Uyqu lazzati va uyqusizlik azobi

Etnopsixologik nuqtayi nazardan olganda, biz o‘zbeklar ancha uyquchi xalqmiz. Shunga qaramay, hozir zamon va makon miqyosida bo‘layotgan umumjahon o‘zgarishlarga biz ham mubtalomiz.
Bugungi kunda zamonamizning eng ko‘p tarqalgan kasalliklaridan biri – uyqusizlik. Dunyoning salkam 30 % erkaklari va 37 % ayollari uyqusizlik kasalligidan aziyat chekadi va bu raqam kundan kun ko‘payib boryapti.
Aytish joizki, zamondagi informativ muhit o‘zgargani sabab uyqusizlik tabiiy holat. Ammo bu raqamlarning ichida insonlarning o‘zlari sabab kelib chiqadigan uyqusizlik ham bor. Umuman olganda, uyqusizlikni keltirib chiqaradigan sabablar juda ko‘p. Bular – mentalitetimizga bog‘liq kechga ko‘p ovqat yeyish, asabiylashish, stress – ruhiy tang holatlar, kunlik rejim, tartibning buzilishi, ijtimoiy sabablar oqibatida kelib chiqayotgan tushkunlik va boshqa juda ko‘p omillar bo‘lishi mumkin. Qolaversa, tartibsiz ishlash, ish va dam olishning me’yori buzilishi ham asosiy sabablardan.
Aslini olganda, inson organizmi uchun uyqu eng zarur lazzatlardan, tabiiy talablardan biri. Uyqu normasi har xil bo‘lib, 6 soatdan kam, 10 soatdan ko‘p bo‘lmaydi va bu shaxsning ichki biologik soati bilan bog‘liq.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, tirik jonlardan biri bo‘lmish odamni 200 soatlik uyqusiz holati o‘limga olib keladi. Demak, uyqusizlik bilan hazillashib bo‘lmaydi. Ba’zilarning “men ikki kundan beri, uch kundan beri uxlaganim yo‘q” deyishiga ishonmang. Ular yo yolg‘on aytayapti yoki jismi fiziologik jiddiy kasallik bilan kurash olib bormoqda.
Ikki kun emas, hatto bir kunlik uyqusizlik kishini normal fiziologik holatdan chiqarib yuboradi. U bir kunlik uyqusizlik davrida o‘z normal kayfiyatini yo‘qotadi, jizzakiga aylanadi, keyin jizzakilik tushkunlikka olib keladi. Birinchi o‘rinda, bu insonning yuz mushaklari kam harakatlilik holatidan boshlab, harakatsiz holatiga o‘tadi. Ma’lumki, kishining yuz qismida 400 dan ortiq mushaklar bor. Bu mushaklarning harakatsizligi qon aylanish jarayonini buzadi, shaxsning qonida tarkibiy o‘zgarishlar yuzaga keladi, bunday holat o‘z o‘rnida uning yurak faoliyatiga jiddiy ta’sir qilib, kishini kutilmagan turli kasalliklarga chalintiradi. Uyquning bir necha fazalari bo‘ladi. Birinchi va ikkinchi fazada biz yengil uyquga kiramiz va hali ko‘zlarimiz yumuq bo‘lishiga qaramasdan ancha harakatda bo‘ladi. Bu holatda kishi hali uyqudan lazzatlanib dam olish holatiga kirmagan bo‘ladi. Inson asosan uyquning uchinchi va to‘rtinchi fazalarida chuqur uyquda bo‘lib, aynan mana shu chuqur uyquda organizm yaxshi, lazzatli dam oladi. Uyquning birinchi va ikkinchi fazasi holatini buzib turib ketgan kishi o‘zini uxladim, dam oldim, deya olmaydi. Bundan uzoq uxlamay yurgan kishi va uyquga yotgandan chuqur uyquga ketgan holatni ajratish
kerak. Uzoq uxlamagan, yotgandan uyquga ketgan kishi tezda uyquning birinchi va ikkinchi fazasini o‘tib uchinchi va to‘rtinchi faza uyquga ketgan bo‘lishi mumkin va bu holatda u uzoq uxlamasa ham yaxshi lazzatlanib turishi kuzatiladi.
Kun bo‘yi jismoniy va aqliy mehnatdan qattiq charchaymiz. Ayniqsa, jismoniy mehnatdan charchaganlar tez uyquga ketadi. Aqliy mehnat vakillari jismida esa uyqusizlik holati sezila boshlaydi, ya’ni aqliy mehnat vakillarining uxlash jarayoni ancha qiyinlashadi. Charchagan insonning kechga yaqin organizmi o‘zida melatonin moddasini ishlab chiqara boshlaydi. Ayni mana shu modda bizni uyquga yetaklaydi. Shu holatda o‘z vaqtida uyquga yotmaslik, birozdan keyin yotganda ham aksincha, negadir qiyin uyquga kirish uyqusizlikka sabab bo‘lishi mumkin. Uyqusirash va uyqusizlik payti inson miyasi faoliyati pasayadi. Aqliy mehnat kishilari xotiraning pasayishini sezdimi, demak, uyqu vaqti keldi, dam olishi kerak. Miya faoliyati susaydimi, demak shu davrning o‘zida yurak faoliyati ham buzilib, yurak urish me’yori pasayib, miyaning kislorod bilan ta’minlanishi uzviy bog‘liq ravishda jismga aksil ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Organizmda yurak urish pulsi kamayadi. Birinchi o‘rinda kuzatiladigan belgi, kishida diqqatni bir joyda ushlab turish qiyinlashadi, hali fanda unchalik ilmiy tasvirga ega bo‘lmagan esnash boshlanadi. Uyqusizlik esa nafas olishning tartibi buzilishidan boshlab yurak faoliyatini izdan chiqaradi, bilmagan holda ruhingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oyoq-qo‘llarning tomirlari to‘satdan tortilib, ba’zan go‘yo uyqudagidek oyoq-qo‘llarning silkinishi sezila boshlaydi. Bu esa ko‘pincha qand kasalligi va boshqa bir necha turdagi kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Shu bois, uyda, ishda va boshqa holatlarda “men erta-yu kech sizlarni deb ishlayapman”, kabi iboralar bilan maqtanmang. Bu holat yolg‘on gapirayotganingiz yoki kasalligingiz belgisi. Bu bilan o‘zingizni qiyin ahvolga olib kelasiz va oqibatda atrofingizdagilar sizdan kam zarar ko‘rmaydi. Uyqusiz kishilar birinchi navbatda o‘z holatlarini tushunishi, kasallik zo‘rayib ketishidan oldin zarur choralarni ko‘rishi zarur. Bilingki, agar kasallik kuchaygan bo‘lsa yanada zarurroq mutaxassislarga uchrashishga to‘g‘ri keladi. Sog‘-omon bo‘ling va o‘z vaqtida uyqudan lazzat oling!
Mahmud
YO‘LDOSHEV,
psixologiya
fanlari nomzodi
Shu kecha va kunduzda
“Milliy Challenge” — faqat milliy libos bilanmi?
Yoshlar, ilm-fan va kelajak sari
25-may – So‘nggi qo‘ng‘iroq
O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

SUMALAK ASLIDA “SE MALAK”MI?

Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi

2-kurs talabasi Yaponiyadagi Xalqaro notiqlik tanlovida g‘olib bo‘ldi
