“O‘ZBEK TILI – MENING TILIM” “Davlat tili haqida”gi qonunning 35 yilligiga

Ma’lumki, til inson bolasining bir-biri bilan muloqot qila olish zaruriyati natijasida vujudga kelgan. Shuning uchun til – barcha zamonlarda odamlar o‘rtasida, jamiyatda aloqa va o‘zaro fikr almashishda muhim vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Bugungi kunda dunyoda 142 ta til oilasiga mansub besh mingdan ortiq til mavjud. Achinarlisi shundaki, har oyda ularning ikkitasi yo‘qolmoqda. Shukurki, o‘zbek tili o‘z o‘rniga ega. Hozirgi kunda yer yuzida 50 mln.dan
ortiq kishining ona tili o‘zbek tilidir. Ona tili bo‘lmagan xalqning joni ham bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘zbek tilining mavqeyi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida belgilab qo‘yilgan. Biroq bu moddani yozib devorga osib qo‘yish yoki navbatdagi tadbirbozlikda eslab turish bu – til haqida qayg‘urish degani emas. Tilni jon kabi yurakda olib yurish, jon kabi ehtiyot qilish va oyoqosti bo‘lishdan asray bilish lozim. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni bilan tilimizga davlat tili maqomi berildi. 24 ta moddadan iborat bu qonunning yangi tahriri 1995-yilning 21-dekabrida qabul qilindi. 2004-yil 3-dekabrda esa mazkur qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mana, bu yil mazkur qonunning qabul qilinganligiga ham roppa-rosa 35 yil to‘ldi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov “Xalq so‘zi” (2024-yil 13-fevral) gazetasida e’lon qilingan “Ona tilimiz – qadrimiz, sha’nimiz ifodasi” nomli maqolasida kuyinchaklik bilan qayd etganidek, “Keyingi yillarda ona tilimiz rivoji yo‘lidagi muammolar ko‘paymoqda. Qaysi millat o‘z tiliga munosabatini o‘zgartirsa, tilidan uzoqlashsa, bunday millatlar yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi haqida tarixdan istagancha misollar keltirish mumkin”, degan so‘zlarini, shuningdek, “Davlat tili haqida”gi qonunning bajarilmayotganligidan eng ko‘p vijdoni qiynalayotganlar orasida professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning OAVdagi chiqishlarini alohida ta’kidlamoqchiman (“Til orqali singadigan ma’naviyat va o‘zlikdan uzoqlashyapmiz” “Ma’rifat”. 2024-yil 17-may). Biz 3000 yillik davlatchilik tarixiga ega xalqmiz. Biroq “Davlat tili haqida”gi bu qonun qabul qilingandan beri oradan o‘tgan 35 yil ichida o‘zbek tilini qonunchilik va AKT tiliga aylantira olmadik. Chunki mazkur qonun puxta ishlanmagan va amalda hech kimga hech qanday majburiyat yuklamaydi. Shuning uchun har kim xohlaganicha ish tutmoqda. Mana qarang:
“Hibrid.pochta.uz.-Единая система отправки писем.
Отпрвитель:(?)Murojaatlar bo‘limi.
Адрес:(?)Toshkent shahar, Yunusobod tuman. Mustaqillik shox ko‘chasi , 5-uy.
Получатель.(?)Jo‘rayev Usmon Ташкентская область Бука тумани.
Ikkinchidan, qonunda ijro mexanizmi ko‘zda tutilmagan, shuning uchun ham u bajarilmaydi. Oddiy misol. Qonunning 20-moddasida nimalar deyilganligiga e’tibor beraylik: “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”. Qonunda belgilangan bu qoida hech bo‘lmaganda shu qonunni qabul qilgan va tasdiqlagan Oliy Majlis palatalari, ijroga mas’ul Vazirlar Mahkamasi, qonunlarning respublika hududida aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat olib borishga mas’ul Bosh prokuratura joylashgan Toshkent shahrida bajarilishi ta’minlanmadi. Qayoqqa qarasang chet tillarida yozilgan lavhalarga ko‘zing tushadi. Shunday paytlari kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmay qolasan kishi. Bunga millatimizga xos illatlardan biri – o‘zining qadriyatiga nopisandlik bilan qarash, boshqalarning hayot tarzidan andoza olishga ishqibozlik, befarqlik, loqaydlik kasalligini hali ham tuzata olmaganligimiz asosiy sababdir. Bu xastalikni tuzata oladigan milliy g‘ururimiz esa o‘ta sust. Milliy g‘ururning yuqori bo‘lishiga umid qilib yashash esa bolalarcha soddalik, binobarin, vaqtni behudaga sarflash bo‘lardi. Buning oldini olish uchun “Davlat tili haqida”gi qonunga jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozim.
Bolalarimizning chet tillarini o‘rganishiga hech kim qarshi emas. Biroq mashhur jadid, qatag‘on qurboni Is’hoqxon Ibrat aytganidek, “Bizning yoshlar avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat vataniy ishdir”.Qonunimizdagi yana bir qusur bu – davlat idoralariga istalgan tilda murojaat qilishga ruxsat etilganligidir. O‘zbek tili davlat tili ekan, davlat organlariga murojaat tili o‘zbek tili bo‘lishi shart. Ana shundagina o‘zbek tiliga ehtiyoj oshadi, binobarin, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan boshqa millat vakillarini o‘zbek tilini yaxshiroq o‘rganishga undagan bo‘lardi. O‘zbek tilining kelajagi, avvalo, o‘zimizga – biz o‘zbeklarga bog‘liq. Tilimizning qanchalik ulug‘ til ekanligini bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy o‘zining “Xamsa” asari bilan 5 yarim asr oldin isbot etganligiga tarix guvoh.
Ustozlarimdan biri O‘zbekiston fan arbobi Ganja Hidoyatov o‘tgan asrning 70-yillarida o‘zbek tilining kambag‘al til ekanligiga sha’ma qiluvchilarga qarata: “Ular tarixdan xabari yo‘q shaxslardir. Modomiki, V.I.Leninning 55 jildlik asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun so‘z boyligimiz yetgan ekan, demak o‘zbek tili boy til”, deb ta’kidlagan edi. O‘zbek tili boy til ekanligini Qur’oni karim mazmunining o‘zbek tiliga o‘girilishi yana bir bor tasdiqlamaydimi? 2023-yili G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi chop etgan 6 jildli, 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini o‘z ichiga olgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”-chi? Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa…” nomli she’ridan parcha keltirish o‘rinlidir:
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Oltin boshning kalla bo‘lgani shudir.
Bedil qolib Demyan Bedniyni suysa,
Qora sochning malla bo‘lgani shudir.
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Dod demoqqa palla bo‘lgani shudir.
Ma’rifatdan ayru o‘ynasa, kulsa,
Aza chog‘i yalla bo‘lgani shudir.
O‘zbek o‘zligini anglasa bekam,
Uning “Barakalla” bo‘lgani shudir.
Olamga “Navoiy nasliman” degan
Ovozi baralla bo‘lgani shudir.
Ha, tilimiz yashashini istasak, avvalo, o‘zligimizni anglamoqlikni o‘rganmog‘imiz shart. O‘zbek tili nafaqat boy til, ayni paytda go‘zal til hamdir. Uning go‘zalligi qalblarni larzaga solganligiga, kishilarning ko‘zidan yosh oqizganiga bir necha bor guvoh bo‘lganman. O‘tgan asrda ustozim, mohir pedagog, olim, marhum P.Musayev ikki qizini bir kunda uzatdi. Mehmonlar jamuljam bo‘lgach to‘y kechasini O‘zbekiston xalq artisti Orif Alimaxsumov kirish so‘zi bilan ochdi. U kishining nutqi hech kimni befarq qoldirmadi. Orif Alimaxsumovning notiqlik san’ati barchani o‘ziga shunday rom etdiki, mehmonlar ko‘p bo‘lishiga qaramay to‘yxonada sukunat cho‘kdi. Chunki Orif Alimaxsumov o‘zining notiqlik san’ati bilan hammani “sehrlab” qo‘ygan edi. To‘y marosimining oxirida esa to‘ylari bo‘layotgan qizlarning otasi P.Musayev qizlariga oq fotiha tilab shunday chiroyli so‘zladiki, barcha otalarning ko‘zida yosh qalqidi. Mana, sizga so‘zning, o‘zbek tilining qudrati. O‘zbek tilini bugun kim obro‘sizlantirmoqda, kim uning nufuzini pasaytirmoqda? Birinchi navbatda – O‘zbekiston telekanallarida namoyish etilayotgan bir-biridan mazmunsiz ko‘rsatuv va teleseriallar buzmoqda. Shuning uchun ham bugungi kunda “O‘zbek tilining sofligini ta’minlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining qonunini qabul qilish fursati yetdi, deb hisoblayman. Chunki tilning sofligi ham millat qayg‘ularidan biri ekanligini unutmasligimiz lozim.
Ba’zan boshqa millat vakilining sof o‘zbek tilida gapirishi kishida beixtiyor unga nisbatan mehr uyg‘otadi. Shu o‘rinda xalqimizning sevimli shoiri E.Vohidovning Vashington universiteti professori Ilza Sirtautasga bag‘ishlab yozgan she’rini keltirib o‘tishni burchim deb bildim:
Termulaman Ilza xonimga,
Ko‘zlarimga ishonmay hayron.
Amriqolik xushro‘y olima
So‘zlar edi o‘zbekcha ravon.
Keling, sizni ona yurt uchun
Fidolar bir tinglab quvonsin.
Bu quvonchdan lekin bir umr
Judolar ham quvonsin, yonsin.
O‘z yurtida o‘z ona tilin
Unutganlar sizni eshitsin.
O‘zbek tili mavqeyi, kelajagi birinchi navbatda o‘zbekda o‘zbek tili bilan faxrlanish hissining qanchalik darajada tarbiyalaganligiga bog‘liq. Bu birinchi navbatda umumta’lim maktablarining har bir o‘zbek tili o‘qituvchisiga hammadan ko‘proq bog‘liqligini chuqur anglamog‘imiz lozim. Bu talab nimani anglatadi? Birinchidan, har bir o‘zbek tili o‘qituvchisining o‘zbek adabiy tilida mukammal gapira olishda o‘quvchilariga namuna bo‘lishi zarurligini anglatadi. Ikkinchidan, adabiy tilda mukammal gapira olish medalning bir tomoni bo‘lsa, uni o‘qituvchining hissiyotlarga to‘la jonli nutqi bilan bezay olish qobiliyatini o‘zida shakllantira olgan bo‘lishi medalning ikkinchi tomoni deganidir.
Biz o‘zbek adabiy tilida qanchalik mukammal gapirmaylik, so‘zimizni notiqlik san’ati bilan o‘quvchiga yetkaza olmas ekanmiz, so‘zimiz o‘quvchimiz his-tuyg‘ularini harakatga keltirmas ekan, badanida jimirlash hosil qilmas ekan ko‘zlangan maqsadga erisha olmaymiz. Bu aksioma. Shunday ekan oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlariga talabalar test sinovidan tashqari, notiqlik san’ati bo‘yicha ham qo‘shimcha sinovdan o‘tkazilishi shartligi tartibini joriy etish lozim.
Zero, adabiyot degani jonli so‘z san’ati degani hamdir. Adabiyot, so‘z san’ati azaldan xalq qalbining ifodachisi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
“Davlat tili haqida”gi Qonunning amalda bajarilishini ta’minlash borasida jon kuydirishning millatchilikka hech qanday aloqasi yo‘qligini qat’iy ta’kidlayman. Konstitutsiyamizning 4-moddasida qayd etilgan “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, degan qoidalar buning tasdig‘idir.
Usmon JO‘RAYEV,
Bo‘ka tumanidagi
8-maktab o‘qituvchisi;
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
Xalq ta’limi xodimi”,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi
Shu kecha va kunduzda
Ilmiy hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida
Mehr, sabr va muhabbat ramzi
Endi talabalar xorijda ishlash va sayohat qilish dasturi xarajatlarini qoplash uchun foizsiz qarz(ssuda) olishi mumkin
Xorijlik talabalari nimadan norozi?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank