PEDAGOGIKANI HAMMA BILISHI LOZIM...

Pedagogdan tavsiya PEDAGOGIKANI HAMMA BILISHI LOZIM...
113



Har qanday mamlakat kelajagini o‘sib kelayotgan yosh avlod va ularning kelajakda qanday kasb  egallashlariga qarab bilsa bo‘ladi. Albatta kelajak – yoshlarniki. Yoshlarning faoliyati farovon hayot mezoni sanaladi. Yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor berish har bir ota-ona, o‘qituvchi-tarbiyachining  Vatan oldidagi muqaddas burchi sanaladi. Shu o‘rinda haqli savol  tug‘iladi?  Xo‘sh ta’lim-tarbiya borasida nima qilish kerak, qanday yo‘l tutish, nimalarga e’tibor berish lozim? Umuman bu va  boshqa savollarga ma’lum darajada pedagogika fani javob beradi. 


 Pedagogika fani nima va u qachon paydo bo‘lgan? Mazkur savolga javob berishdan oldin tarixiy manbalarga murojaat qilsak. Manbalarda yozilishicha, kishilik jamiyati paydo bo‘lgach, ijtimoiy hayotda orttirilgan tajribalarni quyi avlodga o‘rgatish ehtiyoji tug‘ildi. Tajribalarning to‘planishi natijasida ta’lim-tarbiyaning dastlabki omillari vujudga keldi. Tabiat, ijtimoiy hayot haqidagi tajribalar asosida ma’lum bilimlar boyib bordi. Ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi tarbiyachilar kasb-hunar homiylari sifatida ajralib chiqa boshladi. Ularning ta’lim-tarbiya borasidagi faoliyatlari va to‘plagan tajribalaridan o‘rinli foydalanishlari pedagogika fanining vujudga kelishiga olib keladi. Shu asnoda dastlabki maktab ko‘rinishidagi muassasalar vujudga keldi, taraqqiy etdi. Shunday qilib, pedagogika ta’lim tarbiyaning maqsad va vazifalari, ularning mazmuni, usullari hamda tashkil etish shakllari haqida ma’lumot beruvchi fanga aylandi. Demak, pedagogika fani o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol inson qilib tarbiyalash uchun ta’lim-tarbiyaning mazmuni, umumiy qonuniyatlari va amalga oshirish yo‘llarini o‘rgatuvchi fandir. Ba’zan, pedagogika fanining nima keragi bor? Pedagogikadan xabari yo‘q, lekin bolalariga yaxshi tarbiya bergan insonlar ko‘pku? Yoki aksincha, pedagogika fanini bilgan holda hatto o‘z bolalarini risoladagidek tarbiyalay olmaganlar ozmunchami, degan savollarham quloqqa chalinadi. Shuni unutmaslik kerakki, pedagogika fani yutuqlarisiz jamiyatni olg‘a siljitish g‘oyat mashaqqatli kechadi. Agar pedagogika fanidan xabarsiz bo‘lgan kishilar pedagogika fanini o‘z vaqtida o‘rganib, yutuqlaridan samarali foydalanganlarida bolalarni ham yaxshiroq tarbiyalagan bo‘lur edilar. Pedagogikadan yaxshi xabardor kishilar esa o‘z bilimlarini tajribada ishlata olmaganliklari uchun bolalarni tarbiyalashda muvaffaqiyatga erisha olmaganlar. 


Jamiyat rivojlanishi, odamlar tafakkurining  ma’lum qonun va qoidalarga tayangan holda  taraqqiy etishi bevosita pedagogika fani bilan chambarchas boglangan deb bemalol ayta olaman. 


 Bugungi kunda esa ana shu rivojlanish jarayoni avj pallasiga chiqqan desam aslo mubolag‘a emas. Xususan, huquqiy davlat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va milliy qarashlar, milliy ong kun  sayin yuksalayotgani ham shundan dalolat beradi.
 
 Aniqki, inson ongi kamolotga erishmas ekan, jamiyatda, shuningdek ijtimoiy hayotimizda  yangilanish, hech bir o‘zgarish bo‘lmaydi. Tarixga nazar tashlasak, oktabr to‘ntarishidan keyin barbod etilgan milliy pedagogikamiz yillar davomida asta-sekin qayta tiklanib bordi va tabora yangilanishlar kasb etib bormoqda deb bemalol ayta olamiz. 


Shuningdek bugungi yosh avlodning ehtiyojlari va orzu umidlari ham sho‘rolar davridagidan keskin va mutlaqo farq qiladi. Shularni  nazarda tutgan holda, sharq mutafakkirlari asarlaridan unumli foydalanilib bugungi pedagogikada  milliy rux va ananalarni keskin saklab kolish kerak deb o‘ylayman.


Yangi O‘zbekistonda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dastur”ida yosh avlodni milliy istiqlol mafkurasi ruhida tarbiyalash, darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni milliy ta’lim-tarbiya an’analari asosiga qurish masalalari juda to‘g‘ri ko‘tarilgan. Va shu ma’noda  tarbiyaning yangicha usullari va metodlari ham  o‘z ifodasini topgan.


Pedagogika fanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta o‘rganish lozim. Ta’lim-tarbiyadan ko‘zlangan maqsadni anglash va ular tizimida yangi bilimlar berish – bolalarni to‘g‘ri tarbiyalash sharti. Bunda tarbiyachining beg‘araz mehnati, bolalarni sevish va ularga jon fido aylashlari tarbiya samaradorligini ta’minlaydi. 

Malohat NORBOYEVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Xorijiy tillar ta’limi kafedrasi dotsenti

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish