Taraqqiyotning asosiy tayanchi

Jarayon Taraqqiyotning asosiy tayanchi
47

Muallimning obro‘-e’tibori bu, avvalo, millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir. Zero, o‘qituvchi “jamiyatning ma’naviy ustuni” va taraqqiyotning asosiy tayanchi hisoblanadi. Yurtda qadr topgan ustozlar hech qachon charchamaydi, yuksak e’tibordan ilhomlanib ishlayveradi.

Ammo bir paytlar o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘si va mavqei sezilarli darajada tushib ketdi. Shunday davrlar bo‘ldiki, yoshlarga ta’lim berayotgan o‘qituvchilardan zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi “omma” sifatida foydalanildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va chinakam xalqparvarligi tufayli endi u kunlar ortda qoldi. Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridayoq, ta’lim tizimini isloh etish jarayonida o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratdi.

2016 yildan boshlab ularga bo‘lgan e’tibor ham, munosabat ham tubdan o‘zgardi. So‘nggi sakkiz-to‘qqiz yilda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Birinchi navbatda, o‘qituvchilar majburiy mehnatdan — paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb etilishdan xolos qilindi. Ta’lim muassasalaridagi qog‘ozbozlikka butunlay barham berildi. O‘qituvchilar uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ularning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10-12 million so‘m maosh olyapti. Yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu yil sentyabr oyidan maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.

Ustoz va murabbiylarga imtiyozli iste’mol kreditlarining berilishi, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali o‘qituvchilar uchun ustamalar belgilanishi, pedagok xodimlarning yuksak mukofotlar bilan taqdirlanayotgani Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimiga, ayniqsa, fidoyi kasb egalariga bo‘lgan e’tibor butunlay o‘zgarganidan dalolat beradi.

Qisqa fursatda sohaga oid ko‘plab qonunlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy baza mustahkamlandi. Xususan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunlar jamiyatda muallimlarning qadr-qimmatini ko‘tardi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi belgilab qo‘yildi. Bu sa’y-harakatlar tufayli bugun maktab, ta’lim masalasi umumxalq harakatiga aylandi. Ta’lim sohasi vakillarining jamiyatdagi o‘rni va maqomi yuksaldi.

“Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatda o‘qituvchilarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir isboti bo‘ldi.

Men ham ko‘p yillar davomida ta’lim sohasida faoliyat yuritganman. Sohaning issiq sovug‘idan yaxshi xabardorman. Ochig‘i, bundan sakkiz-to‘qqiz yil avval sohaga yetarli darajada e’tibor berilmas edi. O‘qituvchilarga ham bu darajada e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmagan. Oylik maoshi kamligi tufayli ko‘plab tajribali ustozlar ishini tashlab, xorijga ketishga majbur bo‘lishgan.

Bugun ta’lim sohasida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarga havasim keladi. Ularning qadri va obro‘yi yanada yuksalmoqda. Muhimi, ular davlatimiz va Prezidentimiz e’tiborida. O‘qituvchilarning tinmasdan o‘z ustida ishlashi, har kuni zamonaviy bilimlarni egallashi, yoshlarga sifatli ta’lim berishi uchun barcha sharoitlar, imkoniyatlar bor.

Yaqinda Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ham ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qator tashabbuslar bildirildi. Bu yangiliklar o‘qituvchilar ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, ularni yanada ko‘proq izlanishga, o‘quv-tarbiya jarayonini yanada boyitishga undadi.

Xususan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplanishi, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma berilishi soha vakillarini faollikka chorlab, harakatga keltirgani rost.

Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytirilishi, fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinib, sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanishi o‘qituvchining o‘z ustida ko‘proq ishlashga, yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berishiga da’vat etadi.

Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi, dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi tom ma’noda, o‘qituvchining qadrini ham, qaddini ham ko‘tardi.

Ustozlar — millatning kelajagini belgilaydigan buyuk shaxs. Ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar nafaqat pedagoglar hayotini yaxshilaydi, balki butun jamiyatning ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi. Davlat va jamiyatning uzluksiz e’tibori natijasida ta’lim tizimida sifat o‘zgarishlari ro‘y berib, yosh avlod yuksak bilim va ma’naviyat sohibi bo‘lib ulg‘ayadi.

Aziza AMINOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.


Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish