Ustozga ehtirom – ulug‘ qadriyat

Xushxabar Ustozga ehtirom – ulug‘ qadriyat
35



Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Ma’naviyat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida nashr etilgan “Ustozga ehtirom” va “Fidoyi direktorlar” kitoblarining taqdimoti tashkil etildi.




Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ochib berdi. U nutqida mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, akademiklar Abbosxon To‘rayev, Xolboy Ibragimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Dilbar Gʻulomova kabi taniqli ziyolilar ham ishtirok etib, ta’lim sohasi rivoji yo‘lidagi o‘zgarishlar xususida iliq fikrlarini bildirishdi.




Har bir millatning ravnaqi, xalqning ma’naviy kamolotga erishishi, avvalo, ustoz va murabbiylar faoliyatining samarali mehgnga bog‘liq. Ularning mehri, bilim va tarbiyasi nafaqat alohida shaxs taqdiri, balki jamiyatning umumiy kelajagini belgilaydi. Bugungi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, zamonaviy infratuzilmalar yaratilishi, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar va ilg‘or tajribalarni joriy etish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim ustunlar sirasiga kiradi. Bu jarayonda ustozlarning o‘rni beqiyos bo‘lib, ularga yaratilayotgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtirom esa barcha sohalardagi yutuqlarimizning asosiy omili hisoblanadi.


Tadbirda “Ustoz” loyihasi doirasida tayyorlangan videointervyular, hayotiy hikoyalar va ilmiy-ta’limiy faoliyat haqidagi lavhalar ham namoyish etildi. “Ustozga ehtirom” deb nomlangan kitob-albomda 35 nafar taniqli shaxslar — davlat va jamoat arboblari, ilmiy, adabiy va madaniy soha vakillarining faoliyati, tajribalari aks etgan.


Ayni paytda ta’lim tizimida maktab direktorlarining roli alohida e’tirof etildi. Direktor faqat rahbar emas, balki yosh avlod taqdiri uchun mas’ul shaxs sifatida ko‘riladi. Bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish, kadrlar salohiyatini to‘g‘ri boshqarish, pedagogik jamoa ichida samarali muhit yaratish — aynan maktab rahbarining bilim, tajriba va fidoyiligini talab etadi. Shu bois “Fidoyi direktorlar” nomli kitobda ana shunday salohiyatli rahbarlar faoliyati yoritib berilgan.




Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – ustoz va murabbiylardir. Bu g‘oya ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga, ustozlarning nufuzini oshirishga qaratilgan barcha chora-tadbirlarning asosiy mezoni bo‘lib xizmat qilmoqda.


Ziyolilar ishtirokidagi ushbu ma’rifiy kechada ham ta’limga bo‘lgan munosabat, ustozlarga bo‘lgan ehtirom, yosh avlod kelajagiga bo‘lgan ishonch yana bir bor o‘z ifodasini topdi. Chunki inson qadrlangan jamiyatda albatta ilm, ma’rifat va ma’naviyat taraqqiy etadi.

Dilobar ASLIDDIN qizi

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish