Sun’iy intellektning siz bilgan va bilmagan, afzallik va kamchiliklari

OpenAI, ChatGPT sun’iy intellekti yordamida miltiq yaratishga uringan dasturchini blokladi. Bu haqda Gizmudo nashri ma’lum qildi.
Dasturchi ovozli buyruqlar yordamida miltiqni boshqarishga harakat qilgan va Reddit’da uning ishlashini ko‘rsatuvchi video tarqatilgan. Videoda miltiq tez va aniq javob berib, nishonga olish va o‘q otishni boshlaydi.
OpenAI ta’qiq qo‘ydi, lekin xavf hali ham mavjud
OpenAI vakillari, ishlab chiquvchiga bu faoliyatni to‘xtatish haqida xabar berilganini ma’lum qildi. Sun’iy intellektni qurol ishlab chiqarishda ishlatish tanqidchilarning asosiy tashvishiga aylandi. Shu bilan birga, OpenAI sun’iy intellektni qurol yaratish uchun ishlatishni taqiqlasa, ham, ochiq modellar va 3D bosib chiqarish xavflari mavjud. Bu esa uy qurilishi qurollarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Tesla Cybertruck’ning ChatGPT yordamida portlatilishi
Bundan tashqari, 1-yanvar kuni Las-Vegasdagi Tramp mehmonxonasi yonida Cybertruck portlatilgan edi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, portlashdan sal oldin gumonlanuvchi ChatGPTdan bomba qismlarini qayerdan sotib olish, uni qanday yig‘ish va ishga tushirish to‘g‘risida ma’lumot so‘ragan. Bundan tashqari 37 yoshli L.Mettyu Arizona shtatida mushakbozlikdan foydalanishning huquqiy holatini aniqlashga uringan.
Tesla kompaniyasi elektromobilining portlashi AQSH hududida portlovchi qurilma yaratish uchun ChatGPTdan foydalanilgan birinchi hodisa bo‘lgan. Shundan so‘ng, sun’iy intellektga qarshi tanqidlar keskin kuchayib ketgan edi.
Sun’iy intellekt internetdagi bor ma’lumotlardan foydalangan
Shundan so‘ng, ChatGPTni yaratgan OpenAI kompaniyasi politsiyaning bayonotiga izoh bergan. Unga ko‘ra, chat-bot “zararli yoki noqonuniy xatti-harakatlar haqida ogohlantirib, internetda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etgan”. OpenAI “sun’iy intellekt vositalaridan mas’uliyat bilan foydalanishga intilishlari” va uning texnologiyalari “zararli ko‘rsatmalardan voz kechish uchun ishlab chiqilganini” ta’kidladi.
ChatGPT-4 har yuzta so‘z uchun yarim litr suv ichadi
Ekologlar esa bu ko‘rsatkichlarga diqqat qaratish kerak deb hisoblashmoqda. Suv serverlarni sovitish uchun sarflanadi.
Washington Post tadqiqotiga ko‘ra, ChatGPT-4 modeli har 100 so‘z uchun taxminan 0,5 litr suv “iste’mol qiladi”. Bu suv, asosan, serverlarni sovitishda sarflanadi.
Ekologlar bu ko‘rsatkichlarga diqqat qaratish kerak deb hisoblashmoqda. Ularning ta’kidlashicha, katta miqdorda suv sarfi kelgusida jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Texnologiya rivoji tabiatga salbiy ta’sir qilishi mumkin
Ma’lumotlarga qaraganda, serverlar va ma’lumot markazlari, ularning rivojlanishi bilan birga, tabiiy resurslarning katta hajmda iste’mol qilinishiga sabab bo‘ladi. Texnologiyalar va sun’iy intellekt rivoji, shubhasiz, iqtisodiyot va jamiyat uchun foydali, ammo uning tabiatga ta’siri haqida kamroq gapiriladi.
Bu holatda muhim omil – texnologiyalar rivojini tabiatga zarar yetkazmaslik yo‘lida to‘g‘ri yo‘naltirish. Tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmasak, eng ilg‘or texnologiyalar ham global ekologik inqirozlarga olib kelishi mumkin.
OpenAI birinchi ChatGPT neyron tarmog‘ini taqdim etganda hamma lol qolgan edi. U odamlar orasida tez ommalashib, odamlarning SI yordamchisiga aylanib ulgirgan. Bugungi kunga kelib esa OpenAI yana bir bor odamlarni lol qoldirishga urundi. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda neyron tarmoqlar odamlarga o‘zi birinchi bo‘lib yozayotganligi haqidagi xabarlar virusdek tarqaldi.
U odamlar orasida so‘rovnoma o‘tkazgan
Unga ko‘ra, ChatGPT birdaniga ko‘plab odamlarga yoza boshlagan va hammasiga deyarli biri xil savol bilan murojaat qilgan, ya’ni so‘rovnoma o‘tkazgan. Odamlarning ta’kidlashicha, u maktabdagi birinchi hafta qanday o‘tgani haqida so‘ragan. Unga javoban, nega u birinchi bo‘lib yozganini so‘rashganda esa, u “Bu yangilanish, men sizni maktabdagi birinchi haftangiz qanday o‘tgani haqida bilmoqchi edim. Agar xohlasangiz, suhbatni boshlashingizni hali ham kutishim mumkin”, deya javob bergan.
OpenAL ChatGPT ovozli yordamchisini ishga tushirdi
OpenAI ChatGPTda “Enhanced Voice” xizmatini ChatGPT jamoasi biznes foydalanuvchilari va ChatGPT Plus abonentlariga taqdim etgan edi.
Ovozli yordamchi jami to‘qqiz xil ovozda gapira oladi va biroq boshqalarning nutqiga taqlid qila olmaydi. Shuningdek, algoritm mualliflik huquqi bilan himoyalangan musiqa yaratish so‘rovlarini aniqlaydi va rad etadi.
Yordamchi qanday ishlaydi?
OpenAI xabar berishicha, ovozli yordamchi hazil va uzilishlarga munosabat bildiradi hamda o‘z javoblarida “Xotira” ma’lumotlariga tayanishi mumkin.
Javoblarda xatolar bo‘lishi mumkinligi bois barcha muhim tafsilotlarni ikki marta tekshirish maqsadga muvofiqligi haqida eslatma berildi.
ChatGPT’ning yomon ta’siri: Dasturchilar bir-biri bilan muloqot qilmay qo‘ygan
“ChatGPT” tufayli dasturchilar bir-birlari bilan muloqot qilmay qo‘yishdi. IT-mutaxassislari jamlangan eng mashhur “Stack Overflow” forumidagi savol-javoblar soni 25 foizga qisqargan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda. “Python” va “Java Script” haqidagi muhokamalarning kamayib ketishi “ChatGPT” chiqqan paytdan boshlandi. Ushbu tendensiya ayniqsa “Python” va “Java Script” haqidagi muhokamalarning kamayib ketishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu noodatiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin: agar forumlarda mavjud muamolar muhokama qilib, ularning tahlili va yechimi berilgan qo‘llanmalar chiqmay qo‘ysa, SI modellarini o‘qitish uchun manbalar qolmaydi.
ChatGPT o1
Yaqinda OpenAI ChatGPTning yangi o1 til modelini taqdim etgan. U insonning fikrlash jarayoniga taqlid qilish, murakkab muammolarni oddiyroq bosqichlarga ajratish, turli yondashuvlarni tahlil qilish va xatolarni tuzatish orqali fikrlash va mantiqiy muammolarni hal qilishga qodir.
OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, o1 modeli muammo yechishga qaratilgan testlarda oldingi modellardan ustun kelgan. o1 mantiqiy fikrlash bilan bog‘liq vazifalarda GPT-4o dan sezilarli darajada ustun. U testlarda o‘rtacha 83 foiz muammolarni samarali hal qilgan, GPT-4o’da esa bu ko‘rsatkich atigi 13 foiz.
Sun’iy intellektning eng zaif tomoni nimada?
So‘nggi yillarda ChatGPT kabi sun’iy intellekt modellari matnlarni qayta ishlash va generatsiya qilishda sezilarli darajada oldinga siljidi. Modellarning javoblari shu qadar hayratlanarliki, ular hatto yuqori darajadagi “intellekt”dan darak bermoqda.
Matematik murakkabliklar oldida SI modellari ojiz
Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, murakkab matematik masalalarni yechish zamonaviy modellarning zaif nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Ajobiy muvaffaqiyat va boshlang‘ich hamda o‘rta darajadagi matematik masalalarni yechish qobiliyatiga qaramay, gap oliy matematika haqida ketganida sun’iy intellekt (SI) imkoniyatlari cheklanib qolyapti.
SI modellarini baholashda olimlar turli etalon testlar yoki benchmarklardan foydalanadi. Bugungi kunda MATH va GSM8K eng mashhur testlardan hisoblanadi. Ushbu testlarda ko‘plab til modellari 90 foizga yaqin to‘g‘ri javobni topmoqda. Biroq yangi test mualliflariga ko‘ra, bunday testlar cheklangan murakkablikka ega va SIning imkoniyatini to‘liq baholashga xizmat qilmaydi. Matematikani yuqori darajada tushunishini aniqlash uchun murakkab benchmark talab etiladi. FrontierMath shu sababli paydo bo‘ldi.
FrontierMath yangi mezoni haqida
Yangi testni tayyorlash jarayonida ekspertlar mashhur matematiklarga murojaat qilib, ularning oldinlari hech qayerda e’lon qilinmagan eng murakkab masalalarini olgan. Qo‘lga kiritilgan yuzlab masalalarning ayrimlari shu qadar murakkabligidan oddiy inson uni yechishga bir necha kunini sarflaydi.
FrontierMath’ning o‘ziga xosligi shundaki, u sonlar nazariyasidan algebraik geometriyagacha bo‘lgan mavzularni qamrab oladi. Bunday yondashuv SIning oddiy algoritmlardan foydalanish imkoniyatini cheklab, chuqur bilim talab etadi. Shu boisdan mazkur testda yuqori natijaga erishmoqchi bo‘lgan modellar nafaqat ko‘p miqdorda ma’lumotga, balki masalani yechishda tahlil qilish va ijodkorlik qobiliyatiga ham ega bo‘lishi kerak.
Dastlabki sinovlar FrontierMath zamonaviy sun’iy intellektlar uchun qanchalik murakkab ekanini ko‘rsatib berdi. Oldingi testlarda yuqori natijalarni qayd etgan modellar yangi testda 2 foiz ham to‘g‘ri javob topa olmadi. Ushbu natija SIning hozirgi darajasi matematik fikrlashni talab etadigan murakkab masalalarni yechish imkoniyatidan hali ancha uzoqda ekanini namoyish etdi.
Vashington shtat universiteti sun’iy intellektni moliyaviy savodxonligi bo‘yicha tadqiqot olib bordi. Tadqiqotda ChatGPT, BARD va Llama kabi modellarning 10 mingdan ortiq moliyaviy imtihon savollariga javoblari baholandi. Bu savollar orqali modellarning toʻgʻri javob tanlash bilan birga, ularning tushuntirishlar berishi ham oʻrganildi.
Eng yaxshisi – ChatGPT 4.0
Tadqiqot natijalariga koʻra, ChatGPT 4.0 bu modellar orasida eng yaxshi natija koʻrsatdi, lekin u ham murakkab moliyaviy masalalarda xato javoblar berdi.
ChatGPT moliyaviy maslahatlarda keng tushunchalarni tushuntirishda samarali boʻlgan, ammo murakkab va oʻziga xos masalalarda yetarlicha ishonchli emas. ChatGPT 4.0 talqini eng yaxshi natijalarni koʻrsatgan boʻlsa-da, ChatGPT 3.5 versiyasi toʻgʻri javoblar va tushuntirishlar orqali unga yaqinlashgan. Shuningdek, tadqiqotchilar ChatGPT professionallar oʻrnini egallamasligi, balki ularga yordamchi boʻlishi mumkinligini taʼkidlashdi.
Sun’iy intellektlar qanday muammoga duch kelgan?
Ta’kidlanishicha, moliyaviy litsenziya imtihonlari savollariga javob berishda ChatGPT keng tushunchalarni yaxshi izohlay olsa-da, u maxsus va oʻziga xos holatlarda yetarlicha samarali boʻlmagan. Modellar, jumladan, moliya bozorlari trendlarini kuzatish kabi vazifalarda yaxshi ishlagan, ammo mijozlarning sugʻurta yoki soliq maqomi kabi masalalarda qiyinchiliklarga duch kelgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, sunʼiy intellekt modellariga toʻliq ishonishdan oldin ularning murakkab masalalarni yechish qobiliyatini yaxshilash zarur.
ChatGPT 3.5 ba’zi hollarda 4.0 modelidan ustun kelgan
Tadqiqotda ChatGPT 3.5 modelini toʻgʻri javoblar va tushuntirishlar bilan taʼlimlash orqali uning natijalari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etildi. Bu jarayonda u ChatGPT 4.0 natijalariga yaqinlashgan va baʼzi holatlarda undan ham yaxshi ishlagan. Shu bilan birga, tadqiqotchilar modellardan foydalanishning samarali yoʻllarini izlashda davom etmoqda.
Sun’iy intellektlar mutaxxasis o‘rnini bosa olmaydi
Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, SI moliya sohasida yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin, ammo bu modellar juda oʻziga xos mutaxassisliklarni talab qiluvchi vazifalarda ishonchli emas. ChatGPT asosan keng tushunchalarni izohlashda qoʻllanilishi mumkin, ammo mutaxassis maslahati oʻrnini bosa olmaydi. Shuningdek, sunʼiy ong qoʻshimcha yordamchi vazifasini bajarib, yangi ish oʻrinlari jarayoniga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
SI boshlangʻich darajadagi ish oʻrinlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin
Jumladan, tadqiqot natijalariga koʻra, moliyaviy sohadagi baʼzi oddiy vazifalarni avtomatlashtirish orqali SI boshlangʻich darajadagi ish oʻrinlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Misol uchun, banklar va moliya tashkilotlari endi yangi kadrlarni qisqartirib, ularning oʻrnini avtomatlashtirish jarayonlari bilan toʻldirishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, moliya sohasidagi ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilashga yordam berishi mumkin.
OpenAI kompaniyasi foydalanuvchilarga ChatGPT bilan telefon orqali muloqot qilish imkonini beradigan yangi funksiyani taqdim etdi.
Xizmatdan kimlar foydalana oladi?
Kompaniya saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, endi AQSH yoki Kanadada istiqomat qiluvchi istalgan inson 1-800-242-84-78 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ovozli rejimda chatbot bilan muloqot qilishi mumkin. Ta’kidlanishicha, hatto chatbotga WhatsApp orqali xabar ham yo‘llash mumkin.
Qanday ishlaydi?
Sun’iy intellekt boti bilan oyiga 15 daqiqa bepul gaplashish mumkin, messenjer orqali yozishmalarga ham cheklov o‘rnatilgan. Shundan so‘ng foydalanuvchilarga ChatGPT ilovasini yuklab olish yoki chatgpt.com orqali ro‘yxatdan o‘tish taklif qilinadi. Telefon orqali bepul muloqot uchun atrof tinch bo‘lishi lozim, chunki har qanday shovqinni u ko‘rsatma sifatida qabul qiladi. Sun’iy intellekt suhbatdoshni messenjerdagi chat guruhga qo‘shib bo‘lmaydi.
Haftasiga 250 million faol foydalanuvchi
Avvalroq ChatGPT tufayli OpenAI yangi “ChatGPT Pro” xizmati haqida ma’lum qilingandi. Eng ilg‘or modellarni o‘z ichiga olgan xizmat ilmiy ish yozish, murakkab hisob-kitoblar va ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda yordam beradi.
ChatGPT 2022-yil noyabrda ishga tushirilganidan beri haftasiga 250 million faol foydalanuvchini o‘ziga jalb qildi. 2021-yilda OpenAI qiymati 14 milliard dollardan 157 milliard dollarga chiqib ketdi, daromadi esa noldan 3,6 milliard dollarga yetdi.
ChatGPT shifokorlardan o‘zib ketmoqda
Beth Israel Deaconess tibbiyot markazining ichki kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi doktor Adam Rodman sun’iy intellekt vositalari shifokorlarga yordam berishiga ishongan edi. Ammo yangi tadqiqot natijalari uning taxminlarini noto‘g‘ri chiqardi.
ChatGPT-4 modeli, o‘z kuchli tahliliy imkoniyatlari bilan, shifokorlardan yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Chatbot o‘rtacha 90% aniqlik bilan tashxis qo‘ygan bo‘lsa, undan foydalanmagan shifokorlar 74%, undan foydalangan shifokorlar esa 76% natijaga erishdi.
Sun’iy intellektning ustunligi
Tadqiqotda 50 nafar shifokor, jumladan, rezidentlar va tajribali shifokorlar ishtirok etdi. Ularga 6 ta murakkab tibbiy holat berilib, tashxis qo‘yish va ularni asoslash so‘ralgan.
ChatGPT shifokorlarga qaraganda nafaqat aniqroq tashxis qo‘ydi, balki uning sabablarini ham batafsil tushuntirdi. Ammo tadqiqotchilar bir muhim jihatni aniqlashdi. Shifokorlar ko‘pincha o‘z tashxislariga haddan tashqari ishonib, chatbot taklif qilgan boshqa variantlarni inobatga olmadi.
Shifokorlarning fikrlash usuli
Tadqiqot, shuningdek, shifokorlarning tashxis qo‘yishdagi fikrlash jarayonini ko‘rib chiqdi. Doktor Andrew Leaning ta’kidlashicha, shifokorlar ko‘pincha o‘z qarorlarini “tajriba” yoki “intuitsiya” bilan izohlashadi.
Sun’iy intellekt esa odamlarning mantiqiy zanjirlarini takrorlashga urinmasdan, tilni tahlil qilish qobiliyatiga asoslanadi. Bu yondashuv tibbiyotda yangi davrni boshlab berdi, ammo shifokorlar bu imkoniyatlarni hali to‘liq o‘zlashtirmagan.
Chatbotdan noto‘g‘ri foydalanish
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shifokorlar ko‘pincha chatbotdan noto‘g‘ri foydalanishgan. Ular chatbotni to‘liq ishga solish o‘rniga, uni oddiy qidiruv tizimi sifatida ishlatishgan. Masalan, ular “Seroz rak xavfini oshiradimi?” kabi savollar berish bilan cheklangan.
Faqatgina bir nechta shifokor barcha tibbiy holatni chatbotga kiritib, kompleks javob olish imkoniyatidan foydalangan. Bu esa chatbotning haqiqiy imkoniyatlarini to‘liq ko‘rishga imkon bermagan.
Sun’iy intellektning imkoniyatlari va kelajak
Tadqiqotchilar sun’iy intellektni “shifokor yordamchisi” sifatida ko‘rishadi. Chatbotlar tashxis qo‘yishda ikkilamchi maslahat sifatida ishlatilishi mumkin. Biroq bu vositalardan samarali foydalanish uchun shifokorlar ularning imkoniyatlarini o‘rganishi va ularga ko‘proq ishonishi kerak.
Shu kecha va kunduzda
Toshkentda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotganlarga qarshi ommaviy reyd boshlandi
Xitoylik olimlar Yerning past orbitasidan inson yuzlarini aniqlay oladigan dunyodagi eng kuchli josus kamerasini yaratdilar.
Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi
Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga “Kulayotgan odam” romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi

O‘zbekiston Top 1000 universitetlar ro‘yxatida

Talabalar huquqlarini himoya qiladigan tashkilot kerak! Yoxud bir etik izidan
