiya kabi dunyoning rivojlangan davlatlaridagi eng nomdor unversitetlarida tahsil olishgan. Bu maktab bitiruvchilari orasidan professorlar, deputatlar, prokurorlar, shoirlar-u san’atkorlar chiqqan va yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan, orzulari olam yana necha-necha kelajakning buyuk shaxsiyatlari tarbiyalanishda davom etmoqda. 


Men ushbu dargohning butun bitiruvchilari nomidan, ustozlarimizga tashakkur izhor qilaman. Aziz ustozlar, boringizga shukur! Yutuqlarimiz ortida birinchi navbatda sizlarning zahmatli mehnatingiz yotadi. Qayerda bo‘lmaylik ishonchingizni oqlashga, sizga munosib bo‘lishga intilamiz! Bergan ta’lim-tarbiyangiz, mehringiz uchun ming rahmat! 


  


Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish