JASUR ISMIGA MUNOSIB RAHBAR
Ustozlar sulolasining munosib davomchisi
Ochilov Jasur Hamid o‘g‘li 1990-yil 2-dekabrda Ishtixon tumanining Qayirma qishlog‘ida ziyoli, o‘qituvchi-pedagoglar oilasida tug‘ilgan. Uning bobosi Oltiboy Ochilov Ikkinchi jahon urushida qatnashib, urushdan so‘ng qishloqdagi dastlabki oliy ma’lumotli tarix fani o‘qituvchilaridan biri sifatida faoliyat yuritgan. Buvisi Oysha ona esa urush yillarida front ortida mehnat qilgan va shu maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Otasi Hamid Ochilov Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olib, ko‘p yillar tumandagi 70-maktabda o‘qituvchi va direktor lavozimlarida xizmat qilgan. Onasi Marziya ham umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan. Shu bois bu xonadonni haqiqiy pedagoglar sulolasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jasur maktabni a’lo baholar bilan tamomlagach, harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirib, Xorazm viloyatidagi chegara qo‘shinlari safida xizmat qildi. Harbiy topshiriqlarni namunali bajargani uchun faxriy yorliq va tashakkurnomalarga sazovor bo‘ldi. So‘ng ota-bobolari izidan borib, Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. 2015-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, mehnat faoliyatini 70-maktabda tarix fani o‘qituvchisi sifatida boshladi. Tarixga bo‘lgan qiziqishi, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi voqealari va ajdodlar jasoratini o‘rganishga bo‘lgan intilishi uning pedagogik faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
2019–2023-yillarda maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Jasur Ochilov o‘quvchilar davomatini yaxshilash, fanlarni o‘zlashtirish darajasini oshirish va ta’lim-tarbiya muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. 2023-yil 2-iyulda maktab direktori etib tayinlangach, zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etib, jamoani yagona maqsad sari birlashtirishga intildi. “Rahbar har bir ishda qo‘l ostidagilarga o‘rnak bo‘lishi kerak”, degan tamoyilga amal qilib, o‘qituvchilar va ota-onalar hamkorligida “Ochiq budjet” loyihasida g‘olib bo‘lishga erishdi. Natijada maktab binosini keng ko‘lamda ta’mirlash, o‘quvchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ayni paytda Jasur Ochilov ta’lim sifati va yoshlar tarbiyasini yaxshilash yo‘lida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Shirinboy MURODOV,
Ishtixon tumanidagi 70-maktab o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Uyga vazifalar foydalimi yoki zararli?
JASUR ISMIGA MUNOSIB RAHBAR
O‘zbek tili tarixi va bugungi zamonaviy qiyofasi
ISLOHOTLAR FALSAFASI (Professor Nazar Hakimovning ta’limiy falsafasi haqida)
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
Uyga vazifalar foydalimi yoki zararli?
USTOZGA EHTIROM — SHOGIRDLARGA IBRAT
DAVLAT MAKTABLARIDAGI PULLIK SINFLAR: QO‘SHIMCHA IMKONIYATMI YOKI TA’LIMDAGI TABAQALANISH? (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 343-qarori va uning ijrosi borasida mulohazalar)