Yoshlar, ilm-fan va kelajak sari

2025-yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi nafaqat siyosiy va iqtisodiy jihatdan, balki yoshlar, taʼlim, ilm-fan va kadrlar rivoji nuqtayi nazaridan ham tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tashrif, bugungi globallashgan dunyoda yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim almashinuvi orqali xalqaro maydonga chiqish va innovatsion taraqqiyot sari yangi yoʻllarni ochishda beqiyos qadam boʻldi.
Taʼlim almashinuvi — kelajak yetakchilarini tarbiyalaydigan asos
Bugun har qanday millatning taraqqiyoti ̶ taʼlim tizimi, ilm-fan sohasidagi salohiyati va yoshlarining bilim darajasi bilan belgilanadi. Prezidentimizning Vengriyaga tashrifi davomida eʼtibor qaratilgan asosiy yoʻnalishlardan biri ̶ bu ikki davlat oʻrtasida taʼlim sohasida barqaror va samarali hamkorlik oʻrnatish masalasi boʻldi.
Vengriya, Yevropadagi taʼlim darajasi yuqori boʻlgan davlatlardan biri sifatida tanilgan. Bu yerda faoliyat yuritayotgan Debretsen, Seged, va Budapesht universitetlari koʻplab xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Oʻzbekistonlik talabalar uchun ushbu universitetlarda tahsil olish imkoniyatlari yaratilayotgani ̶ yoshlarimiz uchun beqiyos imkoniyat. Ayniqsa, qoʻshma diplom dasturlari, stajirovkalar, professor-oʻqituvchilar almashinuvi kabi tashabbuslar ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlabgina qolmay, balki taʼlim tizimimizni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bugungi global tendensiyalar shuni koʻrsatmoqdaki, har bir yosh oʻz kasbining nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozordagi talablarga javob beradigan mutaxassisiga aylanishi lozim. Vengriyaga tashrif aynan mana shu strategik maqsad sari muhim qadamlardan biridir.
Ilm-fan va innovatsiyalar — yangi taraqqiyot yoʻli
Prezidentimiz tashrifi davomida ikki davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalar almashinuvini jadallashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bu, ayniqsa, Yoshlar akademiyasi, yosh olimlar va ilmga chanqoq yoshlar uchun katta imkoniyatlar ochadi.
Vengriyada biologiya, genetika, agrar texnologiyalar, farmatsevtika va muhandislik sohalarida kuchli ilmiy maktablar mavjud. Oʻzbekiston bilan hamkorlikda olib boriladigan qoʻshma ilmiy loyihalar, yosh tadqiqotchilarning grantlar asosida ilmiy ishlanmalari, shuningdek, startap ekotizimini qoʻllab-quvvatlash — bu bizning yosh avlodimizni zamonaviy innovatsion tafakkurga ega boʻlgan mutaxassislarga aylantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda biz, yoshlar, ilm-fan yoʻnalishida faqat ichki resurslar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Vengriya singari taraqqiy etgan davlatlar bilan hamkorlik qilish orqali xalqaro miqyosdagi masalalarda faol ishtirok etishimiz — davlatimiz kelajagiga qoʻshgan hissamiz boʻladi. Prezident tashrifi bu borada muhim eshiklarni ochdi.
Kadrlar almashinuvi va yangi kasb egalarini tayyorlash
Boshqa muhim jihatlardan biri — bu kadrlar almashinuvi va kasb-hunar taʼlimini zamonaviylashtirish boʻyicha hamkorlikdir. Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida imzolangan bitimlar asosida energetika, sogʻliqni saqlash, IT, sunʼiy intellekt, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda mutaxassis tayyorlash dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.
Vengriyaning ilgʻor tajribasi asosida Oʻzbekistonda kredit-modul tizimini takomillashtirish, dual taʼlim (ishlab chiqarish va oʻquv jarayonining integratsiyasi) tizimini kengaytirish, zamonaviy kasblarni yoshlar orasida ommalashtirish imkoniyati paydo boʻlmoqda. Bu — nafaqat yoshlar bandligiga, balki mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga xizmat qiladigan muhim mexanizmdir.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston mehnat bozorida raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirilgan tizimlar va ekologik toza ishlab chiqarish sohalarida yuqori malakali kadrlar yetishmayapti. Ushbu ehtiyojlarni qondirish uchun xorij tajribasi va xalqaro malakaga ega mutaxassislar bilan ishlash zaruratga aylangan. Prezidentimiz tashrifi ana shu ehtiyojni ham chuqur anglagan holda amalga oshirildi.
Madaniy-gumanitar aloqalar — xalq qalblarini yaqinlashtiruvchi koʻprik
Taʼkidlash kerakki, tashrif faqat iqtisodiy va ilmiy hamkorlik bilan cheklanmadi. U madaniy-gumanitar yoʻnalishda ham yangi ufqlarni ochdi. Yoshlar almashinuvi, madaniy festival va forumlar, sport va sanʼat sohalarida hamkorlik — xalqaro doʻstlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni dunyoga tanitish, eng muhimi esa, yoshlarda xalqaro dunyoqarashni shakllantirish uchun muhim omil hisoblanadi.
Yaqin yillarda oʻzbekistonlik va vengriyalik yoshlar ishtirokida qoʻshma madaniy loyihalar, kino va musiqa festivallari, adabiy kechalar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Bularning barchasi yoshlarning oʻzaro muloqotini kuchaytiradi, ularni global fuqarolikka yetaklaydi.
Yangi bosqichga dadil qadam
Bugungi kunda yoshlarimiz davlat siyosatining markazida turibdi. Prezidentimizning har bir tashabbusi, har bir tashrifi yosh avlod taqdiriga bevosita taʼsir qilmoqda. Vengriyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrif esa, yoshlarimiz uchun yangi eshiklarni ochgan, ilm-fan, taʼlim, texnologiyalar, madaniyat va bandlik borasida global imkoniyatlarni yaqinlashtirgan muqaddas tarixiy voqelik boʻldi.
Akbarxon SOBIRXONOV,
Yoshlar akademiyasi rahbari,
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati
Shu kecha va kunduzda
Yoshlar, ilm-fan va kelajak sari
25-may – So‘nggi qo‘ng‘iroq
O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
🚀“Kichik akademiya” – iqtidorlilar uyushmasi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank