ILMIY KADRLAR TAYYORLASH TIZIMIDAGI ISLOHOTLAR

Jarayon ILMIY KADRLAR TAYYORLASH TIZIMIDAGI ISLOHOTLAR
56

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi vazifasini bajaruvchi, texnika fanlari doktori, professor Shermuxamedov Abdulaziz Abdulhaqovich FVV Akademiyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Akademiyaning o‘quv-moddiy-texnik bazasi, o‘quv auditoriyalari, zamonaviy laboratoriya xonalari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda Axborot-resurs markazining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ilmiy faoliyatni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish hamda ta’lim sifatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tashrif Akademiyada ta’lim va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishidagi faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 98-son farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan “Ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimida islohotlar” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi vazifasini bajaruvchi, texnika fanlari doktori, professor Abdulaziz Shermuxamedov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari va mustaqil izlanuvchilari, shuningdek, Zoom platformasi orqali boshqa ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, Akademiyaning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirdi. 

Tadbirda soʻzga chiqqan professor Abdulaziz Shermuxamedov oʻz nutqida ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati va amaliy ahamiyatini oshirish, ilmiy darajalar berish jarayonida shaffoflikni ta’minlash hamda ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va ahamiyatini yoritib berdi. 

Davra suhbati davomida ilmiy faoliyatni tashkil etish, mustaqil izlanuvchilik, dissertatsiya tadqiqotlariga qo‘yiladigan talablar hamda ilmiy darajalarni olish tartiblariga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma’ruzachidan javob oldilar.

Tadbir yakunida mehmonga Akademiyaning esdalik ko‘krak nishoni va tashakkurnomasi topshirildi.

Farhodjon XOJAYEV,

FVV Akademiyasi axborot va jamoatchilik 

bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i, mayor.

Maqola muallifi

Farhodjon XOJAYEV

Farhodjon XOJAYEV

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Nazorat

Ulashish