Autsorsingga o‘tish istiqbollari
583.webp)
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 600 millionga yaqin inson jabrlanadi. 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish oqibatida vafot etadi. Achinarlisi, ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha bo‘lgan bog‘cha yoshidagi bolalardir.
Bolalarning oziq-ovqat xavfsizligi ovqatlanish ratsioni uni to‘g‘ri tashkil qilish ko‘rsatkichi bilan aniqlanadi. UNICEF bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yosh bolalar yetarli va ratsion bilan ovqatlanmaydigan mamlakatlar 63 ta bo‘lib, ularning qatorida O‘zbekiston ham bor.
Bolalar orasida to‘g‘ri ovqatlanish tizimini yo‘ga qo‘yish maqsadida 2025-yil 6-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining soni, ro‘yxati va boshqa tegishli ma’lumotlar shakllantirilib, ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Autsorsing inglizcha “outsourcing” so‘zidan olingan bo‘lib, biror-bir tashkilot yoki korxona o‘z faoliyatidagi ayrim ish, xizmat yoki vazifalarni mustaqil tashqi tashkilotga(ya’ni, boshqa mutaxassis tashkilotga) topshirishi tushuniladi. Bundan asosiy maqsad xizmat sifatini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, asosiy faoliyatga e’tiborni qaratish, ish samaradorligini oshirishdan iborat.
Deylik, bir maktabgacha ta’lim tashkiloti ovqat tayyorlash ishini biror-bir ixtisoslashgan kompaniyaga topshirsa – bu autsorsing bo‘ladi.
Davlat yoki nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti(ya’ni, bog‘cha) o‘z tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirish uchun maxsus ovqatlanish xizmatini ko‘rsatuvchi tashqi kompaniya bilan shartnoma tuzadi va bu kompaniya:
● ovqatni tayyorlaydi;
● sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiladi;
● ovqatni yetkazib beradi yoki bog‘chaning o‘z oshxonasida pishiradi;
● ovqat va ovqatlanish bilan har qanday vaziyat uchun shu tashkilot javobgar bo‘ladi.
Autsorsingni zimmasiga oladigan tashkilotlar uchun dastlab tanlov (tender) e’lon qilinib, bog‘cha yoki tegishli tuman hokimligi yoki maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan oshxona xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tanlab olinadi. So‘ng g‘olib bo‘lgan tashkilot bilan shartnoma tuziladi. Shundan keyin, har kuni bolalarga ovqat pishirilib, taom sifati, xavfsizligi va gigiyenasi tashkilot tomonidan nazorat qilinadi.
– Ayni paytda bolalarning ovqatlanish ratsioni ularning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhim moddalar bilan emas, aksincha, tuz va zararli yog‘larga boy, yuqori darajada qayta ishlangan va shakar bilan shiralantirilgan mahsulotlar bilan to‘lgan, – deydi tadbirkor Xurshid Umarov. – Autsorsing kichkintoylarni to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlantirishning eng ma’qul yo‘li. Hozirgi kunda yurtimizdagi mavjud 6 798 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 1 172 tasida 83 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan autsorsing usulida ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 5 626 tasida an’anaviy (ta’minotchilar tomonidan oziq-ovqat yetkazish orqali) usulda ovqatlantirish amalga oshirilmoqda. Autsorsing yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng tashkilot tomonidan bolalarga ovqat tayyorlash uchun professional oshpazlar jalb qilinadi. Bog‘cha rahbariyati esa oshxona bilan bog‘liq muammolarni o‘ylamasdan bemalol asosiy vazifasiga e’tibor qaratishi mumkin. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish boshlagandan so‘ng oshxona va ovqatlanish bilan bog‘liq barcha moliyaviy va texnik masalalar bilan ham o‘zimiz shug‘ullanamiz.
Hech bir ish nazoratsiz yo‘lga qo‘yilmaydi. Autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish jarayonlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxslar hamda ota-onalar va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat kuzatuv kengashlari a’zolari tomonidan doimiy kuzatib turiladi.
– Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqilgan, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Aliyev. – Bunda davlat MTTlarida “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida oziq-ovqat xarajatlarining(natura ko‘rinishida) hisobi “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi. Shu bilan birga mazkur hisobot elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.
Bog‘cha bolalari uchun ovqat tayyorlash jarayonida diyetolog va texnologlarning ishtiroki juda muhim, chunki bu yoshdagi bolalar o‘sish va rivojlanish bosqichida bo‘lib, ularning organizmi to‘g‘ri o‘sishi uchun xavfsiz va mazali taom kerak. Bolalar ovqatlanishining sifati ko‘p omillarga bog‘liq. Autsorsing xizmatiga o‘tishdan maqsad ham maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom ovqatlantirish masalalarini yanada yaxshilash, oshxonalarda sifatli taomlar tayyorlanishiga erishishdan iborat. Bolajonlarning bog‘cha yoshidan to‘g‘ri ovqatlanishga odatlanishi esa ulg‘ayganda noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga keladigan turli kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fayoza AVLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Tarbiyaviy ishlarga mas’ullar uchun seminar
OTA-ONA MAKTAB BILAN HAMKOR BOʻLSA...
Autsorsingga o‘tish istiqbollari
O‘qituvchi nega hamon obro‘li shaxsga aylana olmadi?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank