GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol inson sifatida tarbiyalash, mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqdaki, bu o‘z navbatida jonajon Vatanimizning har jihatdan salohiyatli, vatanparvar, fidoyi farzandlari safi yildan-yilga kengayishini ta’minlamoqda.
Jumladan, kuni kecha Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida yoshlarni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash hamda ustozlar hayot maktabini yanada chuqurroq bilish va o‘rganish maqsadida “General va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Favqulodda vaziyatlar vazirligi faxriylari general-polkovnik Qobul Berdiyev va general-mayor Ravshan Xaydarov, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi Faxriylarini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash jamoatchilik markazi raisi 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Botir Kalonov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘I 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi Shuxrat Uzakov, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professorlari 3-darajali Davlat adliya maslahatchilari Baxtiyor Po‘latov va Faxri Raximov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov ochib, harbiy sohada uzoq yillar xizmat qilgan yoshi ulug‘ ustoz generallarni hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklari, mehnat pallasidagi mashaqqatlari haqida samimiy fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov mamlakatimizda yoshlarning iqtidorlarini namoyon etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy kasbning nufuzi va mas’uliyati xususida so‘z yuritdi.