VATAN HIMOYACHILARIGA...

Daxldorlik VATAN HIMOYACHILARIGA...
43

VATAN HIMOYACHILARIGA...

Kuch-quvvat, kasb-korini, 

Ayamasdan borini,

Saqlar g‘urur-orini,

O‘tkir so‘z, mard yigitlar!

Lochin ko‘z, alp yigitlar!


O‘ylab ona-zorini,

Ota uy, devorini,

Sog‘insa ham yorini,

Burchga jo‘mard yigitlar!

O‘t-olov qalb, yigitlar!


Dadil har dam, har oni,

Tomirda shohlar qoni,

El uchun fido joni,

Buyuk nasl yigitlar!

Zoti asl yigitlar!


Qoqmay kiprik-qoshini,

To‘kmaydi ko‘z yoshini,

Oldirmaydi oshini,

Doim sergak, yigitlar!

Tayanch-tirgak, yigitlar!


Vatan  ̶  tabarruk ona,

Onasiz uy vayrona,

Qo‘ymagay hech xayrona,

Ahdga sodiq, yigitlar!

Jon tasaddiq, yigitlar!


Tilda shukur, siz borsiz,

Dilda surur, siz borsiz,

Qalbda g‘urur, siz borsiz,

Ko‘ksi osmon, YIGITLAR!

Yurtga posbon, YIGITLAR!


YURT POSBONLARIGA... 

Vatanning sarhadlarin qo‘riqlovchi posbonim, 

Jasoratda tengi yo‘q ko‘ksi quyosh-osmonim, 

Manguberdi avlodi, qalbi oq, pok iymonim, 

Yurtimning posbonlari, ayyomingiz muborak! 


Sizlar borsiz doimo, osuda har bir onim, 

Yer-u osmonimiz tinch, ortib borar imkonim, 

Har qanday yov cho‘t emas, sizdir zirhli qalqonim, 

Yurtimning posbonlari, ayyomingiz muborak! 


Tarix zarvaraqlarin varaqlang, razm soling, 

Sohibqiron Temurdan doimo ibrat oling, 

Uning o‘gitlariga bir umr sodiq qoling, 

Yurtimning posbonlari, ayyomingiz muborak! 


Bosgan har qadamimiz tabarruk, jannatmakon, 

Yer osti ham yer usti tuganmas boylikka kon,

Boshqarar shunday yurtni elsevar buyuk inson, 

Yurtimning posbonlari, ayyomingiz muborak! 


YURTGA POSBON QIZLAR... 

O‘t chaqnaydi qadamingizdan, 

Yigitlar ham qiladi havas. 

O‘rnak olar adabingizdan

Siz olovqalb, siz otashnafas. 


Ko‘ksi osmon, qizlar, 

yurtga posbon, qizlar!


Egningizga ichki ishlarning, 

Yarashadi go‘zal libosi. 

Dilga joylar har yumushlarning, 

Vazifasin ona duosi. 


Ko‘ksi osmon qizlar, 

Yurtga posbon qizlar!


Siz jahongir Temurning qizi, 

Jasoratli, mardsiz, bir so‘zli.

Siz To‘maris jasurlik izi, 

Ham harbiysiz, siz lochin ko‘zli. 


Ko‘ksi osmon qizlar, 

Yurtga posbon qizlar!


Siz tergovchi hamda advokat, 

Qalbingizda ufurar g‘urur. 

Sizlar borsiz, mustahkam sarhad, 

Chegarada turasiz mag‘rur. 


Ko‘ksi osmon qizlar, 

Yurtga posbon qizlar!


Siz buyuk el tomirlarining, 

Shijoatli pokiza qoni! 

Siz Vatanning, tog‘-qirlarining

Saqlayotgan jasur qalqoni! 


Ko‘ksi osmon qizlar, 

Yurtga posbon qizlar!


Abdurashid ERGASHEV,

Asaka tumanidagi 26-maktab o‘qituvchisi


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish