O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi
Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navro‘z bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz.
Tabiat uyg‘onishi va ruhiy poklanish ramzi bo‘lgan mana shunday qutlug‘ ayyomlar bilan sizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida ishlayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizni ham muborakbod etib, ularga ezgu salom va tilaklarimizni izhor etaman.
Bayram barchamizga muborak bo‘lsin!
Bugun bahorni sog‘ingan yuraklarimiz yangi kun, yangi hayot shukuhi bilan yashamoqda.
Osmondan obirahmat yog‘ilib, daryo va ko‘llarimiz suvga to‘lmoqda. Bog‘larimiz, qir va adirlarimiz o‘t-o‘lanlar bilan qoplanib, yilimiz barakali bo‘lishidan darak bermoqda.
Shahar va qishloqlarimiz, vodiy va vohalarimizda sayil-tomoshalar boshlanmoqda.
Yangilanish fasli bo‘lgan Navro‘z kunlarida xalqimizning umummilliy birdamligi, bunyodkorlik salohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Navro‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib, millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizni, butun el-yurtimizni rozi qilish yo‘lidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarmoqdamiz. Bu yilgi bayramga “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir”, degan da’vatkor g‘oya asos bo‘lgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Biz barcha hududlarimizga, qishloq va ovullar, mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha katta harakat boshladik.
Yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham ulkan qadamlar qo‘ymoqdamiz. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilmoqda.
Kelgusida bunday qurilishlar ko‘lamini yanada kengaytiramiz.
Ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga barchamiz yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.
Yangi O‘zbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta g‘alabalar maydoniga aylanib bormoqda. Yaqinda yoshlarimiz bilan uchrashib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim. Har bir yo‘nalishda – ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, IT va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo bo‘lmoqda. Mana shunday bilimli, jo‘shqin va izlanuvchan o‘g‘il-qizlar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha-qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni ro‘yobga chiqarishga sizlar albatta qodirsiz.
Bugungi tinch va osoyishta hayotning, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz – kelajak albatta sizniki bo‘ladi.
Bu yo‘lda sizlarga, butun O‘zbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur bo‘lsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz.
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun deb yashasangiz – Vatan va xalq ham sizni e’zozlab, boshiga ko‘taradi!
Mahalla deganda, ko‘z oldimizda avvalo ona yurtimizning go‘zal timsoli namoyon bo‘ladi. Biz Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida yaxshi niyat bilan katta dastur va rejalarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu ishlarda oila va jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirish uchun ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimiz, “mahalla yettiligi”, faol fuqarolarimiz yaqindan ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Ming yillar davomida xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib kelayotgan Navro‘zning tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari bu bayramni bir bo‘lib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Mana shunday ahillik va totuvlik Yangi O‘zbekistonimizni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolatidir.
Biz jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bu borada qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga, yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Mana shu tarovatli lahzalarda barchangizga, butun el-yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman.
Azizlar, qarang, qanday go‘zal yurtimiz, qanday saxovatli zaminimiz, betakror tabiatimiz bor.
Bu bebaho boyliklarni ming yillar osha asrab-avaylab kelayotgan mehnatkash, oq ko‘ngil va olijanob xalqimiz bor.
Xudo bizga ato etgan yer-suvimizni, barcha imkoniyatlarimizni qadrlab, ulardan oqilona foydalansak, bir boyligimizga, albatta, o‘n boylik qo‘shiladi.
Shu bois azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!
Siz, qadrdonlarimni, butun xalqimizni Navro‘zi olam bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Yangi O‘zbekiston Navro‘zi – yuksalish va taraqqiyot davri xalqimizga ravnaq va farovonlik ato etsin!
Barcha pok niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratgan Parvardigor jonajon Vatanimizni o‘z panohida asrasin!
Yangi kun, yangi baxt barchamizga muborak bo‘lsin!
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi
“O‘qish savodxonlari” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN
“Jonli modellar” metodi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank