“Yakshi emas, yaxshi” Nega bolalarda nutq kechikishi kuzatilmoqda?

Dolzarb mavzu “Yakshi emas, yaxshi” Nega bolalarda nutq kechikishi kuzatilmoqda?
62



“Ikki farzandimda ham nutq kechikishi holati kuzatildi. To‘ng‘ichim 4 yoshdan gapira boshladi. Unga nutq rivojlanishining kechikishi – ZRR tashxisi qo‘yildi. Nevropatolog ko‘rsatmasi asosida davoladik. Neyropsixolog va logoped bilan ishladik. Olti oyda juda zo‘r natijaga erishdik, ming shukur. Kichkinam 2 yosh-u 8 oylik. Yoshga nisbatan yengil ortda qolish, nutq kechikishi kuzatildi(ZPRR – psixo-nutq rivojlanishining kechikishi). Nutqida hali so‘zlar yo‘q. Bu farzandimni ham neyropsixolog bilan davolayapmiz. Keyinroq defektolog va logoped mashg‘ulotlarini qo‘shmoqchimiz. Sabr qilib natija kutyapmiz”.

(Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idan olindi).


Bu muammoga hozirgi kunda ko‘p ota-onalar duch kelishmoqda. Xo‘sh, nega bolalarning tili vaqtida chiqmayapti? Bunga sabab nima? Oldin ham shunday holatlar kuzatilganmi yoki raqamli zamonga kelib bu muammo darajasiga ko‘tarildimi?


 – Nutq inson hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ba’zi oilalarda nasliy sabablarga ko‘ra bola tili kechroq chiqadi. Buning biologik va genetik sabablari bor, – deydi O‘zJOKU dotsenti, filologiya fanlari doktori, tilshunos Farruxbek Olim. – Ayrim bolalar dastlab yurishni boshlaydi, so‘ng gapiradi. Ayrimlarining esa, aksincha, dastlab tili chiqadi, keyin yurib ketadi. Bu organizm holatiga bog‘liq. Albatta, bolaning tili chiqishida onaning nutqi muhim. Onaning intellekti tabiiy ravishda bolada aks etadi. E’tibor bersangiz, ko‘p kishilik oilada bola tez gapirib ketadi. Aslida til biologik jihatdan DNK orqali o‘tmaydi, uning rivojlanishi uchun jamiyat kerak. Tashqi ko‘rinishimiz, bo‘y-bastimiz, hatto xarakterimiz ota-onadan genetik o‘tadi. Biroq o‘zbek oilasida tug‘ilgan bola rus tilida muloqot qiluvchi oilada o‘ssa, tabiiyki o‘sha tilda fikrlaydi. Til tafakkur bilan kodlashib qoladi, bu qiziq holat. Tafakkuri o‘tkir insonning nutqi ham yaxshi bo‘ladi.



Nutqiy muhit faol bo‘lgan oilalarda ham nutq kechikishi mumkin. Bu bolaning biologik nuqtayi nazardan qanday rivojlanishi, sog‘ligi, o‘zlashtirishi, individual xususiyatlariga bog‘liq. Ota-onasi sergap bo‘lsa ham, bola kamgap bo‘lishi mumkin. Bolalar asosan jarangli tovushlarni aytishga qiynaladi. Masalan, -r, -z, -s tovushlarini to‘g‘ri talaffuz qilolmaslik, yaxshi emas yakshi deyish holatlariga befarq bo‘lmaslik lozim. Buning biologik asoslari bor. Oldin odamlar suyak chaynab yegan, tish, til faol holatda, og‘izlari kattaroq bo‘lgan. Hozirgi bolalar yumshoq non, yumshoq ovqat yeydi. Bu ham nutqqa ta’sir qiladi. Ikkinchidan, ota-ona farzandiga me’yoridan ortiq erkalab, chuchuklanib gapirmasligi kerak. Ma’lum yoshdan keyin katta odamdek gaplashgan ma’qul. Aks holda bola maktabga chiqqanida kulgili holatlar bo‘lishi mumkin.


 

 – Yaponiyalik olim Masaru Ibuka “Uchdan keyin kech” kitobida shunday deydi: “Bolaga nafaqat ona, ota ham kerak. Ota va farzand o‘rtasidagi muloqotda hech qanday cheklovlar bo‘lmasligi darkor”. Bu jihat bola nutqi shakllanishida ahamiyatlimi?


 – Ha, albatta. Nutqdagi yana bir muhim jihat, ota-onaning bola bilan muloqoti. Bolada nutq taqlidan shakllanadi. Ota-onaning talaffuzi tiniq, tilga e’tibori yuqori bo‘lsa, bolada ham differensiatsiya(farqlash) holati yaxshiroq shakllanadi. Bola odatda 3–5 yoshlarda ota-onasiga ko‘p savol beradi. Shunday payti “Jim bo‘l, ko‘p gapirma, kattalarning ishiga aralashma” deyish xato.



She’r yodlatish, ko‘p ertak aytib berish ham bola nutqi, fantaziyasi, dunyoqarashi, ijodkorligi shakllanishiga, faktlarni saralash, voqealar ketma-ketligiga e’tiborli bo‘lishiga ta’sir qiladi. Kishilik jamiyatida bola 3 yoshgacha o‘smasa, rivojlanmasa, keyinchalik qiynaladi. Masalan, olimlar hayvonlar orasida o‘sgan 12-13 yoshli bolalarga til o‘rgatishga harakat qilishgan. Ammo ular bor-yo‘g‘i 10–15 ta, nari borsa 50 tagacha so‘zni o‘rgana olgan, undan ko‘pini emas. Kerakli ma’lumot vaqtida olinmadimi, keyin kech bo‘ladi. Shunday qarash bor, insonning aqli o‘sib qolmaydi, balki tajribasi ortadi. Yana bir qiziq holat, chaqaloqlar qaysi tilda gaplashishidan qat’i nazar, butun dunyoda hammasi bir xil yig‘larkan. Yaqinda olimlar chaqaloq yig‘isini ham tilga o‘girishdi. Chaqaloq yig‘laganda – qorni ochqaganda, chanqaganda, sovqotganda qanday tovush chiqarishini o‘rganishdi.


 – Adem Gunesh “Bola nimani nega qiladi” kitobida yozishicha, bolada 2 yoshgacha til o‘rganish jarayoni jadal kechadi. Ota-ona ikki tilda gaplasha olsa, bu yaxshi. Muhimi, bola 6 oyga to‘lguncha onasining faqat bir tilda gapirishini eshitishi kerak. Sababi, bu davrda ongostida fonetik poydevor paydo bo‘ladi. 7 oydan keyingina bola bilan ikkinchi tilda muloqotni boshlash va ilk 6 oygacha foydalanilgan tilni aralashtirib gapirmaslik kerak, deyiladi. Bu haqda sizning qarashlaringiz qanday?


 – Ikki tilli muhitda katta bo‘layotgan bolalar nutqi shakllanishining ijobiy va salbiy jihatlari bor. Ijobiy taraflari: bolada yoshligidan farqlash xususiyati paydo bo‘ladi. Ikki sheva muhiti, ikki tilda muloqot qilish bola nutqi rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Ikkinchi tomondan, ikki tilda gapirayotgan payti bir u tilga, bir bu tilga o‘tish, ya’ni aralashtirib gapirish holati kuzatiladi. Bunday paytda ota-ona e’tiborli bo‘lishi kerak. Avvalambor, bir tilda poydevor hosil qilib, keyin boshqa tillarni qo‘shish maqsadga muvofiq. Shu o‘rinda o‘zbek oilasida katta bo‘layotgan bolani ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabga berishlariga qarshiman. Sababi, o‘zbek tilida poydevor shakllangan bola rus guruhiga tushib qolsa, miyada stress bo‘ladi, natijada atrofdagi tengdoshlaridan orqada qoladi.


Xorijiy tillarni o‘rganishga qarshimasman. O‘zim ham poliglotman, 7 ta tilni bilaman. Ammo “bolam xorijiy tilni o‘rgansin” deb 11 yil barcha fandan ta’limni o‘sha tilda olishi noto‘g‘ri. Hozir til o‘rganish ancha oson. Kurslar ko‘p, kompyuter, elektron lug‘atlardan foydalanish mumkin.


O‘zbek tilining grammatikasi ham bola nutqiga qiyinlik qiladi, deb o‘ylamayman. Balki, tilimizning agglutinativligi(qo‘shimchalar qo‘shish orqali ma’no o‘zgarishi) bu yaxshi. Hattoki, hind-yevropa tillarida so‘zlashuvchi mutaxassislar tilimizning aynan shu xususiyatini maqtashgan. Bu nutq kechikishiga hech qanday sabab bo‘lmaydi.


Yana shuni ta’kidlash kerakki, raqamli qurilmalar bola nutqiga ta’sir qiladi. Eng katta xavf – gajetlar, audiovizual materiallarni haddan tashqari ko‘p tomosha qilish. Buning natijasida bolalar faqat iste’molchi bo‘lib qolyapti. Bu iste’molchilik ertaga yaratuvchilikka to‘siq bo‘ladi. Hozir bolalar maydonchalarga chiqib jamoada birga o‘ynash, jismoniy harakat qilish o‘rniga birga telefon o‘ynashyapti. Koptok tepish, yerga rasm chizish, jismoniy harakat deyarli yo‘q.


Afsuski, Internet platformalarida o‘zbek tilidagi ma’lumotlar, bolalarga bag‘ishlangan multfilmlar, ko‘rsatuv va kontentlar ehtiyojimizga nisbatan kam. “Bolajon”, “Aqlvoy” telekanallari yetarli emas. Shuning uchun ular boshqa tildagi kontentlarni tomosha qilishga majbur bo‘lyapti. Bu bolaning dunyoqarashi boshqa til ta’sirida shakllanishiga olib kelmoqda.


 – Feysbuk orqali yosh onalar guruhiga “Farzandingiz necha yoshdan gapira boshlagan? Nutq kechikishi kuzatilmaganmi?” deb murojaat qilganimda, ko‘pchilik onalar farzandida nutq kechikishi bilan birga hatto gapirmaslik muammosi borligini aytishdi. “Qaysi yoshda nutq kechikishi haqida jiddiy tashvishlanish kerak?” degan savolimizga logoped Nigora G‘ulomova quyidagicha javob berdi:

 – Chaqaloqlar odatda bir yoshga to‘lgandan keyin sodda so‘zlarni ishlata boshlaydi va yangi so‘zlarni o‘rganish jarayoni 18 oydan boshlab tezlashadi. Bu davrda chaqaloqlarning so‘z boyligi rivojlanishi ham kuzatiladi. 2 yoshga to‘lgunga qadar bolalar taqlidni so‘zlar bilan birga ishlatsa, 2 yoshdan so‘ng taqlidni kamroq ishlatib, sodda gaplar orqali o‘z fikrlarini bildira boshlaydi. Bu yoshda bolalarga so‘zga almashgan so‘zlarni aytishga ruxsat beramiz. Masalan, mashinani bi-bip, mushukni miyov deyish. Muhimi, bolada kommunikatsiya shakllangan bo‘lishi kerak. Bolalar 4-5 yoshga kirganida kattalarga o‘z xohish va ehtiyojlarini uzoq va murakkab jumlalar bilan hech qanday qiyinchiliksiz ifoda eta oladi, atrofdagi voqea va hodisalarni oson tushunadi. Ammo erta yoshda, masalan, 1.5-2 yoshda o‘yinchoqlarga, birgalikda o‘yin o‘ynashga qiziqishi bo‘lmasa, ismiga, ko‘zga qaramasa, buyruqlarni bajarmasa, bu bolada aniq nutq kechikishi bo‘ladi. Agar farzandingiz 2 yoshda so‘zlarni aytmasa, 3 yoshda frazali nutq shakllanmagan bo‘lsa, albatta zudlik bilan mutaxassisga murojaat qilish kerak.


Bevosita eshitish muammolari(karlik yoki zaif eshitish) nutq shakllanishini keskin cheklaydi, chunki bola tovushlarni noto‘g‘ri yoki umuman eshitmaydi. Bu so‘z boyligining kamligi, idrokdagi muammolar tufayli noto‘g‘ri talaffuz bo‘lishi, grammatik xatolar va tushunishdagi qiyinchiliklarga olib keladi. Eshitishdagi muammolar nutq kechikishi yoki rivojlanmasligi, muloqot va ijtimoiy moslashuvda jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltiradi.


Oxirgi yillarda bolalar TV va gajetlar bilan ko‘p vaqt o‘tkazayotganligi sababli nutq kechikishlari ko‘p uchrayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Bundan tashqari, bolalarda sensor integratsiya muammolari nutq tushunishdagi muammolarni keltirib chiqaradi. Ekranda ko‘p vaqt o‘tkazgan bolalarda eng ko‘p uchraydigan muammolardan yana biri diqqat yetishmovchiligidir. Ekranda kadrlarning tez-tez almashinishiga o‘rgangan bola real hayotdan kerakli emotsiya ololmaydi. Bu esa ijtimoiylashuvdagi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.


Ilk yoshlarda shunchaki birgalikdagi o‘yinlar juda muhim. Birga o‘ynash va doim bolaning so‘z boyligini oshirish uchun har bir predmetni o‘z nomi bilan aytib ketish va sodda so‘zlarni yodlatishga harakat qilish kerak. 3 yoshdan keyin esa o‘zimizning nutqimizni nazorat qilishimiz muhim. Bolalarga fe’l, sifat va qo‘shimchalarni to‘g‘ri qo‘llashni o‘rgatishimiz lozim. Bundan tashqari, nafas, artikulyatsiya mashqlari, mayda va yirik motorikani rivojlantiruvchi o‘yinlarni birgalikda o‘ynash tavsiya etiladi.


 

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar asosan 4 yoshdan keyin logoped mashg‘ulotlariga olinadi. Hozir kichik yoshdagi bolalar uchun ham nutq rivojlantiruvchi mutaxassisga ehtiyoj oshib borayapti. Ota-onalardan ko‘proq vaqt ajratishlarini, rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar olib berishi va birga o‘ynashlarini, bolalar TV va telefonlardan iloji boricha kamroq foydalanishini ta’minlashlarini, ko‘rgandayam o‘zbek tilida multfilmlar qo‘yib berishlarini iltimos qilaman.


O‘z nutqingizni nazorat qiling, so‘zlarni buzib aytyapsizmi, bolalar ham sizga taqlid qilib xuddi sizday aytadi. Va yana eng muhimi, uyingizda farzand katta bo‘lyaptimi, tarbiyani o‘zingizdan boshlang. Bolalar ko‘rganini qiladi, aytganingiznimas.


3 yoshli qizim nutqiga yaqinda e’tibor beribman: “Oyi, buvimning uyiga olib borasiz…iii? Menga chupa-chups olib berasiz…iii? Bugun bog‘chaga boraman…iii?” Qizim -mi qo‘shimchasi o‘rniga i tovushini qo‘yayotganini endi payqabman. Bu xatoni to‘g‘irlashga bugundan kirishdim. Siz-chi, farzandingizni tinglayapsizmi? Uning nutqiga qay darajada e’tibor beryapsiz?


“Ma’rifat” muxbiri

Dilafro‘z ABDURAJABOVA suhbatlashdi.


Maqola muallifi

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

Dilafro‘z ABDURAJABOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish