Nodavlat ta’lim muassasalari ishonchsizmi?

Dolzarb mavzu Nodavlat ta’lim muassasalari ishonchsizmi?
529

Bugungi kunda nodavlat va davlat ta’limi o‘rtasida raqobat bor. Nodavlat ta’lim muassasalari dastlab oliy ta’lim bozorida davlat universitetlariga kira olmagan, ammo o‘qishga xohishi va mablag‘i yetarli kontingentni o‘ziga jalb qilish, yaxshigina daromad olishni ko‘zlagan bo‘lsa, endilikda ta’lim bozorida o‘z o‘rnini topishni maqsad qila boshladi. So‘nggi 2-3 yilda esa ularning soni shu qadar ko‘paydiki, endi bu bozorda o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun ta’lim sifati va mijozga qulay servis ko‘rsatishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim berish sifati oshdi.


Ta’lim bozorining kattaligi va rang-barangligi mijoz uchun tanlash imkoniyatini beradi. Nodavlat OTMda yo‘nalishlar meh­nat bozori ehtiyojlariga qarab o‘zgar­tirib boriladi. Bu esa yangi mutaxassislik va kelajak kasb­lari bo‘yicha zamonaviy kadrlar tayyorlashga yordam beradi. Ammo fuqarolarning ong osti tafakkurida turli stereotiplar shakllangan:


● nodavlat universitetlar tugatilishi mumkin;

● nodavlat universitetlar­ning diplomi tan olinmasligi mumkin;

● nodavlat ta’lim muassa­sasida pul to‘lasa o‘qitaveradi; 

● nodavlat ta’lim muassa­sasida eng bilimsiz talabalar o‘qiy­di va hokazo.


Shu stereotiplarni ketma-ket tahlil qilamiz. 


So‘nggi yillarda turli kompaniyalar yoki tashkilotlarning tugatilishi holatlari bot-bot uch­rab turibdi. Tugatilgan tashkilotlar tarixiga nazar solsak, davlat tashkilotlari optimallashtiriladi yoki rebrending bo‘ladi. Nodavlat kompaniyalar esa noqonuniy faoliyat aniqlanganda yopilishi mumkin. Xo‘sh, davlat talablarini bajarib, litsenziyani qo‘lga kiritgan, faoliyati davomida huquqiy normalarga zid faoliyat olib bormagan tashkilot nega tugatiladi? Bu stereotipning tag asosi nimada? Qaysi tadbirkorning biznesini davlat noqonuniy asnoda shunchaki to‘xtatib qo‘yganini ko‘rgansiz?


“Diplom tan olinmasligi mumkin” degan stereotip. Modomiki, universitet faoliyat yurityaptimi, demak uning davlat tomonidan berilgan litsenziyasi bor. Qaysi universitetning diplomidan shubha qilsangiz, eng avvalo, o‘sha nodavlat OTMning litsenziya va sifat sertifikatlarini so‘rang! 


“Nodavlat OTMda eng bilimsiz talabalar o‘qiydi” degan stereotipga kelsak. Bilamizki, so‘nggi yillarda turli imtiyozlar sabab davlat OTMlariga kirish bali yuqori bo‘lib ketmoqda. O‘rtamiyona biladigan abituriyentlar qabul kvotalarining shohsupasini egallayotgani, bilimli talabalar esa ba’zan hatto shartnoma asosida ham o‘qishga kira olmayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Yaqinda shunday vaziyatni kuzatdim. Opa-singilning farzandi birga repetitorga qatnab yuridik yo‘nalishga hujjat topshirdi. Testni 3 bahoga yechib yurgan opaning o‘g‘li harbiy otasining imtiyozi sabab yuz foiz grantga qabul qilindi, singilning 10 tadan 10 ta to‘g‘ri topadigan imtiyozsiz o‘g‘li esa shartnoma asosida ham o‘qishga qabul qilinmadi. Tanlov fanlarning 3-4-blokidagi olingan past ball ham o‘qishga kira olmaslikka asos bo‘lishi mumkin. Lekin abituriyent birinchi blokni a’lo darajada o‘zlashtirgan bo‘lishi ham mumkin. Xullas, bu stereotip ham o‘zini oqlamaydi. 


Yigirma yilga yaqin davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida birdek faoliyat olib borgan pedagog sifatida ayta olamanki, davlat universitetimi yoki nodavlatmi, talabalar birdek saralangan bo‘lmaydi. Ular ichida bilimli, o‘rtacha va o‘qimaydigan talabalar uchraydi. Agar professor o‘qituvchi o‘sha bilimi o‘rtacha yoki o‘qimaydiganlarni o‘stira olish va rivojlantirishga o‘zida motivatsiya topa olmasa, bilimsiz talaba o‘qishni shu turishida bitirib ketaveradi. Ish beruvchi esa uning diplomi emas, qobiliyati va bilimiga e’tibor qaratadi. Talaba bilan individual ishlash esa nodavlat ta’lim muassasalarida ko‘proq uchraydi. Sababi, jamoada ichki muhitning sog‘lomligi, ortiqcha qog‘ozbozlik va boshqa vazifalarning o‘qituvchi zimmasiga yuklanmasligi o‘z ishiga bo‘lgan mehrni kuchaytiradi.


Davlat OTMlarida professor-o‘qituvchilarning darsdan tashqari turli ishlarga jalb etilishi, qog‘ozbozlikning hamon mavjudligi ishlashga motivatsiya­ning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.


Shu yil yozda davlat oliy ta’lim muassasalaridan 60 dan ziyod ilmiy darajali professor-o‘qituv­chi kafedramizga ish izlab keldi. Ular yuqorida sanalgan bir qator muammolar, shuningdek, universitetdagi ichki guruhbozlikdan ishlashga xohishi yo‘qligi sabab ishdan ketmoqchiligini ta’kidlashdi. Endi ayting-chi, shunday kayfiyat bilan auditoriyaga kiradigan ustozning o‘zlashtirishi past talabalarni rivojlantirishga motivatsiyasi bo‘ladimi? Oliy ta’lim muassasasini tanlayotganda ko‘chadagi stereotiplarga ishonib qolmang. Borib o‘zingiz tanlagan muassa­saning litsenziyasi, ta’lim sifati bilan tanishing!


Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan eng birinchi nodavlat OTM hisoblanadi. Shuningdek, xalqaro akkreditatsiya − KAZSEE va IQAA sertifikatlariga ham ega. Endilikda QS reytingiga kirish bo‘yicha ham ishlar jadal ketmoqda. Injeneriya, AT, moliya, san’at, pedagogika kabi 38 ta zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim 3 tilda − o‘zbek, rus, ingliz tillarida olib boriladi. Universitetimizda Amerika, Hindiston va MDH davlatlaridan 100 ga yaqin talaba ham tahsil olmoqda. Darslar Xitoy, Janubiy Koreya, AQSH, Angliya va Italiyadan kelgan malakali professorlar tomonidan olib boriladi. Grantlar, chegirmalar, talabalar almashinuvi va xorijiy stajirovkalar mavjud. Bu yildan boshlab tibbiyot yo‘nalishi talabalari uchun 500 o‘rinli zamonaviy yotoqxona ishga tushiriladi.


Men kafedra mudiri bo‘lgan Xitoy-ingliz tarjimonlik yo‘na­lishida xitoylik ustozlar talabalarga xitoy tilini o‘rgatishadi. Darslar ingliz tilida olib boriladi. Talabalar 2-kursning o‘zidayoq Hsk4, Hsk5 xitoy tilini bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritmoqdalar. Xitoyda 2+2 dasturi orqali 100 foiz grant asosi­da tahsil olayotgan talabalar ham bor. Xo‘sh, ayting-chi, eskirgan stereotiplardan voz kechish vaqti kelmadimikan? Butun dunyoda OTMlarga kirish oson (motivatsion xat, til sertifikati va suhbat asosida) o‘qish va bitirish qiyin. 


O‘zbekiston nodavlat OTM industriyasi ham jahon talablari­ga moslashmoqda. Bu bozorda sifatni va eng zo‘r mutaxassislarni tanlab, ishlash uchun xorijnikidan qolishmaydigan sharoitlarni yaratib bergan nodavlat ta’lim muassasalarigina o‘z o‘rnini topadi. Qolganlarni vaqt o‘zi maydon chetiga chiqarib qo‘yadi. 


Gulnoza ODILOVA,

filologiya fanlari doktori(DSc), professor,

TKXU “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri

 

Maqola muallifi

Katta o'qituvchi

Katta o'qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #OTM

Ulashish