“Mutribo, bir iltimosim – o‘zbekona kuylagin”

Millat mulki “Mutribo, bir iltimosim – o‘zbekona kuylagin”
452

Yigirma olti yil davomida ilk bor bugun g‘alati holatga tushdim. Yangi tongni kutib olib, Xalqaro Amir Temur jamoat fondiga qarab borarkanman, ishni nimadan boshlashni o‘ylardim. Qilinadigan ish ko‘p, vaqt kam. Uning ustiga, Sohibqiron bobomiz tavalludining yaqinlashib kelayotgan 690 yilligiga tayyorgarliklar boshlanib ketgan. Temuriylar davri tarixiga oid turli kitoblar nashrlari va yana bir qancha ishlar... Xayol-u bexayol avtobusdan manzilga yetmayoq tushdim.



Bekatdan 2-3 qadam yurarkanman, ortimdan bir ayol kishining “ukajon” degan ovozi eshitildi. Talaffuziga qaraganda toshkentlikmas, to‘g‘rirog‘i, o‘zbekistonlik emas. O‘rgildim, ha yo‘g‘a, o‘girildim... Sochlarini qizil-sariq qilib “svetoforni boshiga qo‘ndirib olgan” bir ayol zo‘r berib o‘zbekcha gapirishga urinardi. “Ukajon, maniki o‘zbekmas, ingliz, sani tiling yaxshi bilmaydi. Saniki mandan xafa bo‘lmaydi. Manga manzi­ling ko‘rsat. San Chorsuda turasan, yo‘l bilaman bilmaysan, ayt, uyingga Chorsuga kim bilan boriladi?”


Fikri ojizimcha, angliyalik mehmon opam biz­ning tilimizni endi o‘rganyapti. Shuning uchun yiqqan so‘z boyligining barchasini “sarf etib”, men bilan o‘z tilimda suhbatlashyapti. Chorsu bozorini qidiryapti va mendan so‘rayaptiki, “Sen Chorsu tomonda turmaysanmi mabodo? U yerga qanday boriladi? Yo‘lni bilmasligimni bilasan. Men sening tilingni yaxshi bilmayman va sen mendan buning uchun xafa bo‘lma” demoq­chi bo‘ldi. Oloy bozorining yonidagi – o‘zim tushib qolgan bekatga opani ham yetaklab kelib 115-avtobusga o‘tqizib pul teruvchiga “mehmonni Chorsuga tushirasiz”, deya yo‘limda davom etarkanman, tilimizning o‘zga yurt vakillari tomonidan qilingan talaffuzi qanday go‘zal chiqishi, hattoki so‘zlarda adashib yoki to‘liq talaffuz qilolmasa ham qo‘pol ma’no chiqmasligi, har tomonlama latifligi jonajon tilimga sevgimni yanada oshirdi. Opa bilan avtobusga chiqarib yuborgunimchalik bo‘lgan 40 soniya suhbat ko‘p ajib holatga solib qo‘ydi. Tasavvur qiling, siz uyingizda obi novvot qovuni yetishtirdingiz. Hududingizda boshqa hech kim bu qovundan ekmagan. Uni bozorga olib borib begona savdogarga ko‘tarasiga sotdi­ngiz. Bozordan qaytib, ishlaringizni bitirib, kechki payt qo‘shni qishloqdagi do‘stingizning uyiga bazmga bordingiz. Ne ko‘z bilan ko‘ringki, siz yetishtirgan qovun odamlar tiliga maza bermoq­da. Ich-ichingizdan quvonasiz, lekin kimgadir aytadigan tuyg‘umas. Men ham shunday hissiyotni tuydim. Ona tilimda boshqa davlat fuqarosi kelib menga (garchi to‘liq bo‘lmasa-da) rohat­lanib, jo‘shib gapiryapti. Bu esa, uyimda yetishtirgan qovun mazasiga mengzasam, bir necha barobar totliroq. To‘g‘ri, ozroq chalkashyapti. Lekin o‘z so‘zini qo‘shmayapti. Sof o‘zbek tilida gapiryapti. “Karochi, Chorsuga qanday boraman? Kakoy avtobus olib boradi?” demayapti. Biroz o‘y­lanib qoldim. Biz o‘z tilimizni shu mehmondek sevolyapmizmi? O‘zimiz o‘z zabonimiz ko‘rkiga bo‘rk yopmayapmizmi? Yo‘lda yurgan vaqtim achinib ketamanki, yosh avlod – uka-singillarim­ning aksariyati ajnabiy so‘zlarni qo‘shib gapirishga ko‘nikib qolishgan. Javob qaytaradigan ham go‘yoki xorij so‘zlaridan qo‘shmay gapirsa do‘sti “oq qilib” yuboradigandek o‘zga tillar so‘zlarini o‘z gapiga “tuflab yopishtiradi”. 


Alhazar! Qay birini koyiyman, qay birini uri­shib qo‘yaman, qay biriga tushuntiraman? Hammasi kap-katta bo‘lib qolishgan! Ularni yosh desak, biz tengi va bizdan katta (yigirma besh yoshdan yuqori) odamlardan aksariyatining tilida ham “mehmon” so‘zlar “o‘troqlashib” qolgan. Shu o‘rinda mashhur san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning bir qo‘shig‘i ongimga chaqmoqdek urildi:


Mutribo, bir iltimosim – o‘zbekona kuylagin,

Dilda dardni to‘kmak bo‘lsang o‘zbekona so‘ylagin.

Dilga botmas kuyni boshla, qalbimni muzlatmagin,

O‘zbekona ko‘hna ruhim o‘zgaga o‘xshatmagin!..


Hofiz nega “Mutribo, yak iltimosim – ajnabiycha kuylagin,

Kim “what?” desa deyaversin,  kuylashingni qo‘ymagin.

“Kak, serdsa”ni tars teng bo‘lib, “xolodilnik”ka tiqmagin,

“Tak shto, stariy” ruhim “chujoy”ga o‘xshatmagin!”


– demayapti? Chunki o‘zga tilning lazzati biz­ning tilimiz mazasiga o‘xshamaydi. Faqat Vatan ona emas, uning tili ham onadir. Ba’zi hamyurtlarim nafaqat tilimizda to‘liq gapirishni, balki milliy qo‘shiqlar eshitishni ham esdan chiqarib qo‘yishdi. Qani endi kimsasiz makon bo‘lsa-yu “dod” desang... Hayhot! Jon tilim, onajon tilim, meni kechir! Seni ayrim farzandlaring tilidan qutqarolmayapman! Seni asrab-avaylayolmayapman! Bu ketishda bizdan (50–100 yildan) keyingi avlodga nima qoladi?


Hech kimga aytmay yoring bo‘lib,

Yoningda yursam “mojna”mi?  

degan qo‘shiqlarmi?

Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov bundan 

qariyb yarim asr avval: 


Yetmish yetti pushtim so‘zlagan tilda

So‘zlasharmi yana yetti avlodim?


 – degan satrlarni siyoh emas, yurak qoni bilan yozganini yana bir bora his qilyapman. Xullas, taqvim raqamlari o‘zgarsa-da, bizning fikrimiz o‘zgarmasa, jonajon tilimizning nufuzi ne ahvolga kelishini o‘ylasam cho‘chiyman. Xayolimga keladigan turli ikir-fikrlar odamning labiga uchuq toshiradi. Nahotki tilni buzib gapirganlarga ham qonuniy chora ko‘rilmaguncha bu ahvol to‘xtamasa?! Turli kafe-restoranlar, sartarosh­xonalar, go‘zallik salonlarining xorijiy so‘zlar bilan atalishiga ko‘nikib ham qoldik, “ko‘z tegmasin”, lekin endi tilimiz­ning buzi­lishiga ham ko‘nikishimiz kerakmi? Yo‘q, bunga chidab bo‘lmaydi! Ulug‘ shoiri­miz “Navoiy bilan Pushkin turib keldi qabrdan” deganlaridek, barchamiz barobariga “Ona tilim o‘lmaydi!” desak, tilimiz insoniyat zanjirining o‘zbeklar turgan bo‘g‘inida o‘z ko‘rkini sochib turaveradi.

Mohirbek QO‘CHQOROV

Maqola muallifi

Mohirbek QO‘CHQOROV

Mohirbek QO‘CHQOROV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Olimpiada
  • #Ta'lim
  • #Gazeta
  • #Maktab

Ulashish