HINDISTON G‘ALABALARI FONIDA O‘ZBEKISTONNING MAG‘LUBIYATLARI
O‘tgan yili Jahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston ortda qoldirgan (Hindiston-2 – 3-o‘rin, Hindiston-1 – 4-o‘rin) Hindiston terma jamoalarining 4 vakili (Gukesh, Pragnanandha – Hindiston-2; Gujrati, Erigaisi – Hindiston-1) Jahon Kubogida chorak (1/4) finalga chiqdi! Rameshbabu Pragnanandha esa finalgacha yetib borib, 2024-yili Kanadaning Toronto shahrida o‘tadigan Jahon shaxmat toji da’vogarlari turniriga yo‘llanma oldi!
Olimpiada chempionlarining natijalari:
Sindorov – 1/16 final
Abdusattorov – 1/64
Yoqubboyev – 1/64
Vohidov – 1/128
Nega? Shaxmatchilarimiz shuncha kuchsizlanib qoldimi? Hindistonliklar shuncha kuchayib ketdimi? O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi kimligini kim biladi hozir? 2026-yili Samarqandda bo‘ladigan Jahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik qachon boshlanadi? Prezident qarori ijrosiga qachon kirishiladi? Qizlarimiz ham qachon jiddiy musobaqalarda jiddiy o‘ynay boshlaydi? Yo atom kuchini o‘tin yorishga sarflashda davom etaveramizmi?
HINDISTONLIK YOSHLARDAN TO‘RT NAFARI 2700 LIK MARRANI BOSIB O‘TGAN
G‘alabaga erishish qiyin, erishilgan darajani ushlab qolish esa undan ham mashaqqatli. Jahon Kubogida o‘ynagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari hamda hindistonliklarning o‘tgan yilgi olimpiadadan so‘ng roppa-rosa bir yil davomida qatnashgan musobaqalarini o‘rganib chiqdim.
Gukesh:
10 ta musobaqada o‘ynagan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2640. O‘zining reytingi 2022-yil avgustda 2699 bo‘lgan. 2023-yil avgustda – 2751.
Santosh Vidit:
7 ta musobaqada o‘ynagan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2615. O‘zining reytingi bir yil davomida 2714 dan 2723 ga ko‘tarilgan.
Pragnanandha:
8 ta musobaqada ishtirok etgan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2593. O‘zining reytingi 2661 dan 2707 ga yetgan.
Erigaisi:
10 ta musobaqada qatnashgan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2595. O‘zining reytingi 2689 dan 2704 ga chiqqan.
Nodirbek Abdusattorov:
6 ta musobaqada dona surgan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2664. O‘zining reytingi 2677 dan 2725 ga ko‘tarilgan.
Javohir Sindorov:
5 ta musobaqada o‘ynagan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2567. O‘zining reytingi 2629 dan 2659 ga yetgan.
Nodirbek Yoqubboyev:
10 ta musobaqada qatnashgan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2551. O‘zining reytingi 2620 dan 2630 ga ko‘tarilgan.
Shamsiddin Vohidov:
10 ta musobaqada ishtirok etgan. Raqiblarining o‘rtacha reytingi – 2456. O‘zining reytingi 2552 dan 2597 ga yetgan.
Ko‘rganingizdek, hindistonliklarning to‘rtalasi ham 2700 lik chegaradan o‘tgan. Ya’ni, shaxmatchilar elitasi safiga qo‘shilgan. Bizdan esa faqat Nodirbek Abdusattorov bu safda.
SHAXMATCHILARNING O‘ZLARI QANDAY FIKRDA?
Keyingi yillarda shaxmatga e’tibor ancha kuchaygani rost. Ayniqsa, Alisher Sa’dullayev Shaxmat federatsiyasi raisi bo‘lgach, jumladan, shaxmatchilarni va ularning murabbiylarini rag‘batlantirish mexanizmi yaratildi. O‘zbekistonda o‘tadigan xalqaro turnirlar soni ko‘paydi. Unda gap nimada?
Bizningcha, gap murabbiy masalasida. Terma jamoa hozirgacha kuchli, doimiy ishlaydigan murabbiyga ega emas. Iqtidorli grossmeysterlarimizga murabbiy biriktirish masalasi hal etilmagan. Bu ishlar bilan ularning o‘zlari, ota-onalari shug‘ullanib kelmoqda. Masalaning moddiy tomonini aytmasa ham bo‘ladi. Nomdor murabbiy bilan shug‘ullanish uchun oyiga kamida 10 ming AQSH dollari talab etilishini hisobga olganda masalaning qanchalik jiddiy ekanligi ko‘zga tashlanadi. “Men oilamning qo‘llab-quvvatlashi bilan shu yil ikki marta Moskvada kuchli grossmeysterdan dars olib qaytdim, – deydi grossmeyster Javohir Sindorov. – Har safar ota-onamni tashvishga qo‘yishdan xijolatdaman. Shaxmat federatsiyasi rahbariyatiga homiy biriktirish masalasida ko‘p bor murojaat qildim... Hozircha natija yo‘q. Yaxshiyamki, oilamiz qadrdoni, saxovatli inson Murtoza Rahmatov bor ekanlar, yo‘l xarajatlarimni berib turibdi. Ammo murabbiy masalasi bizni qiynab kelmoqda. Bizdan farqli, masalan hindistonlik shaxmat yulduzlari uchun bir necha tajribali murabbiy biriktirilgan, xorijlik ustozlar jalb qilingan, terma jamoa a’zolari uchun vaqti-vaqti bilan dunyoning ko‘zga ko‘ringan murabbiylari tomonidan o‘quv yig‘inlari tashkil etiladi. Nufuzli musobaqalarda Jahon chempioni Anand ular bilan birga... Biz esa ertangi o‘yinga tayyorgarlikni kechasi bilan o‘zimiz qilishga majburmiz. Bu hol o‘yinga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi”.
“OLTIN AVLOD” MURABBIYLARI
Murabbiysiz shaxmatchi g‘alabalarga erishishi qiyin. Daho bo‘lsa ham. Shamsiddin Vohidov, necha yillarki, murabbiysiz, o‘zi mustaqil tayyorlanayotgan edi musobaqalarga. Mana endi, Jahon Kubogidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng GM Anton Filippov bilan ishlay boshladi. Esingizda bo‘lsa, 2015-yili shu murabbiy ko‘magida 14 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan edi.
Nodirbek Yoqubboyev armanistonlik grossmeyster Arman Pashikyan rahbarligida shug‘ullanmoqda. Javohir Sindorovning hozirgi murabbiyi terma jamoadagi sherigi Jahongir Vohidov. Nodirbek Abdusattorov FIDE jahon chempionati g‘olibi Rustam Qosimjonovdan saboq olayotganiga hali bir yil bo‘lmadi. Zamonaviy shaxmatda malakali, jahon darajasidagi murabbiylar xizmati juda qimmat turishini mutaxassislar yaxshi bilishadi. Shu ma’noda Nodirbek Abdusattorovga Aloqabank, Nodirbek Yoqubboyevga O‘zsanoatqurilishbank homiy sifatida biriktirilgani yaxshi bo‘ldi. Lekin qolgan Olimpiada chempionlari haliyam homiysiz.
HINDLAR TAJRIBASI
Hindiston shaxmatining 14 nafar eng yorqin iste’dod egalari 2019-2020-yillari jahon shaxmat yulduzlari Vladimir Kramnik va Boris Gelfand saboqlaridan bahramand bo‘lgan. Maxsus dastur asosida. Homiy – Microsense Private Limited kompaniyasi. Ular orasidan Gukesh, Pragnanandha, Erigasi, Raunak Sadvani, Aditya Mittal bugun jahon darajasidagi shaxmat yulduzlariga aylanishdi.
Raunak GM bo‘lgandan keyin ChessBase India bilan suhbatda shunday dedi: “Aytishim mumkinki, janob Kramnikning lageri hayotimda muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Bir necha kun ichida u amaliy jihatdan juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi:
- O‘zimga ishona boshladim. O‘zimni psixologik jihatdan juda kuchli his qilardim. U o‘z o‘yinlarini ko‘rsatish, tajribalari bilan o‘rtoqlashish orqali jasur bo‘lishimga yordam berdi.
- Zukko o‘yinchiga aylandim. Deyarli har qanday qiyin vaziyatlarda o‘zimda kuch topdim va o‘zimni yo‘qotmadim, yaxshi himoyalandim va o‘yinni muvaffaqiyatli davom ettira oldim.
- O‘yin sifatim yaxshilandi. U qanday qilib raqibga amaliy muammolar yaratishni o‘rgatdi. O‘yin davomida uning so‘zlarini eslab, raqiblarim tushunishi qiyin bo‘lgan harakatlarni topdim. Rahmat, janob Kramnik, siz haqiqatan ham afsonasiz! Hurmatim cheksiz!”.
IM BOBUR SATTOROV FIKRICHA:
1. Yuqori reytingli shaxmatchilar hamda yosh o‘sib kelayotgan umidli sportchilarimizni tizimli ravishda qaysi xalqaro musobaqalarga yo‘naltirish kerakligini belgilab olish zarur (hozir bolalar va o‘smirlar o‘rtasida, umuman shaxmat turnirlari ko‘payib ketdi. Lekin aynan qaysi biri eng kerakli va nufuzli ekanligini professional murabbiylar yaxshi bilishadi, ro‘yxatni shakllantirish uchun terma jamoa murabbiylarini yiqqan holda eng muhimlarini aniqlash zarur bo‘ladi).
2. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda, shaxmatda trener va sekundantlar masalasi juda muhim ekanligini tushunib yetdim. Dunyoning 15 ta davlatidagi eng yirik musobaqalarda Javohir Sindorovga murabbiy sifatida ko‘maklashib, ayni damdagi shaxmat yulduzlarining trenerlari va sekundantlari bilan tajriba almashib, ular nimalarga urg‘u berayotganining guvohi bo‘ldim, shu sababli keyingi 4 yillikda trener va sekundantlarni o‘zimizdan yetishtirib chiqarishimiz kerak degan xulosaga keldim.
3. Misol tariqasida Olimpiada uchun chet ellik murabbiylarni jalb qilishga qariyb 10000$–15000$ (1 oyga) xarajat qilinsa, agarda o‘zimizning mutaxassislarni jalb qilsak 10 barobargacha arzonga tushadi.
4. Bu xulosalar faqatgina Javohir bilan birgalikda o‘tkazgan musobaqalarimdan kelib chiqdi, shu sababli nufuzli turnirlarga imkoni boricha o‘zimizning murabbiylardan 2-3 nafarini qo‘shib yuborish, keyingi yirik musobaqalarda chet elliklarni jalb qilmasdan o‘zimizning murabbiylar kuchidan foydalanishga asos hozirlaydi.
TERMA JAMOA BOSH MURABBIYI KIM:
AKMAL FAYZULLAYEVMI YO ALEKSEY DREYEV?
Ushbu savolimizga shunday javoblar oldik:
Irina Semyonova, Shaxmat federatsiyasi mas’ul xodimi:
– Hozir faqat murabbiylar kengashining raisi bor. Akmal Fayzullayev.
GM Nodirbek Yoqubboyev:
– Bilmayman.
Husan Turdialiyev, Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari:
– GM Aleksey Dreyev.
Izohga hojat yo‘q. Xulosa o‘zingizdan.
Husan KARVONLI
Shu kecha va kunduzda
Muddatidan oldin talabalik
Xorijlik professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb etildi
Millatlararo totuvlik yo‘lida muhim qadam
6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorlov
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank