“OVQATLANAY DESAK, OSHXONA YO‘Q, OSHXONA BO‘LSA VAQT YO‘Q”
“Kasb kasalligi” degan ibora bekorga aytilmagan. Ko‘p yillar davomida bir ish bilan shug‘ullanish, albatta, insonni ham aqlan, ham jismonan toliqtiradi. O‘qituvchilarning orasida ham kasbi ortidan sog‘ligida jiddiy muammolar yuzaga kelganlari kam emas. Masalan, ularda asab bilan bog‘liq kasalliklar, shuningdek, hozir keng tarqalgan oshqozon xastaliklari ham uchramoqda. Kasalliklar, avvalo, noto‘g‘ri turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanmaslik natijasida paydo bo‘ladi. Asosiy vaqtini maktabda o‘tkazayotgan o‘qituvchilar qanday ovqatlanmoqda? Ba’zida erta tongdan ishga yugurib, nonushta qilishga ham fursat topmagan o‘qituvchi tushlikka issiq taom yeyaptimi? Ketma-ket darslar, majlislardan holdan toygan muallim uchun maktab oshxonasida tayinli yegulik bormi?
Muhabbat ERDONOVA, Oltinsoy tumanidagi 26-maktab o‘qituvchisi:
― O‘qituvchining to‘g‘ri ovqatlanishi o‘ta muhimdir. Biz ham maktabimizda oshxona bo‘lishini, qish kunlari issiq yeguliklar yeb, kunlar isigan chog‘da salqin ichimliklar ichib sog‘ligimizga e’tiborli bo‘lishni istaymiz. Qishloq sharoitida to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilish qiyin masala. Sababi, erta tongdan uy yumushlarini bajarishga to‘g‘ri keladi. Nonushtani esa yengil-yelpi qilib, ishga yuguramiz. Tushlik tayinli bo‘lmaydi. Darslarni tugatguncha soat 14 ga yaqinlashib qoladi. Ochlikdan ko‘proq narsa yeb qo‘ysangiz, keyin qiynalishni ko‘ring. Har kuni shunday betartib ovqatlanayotgan o‘qituvchilar sog‘ligi joyida bo‘lishi mumkinmi? Qani endi, maktablarda o‘qituvchilar uchun bu masalada ham yetarli sharoitlar bo‘lsa. Oddiy, shinam oshxonalar bizga xizmat qilsa. “O‘qituvchi oshxonasi” deb atalgan binolarga faxrlanib kirib borsak.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qituvchi 45 daqiqalik dars davomida uzluksiz harakatda bo‘ladi. Gapiradi, yozadi, o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ladi. Tabiiyki, ko‘p kuch sarflaydi. Nonushta qilgan taqdirda ham 3-4 soatdan so‘ng ochlik hissi sezilib, charchoq alomatlari paydo bo‘ladi. Katta tanaffuslar bor-yo‘g‘i 10 daqiqa, maktab osh¬xonasi esa 3-4 daqiqalik masofada joylashgan. Tushlik qilib-qilmay ikkinchi smena boshlanadi. Bu borada takliflarim bor:
1. Maktablarda “Bir zumda” xizmatini yo‘lga qo‘yish lozim.
2. Maktab oshxonasida o‘qituvchilar uchun doimiy issiq ovqat tayyorlansin.
3. Dars rejimida o‘qituvchi tushlik qilishi uchun muayyan vaqt ajratilishi kerak.
Gavharshod RUSTAMOVA, o‘qituvchi:
― Rahmatli ayajonim kollejda dars berardi. Ko‘pincha 90 daqiqa tinmay gapirishiga to‘g‘ri kelgan. Tushlik vaqti belgilanmagan, vaqtida ovqatlanmaganligi oqibatida oshqozonida yallig‘lanish paydo bo‘lib, buning jabrini ko‘p tortdi. Keyin bilsam, ko‘pchilik ustozlarda oshqozon kasalliklari uchrar ekan. Turli davlat tashkilotlari xodimlari uchun tushlikka vaqt belgilangan. O‘sha paytda ularni bezovta qilib bo‘lmaydi. Nega bu boradagi qonunlar barcha davlat korxonalarida ishlovchilar uchun birdek amal qilmaydi? “Mehnat qonunchiligi” bekorga ishlab chiqilmagan bo‘lsa kerak. Mana shu masalada ham o‘qituvchilarga nohaqlik qilinmoqda.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
— O‘z vaqtida ovqatlanmaslik koʻpgina kasalliklarga “doya” boʻladi. Shu muammo sabab qon bosimim tushib, gemoglobin kamayib, surunkali bosh ogʻrig‘ini orttirib olganman. Qishlogʻimizda 10 dan ortiq oshxona 24 soat ishlaydi. Lekin maktabda oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun shinam, ovqatlari mazali hamda choʻntakbop oshxona yo‘q. Har kuni shoshilib (taksida, albatta) oshxonaga boramiz, apil-tapil ovqatlanamiz. Oʻqituvchilar uchun ham 1 soat tushlikka vaqt ajratish zarur (buning uchun maktablarni bir smenali oʻqitishga o‘tkazish kerakdir, balki). Tushlikni uydan olib kelish yaxshi, ammo uning uchun maktabda mikrotoʻlqinli pech, muzlatkich, issiq choy uchun sharoit, oshxona va boshqalar boʻlishi kerak!
Diloyat OBIDOVA, Farg‘ona tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi:
― Ko‘rkam oshxona, barcha sharoitlarga ega o‘qituvchilarga alohida xona, mazali va issiqqina taomlarni bemalol xarid qilib, biroz dam olib ovqatlanish ― bu qishloqdagi ustozlarning azaliy orzusi. Ular tong qorong‘isida turib ishlarini bajarib, shosha pisha choy-nonini tanovul qiladi va maktabga yo‘l oladi. Maktabdagi ahvol na kuz, na qish, na bahor fasliga moslangan, oshxona deb bo‘lmaydigan kichik bir bufetcha g‘imirlab turadi. U yerda esa o‘quvchi va o‘qituvchi uchun alohida sharoit yo‘q. Yeguliklar-u o‘rindiqlar bolalardan ortmaydi. Oshqozonni aldash uchun shirinlikmi yo uning o‘rnini bosuvchi biror yegulik topib yeyishga harakat qilamiz. Yaqin oradagi oshxonaga borishga vaqt yetmaydi. Bizda oddiy qo‘l yuvish uchun ham sharoit yoʻq aslida…
Lekin o‘qituvchi xalqi sabrli, orzu qilaveradi, kutaveradi...
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Maktabimizda o‘qituvchilar tushlik qilishi uchun oshpaz belgilangan. Katta tanaffusda ovqat tayyor bo‘ladi. Qish kunlari deyarli har kuni palov. Bir kishi¬ning navbati salkam 2 oyda keladi. Bu biz uchun u qadar qimmatga ham tushmaydi. Barcha o‘qituvchilarga qulay va birdek ma’qul. Darsdan horib chiqqanda issiq choy, mazali taom, salat va non bilan bezalgan dasturxon tayyor tursa naqadar huzurlanadi kishi. Yanayam mehnat qilib, g‘ayrat bilan ishlaysiz. Boshqa maktablarda ham shu tartibni joriy etish kerak.
Sarvinoz SUNNATOVA, G‘ijduvon tumanidagi 47-maktab o‘qituvchisi:
― Maktabimiz to‘liq ikki smenada o‘qiydi. Hatto boshlang‘ichlarimizda uch smenalisiyam bor. Shuning uchun katta tanaffus yo‘q. Ba’zida ikki smenada ham dars o‘taman. Uyga kelgunimcha 15:00 bo‘ladi. Ovqatlanish vaqti o‘tib ketadi, oshqozon ham o‘rganib qolgan. Tanaffusda nimadir yeb olay desang, bo‘sh joyning o‘zi yo‘q, chunki bizda na bufet bor, na oshxona! O‘quvchining ko‘z oldida tamaddi qilib bo‘lmaydi. Xullas, muammo ko‘p, yechim yo‘q. Agar katta tanaffus qilinsa keyingi smenalar kech qoladi. Shuning uchun o‘qituvchi och qolsayam mayli, o‘quvchi kech qolmasin deyishadi. Balki, shu sababli ko‘p ustozlar nafaqadan keyin ishlamas.
Umrinisa ERGASHEVA, Pop tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi:
— Xalq ta’limi tizimining yana bir og‘riqli nuqtasi. Bizda 30 daqiqalik tanaffus ertakka aylangan. Oshxona, bufet nima – hech kim bilmaydi. Oshxonaga kirib, oyoqni cho‘zib issiqqina choy yoki kofe ichish biz o‘qituvchilarning orzumiz. Avvallari katta tanaffus payti ul-bul yeb olardik, ba’zi o‘quvchilar esa uylariga borib kelishga ham ulgurardi. Hammaning miyasi dam olib, qorni to‘yib keyingi soatga kirardi, charchoq ham, sezilmasdi. Hozir-chi, 6-soat o‘quvchilar ham o‘qituvchilar ham so‘ljayib o‘tirishadi. Oxirgi soatlarda esa och qolganidan o‘qigisi kelmagan bola darslarda turli qiliqlar chiqaradi yoki darsdan qochishga harakat qiladi. 2 smena dars o‘tgan o‘qituvchining-ku holini tasavvur qilavering.
Sanobar BERDIYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 286-maktab o‘qituvchisi:
— 2 yildan beri oshqozon kasalligi bilan kurashamiz. Chunki maktabda o‘z vaqtida ovqatlanishning iloji yo‘q. O‘tgan yili maktabimiz ta’mirlangani sabab hozirda hamma sharoit bor. Oshxonamizda issiq ovqat, salat va choyi bilan 10 mingdan 15 ming so‘mgacha. Tushlik bahona hamkasblarimiz bilan o‘tirib samimiy suhbatlashamiz, 6 soatlik dars charchoqlari esdan chiqib ketadi. Oshpazimiz juda halol inson, ishchilari ham yaxshi. Demak, eng avvalo, maktablarda sharoit qilish kerak, shunda boshqa qiyinchiliklar ham bilinmaydi. Hamkasblarimga bir maslahat bersam. Yoningizda har kuni o‘zingiz bilan suv olib yuring, chunki suv organizmni tetik tutadi. Har tanaffusda ichib olasiz. Buni 2-3 oydan beri o‘zimda sinab ko‘ryapman. Juda yaxshi natija beryapti.
Hafiza RASHIDOVA, o‘qituvchi:
— Och qolgandan keyin quloqqa bulbulning sayrashi ham yoqmaydi. O‘z vaqtida ovqatlanmagan, holdan toygan o‘qituvchidan sifatli dars kutish to‘g‘ri bo‘lmas. Maktabimiz oshxonasi ishidan xursandmiz. Hammasi talab darajasida. Direktorimiz bu masalani ham e’tibordan chetda qoldirmagan. Taomlarning xilma-xilligi, ozodalik, oshpazlarning sanitariya-gigiyena talablariga amal qilishini o‘zlari nazorat qiladi. Vaqt topib ovqatlanish esa ustozlarning “mahorat”iga bog‘liq. Ustozlarga tushlik uchun alohida vaqt ajratilishi biron-bir hujjat orqali rasmiylashtirilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Shoira BOZOROVA, Romiton tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qituvchilar ko‘pincha yo‘l-yo‘lakay ovqatlanadi. Ovqatlanishining aniq vaqti yo‘q. Darsi bo‘lmagan payti yengilroq tamaddi qilishadi. Ko‘pincha quruq yeguliklar: shirinliklar, somsa, bulochka va boshqalar bilan qorinni aldashadi. Hafsala qilganlari uydan ovqat olib keladi, lekin tushlikkacha sovib qoladi. Isitishga sharoit yo‘q. Ko‘p hollarda shoshmashosharlik bilan gohida chaynab, gohida chaynamay yeb olishadi. Kun bo‘yi bir piyola choy ichmay yurishi ham mumkin.
Ma’rifat BERDIYEVA, Buxoro tumanidagi International sohool xususiy maktab o‘qituvchisi:
— Men xususiy maktabda ishlayman. Maktabimizda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy oshxona mavjud. O‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham tushlikda mazali va kaloriyali ovqatlarni (birinchi va ikkinchi) tanovul qilishadi. Oshpazlarimizning ham qo‘llari rosa shirin. Shunga bo‘lsa kerak, hamkasblarimning sog‘ligida muammosi borlari deyarli yo‘q.
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining o‘rinbosari:
— Maktabda oshxona bo‘lishi shart va majbur. Oshxonada esa sifatli, hamyonbop taomlar tayyorlanishi undan-da muhim. Maktablarda oshxona yo‘qligi, sifatli taomlar tayyorlanmasligiga befarq qaragan yuqori tashkilot rahbarlarini aslo kechirib bo‘lmaydi. O‘quvchining darsdan ketib qolish sabablari ko‘p. Shulardan biri o‘z vaqtida ovqatlanmaslik (oshxonadagi taomlar narxining baland va sifatsizligi). Ayrim hollarda o‘qituvchilar darsga kechikishdan qo‘rqib, kun davomida ovqatlanmasdan yuradi. Bu surunkali jarayonga aylangach, o‘qituvchi sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Maktab oshxonasi, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2016-yildagi qarori to‘liq ishlamayapti. Maktab oshxonasi – mas’ullar e’tiboridagi asosiy vazifalardan hisoblanadi!
Niginabonu SHUKUROVA tayyorladi.
25.05.2022-yildagi sondan olindi
Shu kecha va kunduzda
“OVQATLANAY DESAK, OSHXONA YO‘Q, OSHXONA BO‘LSA VAQT YO‘Q”
Yapon olimining Mirzo Boburga maktubi
Zahiriddin Muhammad Bobur haqida 10 ta fakt
Maktabda psixologik xizmat: o‘quvchi ruhiy salomatligi doimiy nazorat talab qiladi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank