Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab

Hokimi – kitobxon, Мaktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri – shoir bo‘lgan G‘ijduvon tumaniga borish asnosida ko‘plab yutuqlari bilan respublikada tanilib qolgan kimyo-biologiya faniga ixtisoslashgan 60-IDUM faoliyatini o‘rgandik. Bizni maktab direktori, Xalq ta’limi a’lochisi Aziza Jalolova xush kayfiyat bilan kutib oldi.
1000 dollarga yaqin oylik olayotgan o‘qituvchilar
– 40 nafar o‘qituvchimiz turli darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi. Pedagoglarimizning 85 foizi toifaga ega. Qolganlari esa yoshi ulug‘, nafaqaga yaqinlashib qolgan ustozlar yoki endigina jamoamizga kelib qo‘shilgan yosh pedagoglar, – deydi Aziza Jalolova. – Izlanishlarimiz besamar ketmadi. Prezidentimiz sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” ko‘rik-tanlovida ikki yildan buyon sovrinli o‘rin olgan bo‘lsak, bu yil birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 100 million so‘mlik yutuqni qo‘lga kiritdik.
Direktorning aytishicha, maktabdagi ustozlarning yarmidan ko‘pi o‘n million so‘mga yaqin oylik olishadi. Buncha maosh o‘qituvchiga shunchaki berilmaydi, bu uchun shunga yarasha natijadorlik bo‘lishi kerak. Opaning aytishicha, barchasi sog‘lom raqobatga bog‘liq. Kadrlar salohiyati ham yuqori natijalarga asos bo‘lyapti. Pedagoglar o‘z ustida ishlashi va iqtidorli o‘quvchilar bilan darsdan keyin ham shug‘ullanishi uchun yetarli sharoit yaratilgan. Tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning ustozlarini rag‘batlantirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunga homiylarni jalb qilish orqali erishilgan. Aziza Jalolovaning aytishicha, hech qachon yuqori natijaga erishgan pedagog yoki o‘quvchiga birgina faxriy yorliq berish bilan kifoyalanishmagan, ular, albatta, esdalik va qimmatbaho sovg‘alar berish orqali rag‘batlantirilgan.
Adolatli boshqaruv tizimi bois hozirga qadar yuqori tashkilotlarga maktab rahbariyati ustidan salbiy murojaat tushmagan. Jamoada ona tili kafedra mudiri Nargiza Ibodova, kimyo fani o‘qituvchisi Lobar Islomova (vazir ustamasini olgan), ingliz tili fani o‘qituvchisi Komil Jumayev singari o‘nlab pedagoglar turli sertifikat va ko‘plab yutuqlarga ega. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mukarram Hazratqulovaning ishlari o‘tgan yili respublika bo‘yicha ommalashtirildi. Bu ustozlarning nafaqat o‘zining, shuningdek, o‘quvchilarining yutuqlari ham maktab faxri.
Rus tili fani o‘qituvchisi, kafedra mudiri Maqsuda Najmiddinova 10 million so‘mdan ziyod oylik olayapti. Yashin Rajabov, Lobar Islomova, Dilnavoz Ibodovalar ham shuncha maosh olishyapti. Ularning shogirdlari xalqaro yutuqlarga erishgan, oliy ta’lim muassasalariga kirishda yuz foizlik natija ko‘rsatgan, ya’ni birinchi o‘rin bilan grantga kirishgan.
Direktor stipendiyasi 1126 nafar o‘quvchi ta’lim olayotgan o‘quv muassasasida ajoyib an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Direktor tashabbusi bilan o‘quv yilida ikki marta sinflar kesimida “Direktor stipendiyasi” joriy etilgan. Birinchi sinfdan o‘n birinchi sinfgacha bo‘lganlar orasidan har yili yigirma ikki nafar eng a’lochi o‘quvchi taqdirlanadi. Bu o‘ziga xos ruhlantirish.
60-IDUMdagi Behruz Rahmatullayev, Shabnam Ibrohimova, Murodjon Ilhomov kabi o‘nlab o‘quvchilarni respublikada ham bilishadi. Ular o‘z yo‘nalishlaridagi tanlovlarda viloyat, shuningdek, respublika sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda.
– O‘zim rahbarlik qilayotgan sinfdagi shogirdlarimning besh nafari maktab partasidayoq talaba bo‘lishdi, – deydi 11-“B” sinf rahbari, oliy toifali o‘qituvchi Nazokat Sharopova. – Nasib bo‘lsa, o‘quvchilarimning hammasi oliy ta’limga kirishadi. Maktabimiz bo‘yicha o‘tgan o‘quv yilida bitiruvchilarimizning atigi to‘rt nafarigina davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishmagan. Ular xususiy universitetlarda o‘qiyotgan bo‘lishi ham mumkin.
Kasb-hunarga qiziquvchi o‘quvchilarni tikuvchilik, sartaroshlik, kompyuter operatori va pishiriq pishirishga yo‘naltirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Obid QO‘LDOSH,
O‘zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a’zosi
Shu kecha va kunduzda
Toshkentda chiqindi tashlash qoidalarini buzganlarga qarshi reyd boshlandi
13-mart kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti
Mukofot pullarini to‘lab bermagan buxgalterga qanday chora ko‘rish mumkin?
Pensiya tayinlashda chet elda ishlagan davrini ish stajiga olish tartibi qanday?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

Talabalar huquqlarini himoya qiladigan tashkilot kerak! Yoxud bir etik izidan

Toshkentda chiqindi tashlash qoidalarini buzganlarga qarshi reyd boshlandi

13-mart kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti
