“Attestatsiyadan 100 ball oldim”

Taklif “Attestatsiyadan 100 ball oldim”
66


  ̶  20 yoshdan keyin ko‘zlarim ko‘rmay qoldi. Sinovli kunlarni boshdan kechirdim. Lekin yengilmadim  ̶  deydi Bog‘ot tumanidagi 2-maktabning tarix fani o‘qituvchisi Boburbek Tillayev.  ̶ Bilasizmi, insonning eng katta sayohati  ̶  o‘ziga qaytishga qilingan sayohat. Kimligingiz, kuchingiz, iste’dodingizni namoyon etish hayotning eng katta ma’nosi bo‘lsa kerak.

9 yildan buyon maktabda tarix fanidan dars beraman. Bu yil malaka test sinovlaridan maksimal 100 ball, milliy sertifikat imtihonidan esa eng yuqori natijani qo‘lga kiritdim.  


Ma’lumot o‘rnida, shu yilning bahorgi attestatsiya imtihonlariga 190 mingga yaqin pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 640 nafari(95 foizi) jarayonlarda qatnashgan va 73 mingdan ortig‘i(41 foizi) ijobiy natija ko‘rsatgan(shundan 5095 nafari 86 va undan yuqori ball to‘plagan). Jumladan, 10 504 nafar pedagog oliy, 23 208 nafar pedagog birinchi, 27 805 nafari esa ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plagan. Shuningdek, 6603 nafar pedagog mutaxassis o‘z lavozimini saqlab qolgan. Lekin attestatsiya natijalaridan ko‘ngli to‘lmagan ustozlar ham bo‘ldi. Jumladan, may oyidagi attestatsiya imtihonlaridan so‘ng to‘rt nafar tarix fani o‘qituvchisi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi. Ular malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilishgan. 30-31-oktabr kunlari esa ingliz tili o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan attestatsiya test sinovlarida qatnashgan pedagoglarning katta qismi natijalaridan norozi bo‘lib ommaviy axborot vositalari orqali juda ko‘p chiqishlar qilishdi. Ona tili adabiyot o‘qituvchilarida ham xuddi shunday noroziliklar avj oldi. Ish bor joyda kamchilik bo‘lishi tabiiy, lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor. 


  ̶   Bizda juda ko‘p noto‘g‘ri tushunchalar bor. O‘z ustimizda ishlash, rivojlanish uchun qilinadigan harakat ba’zan atigi 1 foiz bilan kifoyalanadi. Va 99 foiz vaqt va energiyamizni foydasiz ishlarga sarflab yuboramiz. Pedagogika esa oson kasb emas   ̶  tinimsiz mehnat, izlanish va umr bo‘yi o‘qishni talab etadi,  ̶  deydi attestatsiya imtihonlaridan 100 ballni qo‘lga kiritgan Boburbek Tillayev. 


 ̶  O‘zimiz ustoz bo‘lsak, ammo malakamizni sinovdan o‘tkazadigan imtihonlar uchun yana qandaydir tayyorlov kurslariga qatnab, ham vaqt, ham mablag‘ sarflaymiz. 20 yoshimdan keyin Brayl alifbosini o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Olti oy davomida qisman o‘rgandim, lekin ko‘nglim to‘lmadi. Shundan keyin ilm olishning boshqa usullarini izlay boshladim. Ko‘zim ojizligi imkoniyatlarimni cheklamadi. Aksincha, kompyuter texnologiyalarini puxta o‘rgandim. Ovozli dasturlar, maxsus texnikalar, ekran o‘qiydigan ilovalar dunyoni boshqa ko‘z bilan ko‘rishimga yordam berdi. Inson hayoti davomida nimalar sodir bo‘lishini bila olmas, qachon va qayerda qanday ilm olinsa ham har qachon asqatarkan. 

Bugun texnologiya yordamida o‘qiyapman, ishlayapman va ijod qilyapman. Insonning niyati va mehnati uni baland marralar sari yetaklaydi. Yaqinda o‘tkazilgan attestatsiya sinovlarida ishtirok etib, 35 daqiqada 50 ta testni yechdim va 100 ballni, shu yil may oyidagi milliy sertifikat imtihonlaridan ham eng yuqori natijani qo‘lga kiritdim. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, meni may oyigacha milliy sertifikat imtihonlariga kiritishmagan. Bilimlar va malakalarni baholash agentligi bilan uzoq davom etgan sud jarayonlarida ishtirok etdim va ishda yutib chiqdim. Xayriyatki, bu yil milliy sertifikat imtihonida qatnashib, eng yuqori natijani qo‘lga kiritib, yuzim yorug‘ bo‘ldi.


Ko‘zi ojiz insonlar uchun brayl alifbosidagi kitoblarni ko‘paytirish bilan birga kompyuter texnologiyalarini chuqurlashtirib, maxsus dasturlar bilan ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatish, ko‘zi ojizlar uchun informatikadan kuchli mutaxassislarni tayyorlash kerak. Ko‘pchilik mutaxassislar ko‘zi ojiz insonlar uchun maxsus dasturlardan foydalanishni maslahat berishadi. Avvalo, ekran diktorlarini yaxshi ishlatish uchun ham bir qancha dasturlarni puxta bilish qo‘l keladi. 



  ̶  Matnni ovozga aylantirib beradigan sun’iy intellekt(SI) vositalari, jumladan, Seeing AI, Be My Eyes, VoiceOver(iOS) va TalkBack(Android) kabi ilovalar ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi foydalanuvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratadi,   ̶  deydi Media ta’lim markazi direktori, media trener Beruniy Alimov.  ̶  Ushbu vositalar matnni o‘qib berish, obyektlarni tanish, muhitni tavsiflash, ranglarni aniqlash kabi funksiyalarga ega bo‘lib, ular inklyuziv ta’lim jarayonida allaqachon keng qo‘llanib kelinadi.

Shuningdek, zamonaviy ta’limda Google Lookout, Microsoft Immersive Reader, NaturalReader, Speechify kabi boshqa SI asosidagi matn-ovoz konvertorlar ham o‘rganuvchilarning mustaqil o‘qish va axborotni tez qabul qilish jarayonini yengillashtiradi. Bu texnologiyalar nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun, balki ko‘p vazifani birgalikda bajaruvchi yoki eshitish orqali tezroq o‘rganadigan o‘quvchilar uchun ham katta qulaylik yaratadi. 

O‘zbekiston sharoitida esa UstozAI platformasi tavsiya etish mumkin bo‘lgan qulay mahalliy resurslardan biridir. Unda 40 ga yaqin kasb va yo‘nalishlar bo‘yicha podkastlar taqdim etilgan bo‘lib, foydalanuvchilar bilimlarni nafaqat video, balki audio ko‘rinishida ham tinglab o‘rganishlari mumkin. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulaylik yaratish va ta’limni yanada ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, SI asosidagi audiota’lim vositalari inklyuziv, moslashuvchan va samarali ta’lim tizimini yaratishda muhim o‘rin tutadi.


  O‘zbekistonda 100 nafardan 10 nafargina ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchilar maxsus dasturlar, kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalana oladi, xolos. Nafaqat zaif ko‘ruvchilar, balki barcha o‘quv dasturlariga informatika fani chuqurlashtirib o‘tilishi zarur. Quyida mustaqil o‘rganish uchun bir nechta maxsus dasturlarni havola qilamiz.

JAWS   ̶  Windows operatsion tizimida ekran matnini ovozli(text-to-speech) tarzda o‘qib yoki Braille displeyga chiqarib beradi. Bu bilan ko‘zi ojiz o‘qituvchi kompyuter va pedagogik materiallardan mustaqil foydalana oladi.

NVDA(NonVisual Desktop Access)   ̶  ekranni ovoz orqali o‘qiydigan, bepul va ochiq manbali dastur. JAWS ga alternativ sifatida ko‘plab ko‘zi ojiz foydalanuvchilar tomonidan ishlatiladi.

ZoomText(Magnifier/Reader)  ̶  agar ko‘rish qobiliyati to‘liq yo‘q bo‘lmasa, bu dastur ekran elementlarini kattalashtirishi, kontrastni oshirishi va zarur hollarda matnni ovoz orqali o‘qib berishi zaif ko‘ruvchilar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Seeing AI(mobil ilova)   ̶  smartfon kamerasi orqali atrofdagi narsalarni aniqlaydi, rasmlarni tavsiflaydi, matnlarni ovozga o‘giradi. Kundalik hayotda ham, ta’lim jarayonida ham yordam beradi.

Onlayn o‘quv/trening platformalari   ̶   masalan, TrainingWare, bu kabi platformalar yordamida ko‘zi ojizlar   ̶   o‘qituvchilar/ta’lim oluvchilar   ̶   kompyuter va ofis dasturlarini (Word, Excel, Internet brauzerlar, elektron pochta va boshqalar), ekran diktorlari bilan ishlashni o‘rganishlari mumkin.

Avvalo, ekran diktorlari yaxshi qo‘llay olish uchun  ̶ JAWS yoki NVDA dasturlarini mukammal o‘rganishi tavsiya etiladi. Bu dasturlar yordamida kompyuterda istalgan material bilan mustaqil ishlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, audiokitoblar, matnni ovozga aylantiruvchi dasturlar va brayl alifbosiga asoslangan materiallardan faol foydalanish o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun qulay muhit yaratadi.


Agar ta’lim muassasasida sharoit bo‘lsa, o‘quv materiallarini inklyuziv shakllar  ̶  elektron, audio ko‘rinishga keltirish bo‘yicha takliflar berish ham juda muhim. Bu nafaqat individual ehtiyojlarni qondiradi, balki ta’limda tenglik tamoyillarini ham mustahkamlaydi.

Eng muhimi, zamonaviy AT vositalari va texnologiyalarni o‘rganishdan to‘xtamaslik kerak. Chunki bugungi ta’lim jarayoni “faqat taxta va doska” bilan cheklanmaydi  ̶ keng raqamli imkoniyatlarni talab qiladi. Texnologiyalarni o‘zlashtirgan pedagog esa o‘z kasbida yanada mustaqil, samarali va ijodkor bo‘lib shakllanadi.

 Fayoza AVLAYEVA, 

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish