KAPALAKLAR O‘YINI

Sharh KAPALAKLAR O‘YINI
44



AHMOQ PODSHO

Qadim-qadimdan xalq nodon hukm­dorlar ustidan kulib, ertaklar, matallar to‘qigan. Shulardan biri “Ahmoq podsho” degan o‘zbek xalq ertagidir. Uning qisqacha mazmuni quyidagicha:


Bir o‘g‘ri kambag‘alning uyini to‘namoqchi bo‘ladi. Tunda tom oshib kirayotganida, tom o‘pirilib o‘g‘ri yiqilib tushadi va podshoga arzga boradi. Podsho arzing nima, deb so‘raganida: 


– Tomini bordon bilan omonat yopgan ekan, yiqilib oyog‘im sinishiga oz qoldi. Bu uchun uy egasiga jazo berishingizni so‘rayman, – deydi. Podsho kambag‘alni chaqirtirib, jazolamoqchi bo‘ladi. Kambag‘al aybni ustaga to‘nkaydi, ustani ushlab kelishadi. Usta bordonchini, bordonchi kaptarbozni ayblaydi va hokazo. Xullas, ish aylanib-aylanib yana o‘g‘riga kelib taqaladi. O‘g‘rini ossalar, novchaligidan oyog‘i yerga tegib qoladi. Uning o‘rniga osish uchun pakana odamni tutib keltirishadi. Axir kimnidir jazolashlari kerak-da. Pakana bo‘yi past bo‘lsa ham, ancha­yin aqlli ekan. U podshoga dorning tagini chuqurroq kovlashni maslahat beradi. Podsho yerni kovlatib o‘g‘rini osishga buyuradi. Shu payt o‘g‘ri: 


– Meni tezroq osa qolinglar, – deb yalina boshlaydi. Podsho undan: 
– Nega buncha o‘limga shoshilasan? – deb so‘raydi. O‘g‘ri unga: 
– Hozir jannatning podshosi o‘lib qolibdi, men tezroq borib podsho bo‘lishim kerak. Jannatning podshosi o‘layotib: “Kim birinchi bo‘lib kelsa, o‘sha odamni podsho qilinglar”, debdi. Shuning uchun shoshilyapman, – deya yana qistay boshlaydi. Ahmoq podsho: 
– Iye, unaqa bo‘lsa, jannatda ham o‘zim podsho bo‘lay, dorga meni osa qolinglar, – debdi va dorga tortilib, fuqarolari undan qutulgan ekan.


Garchand bu ertak xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lsa-da, bugungi dunyodagi ayrim voqealar shu cho‘pchakka juda-juda o‘xshab ketadi. Yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainada tinchlik sulhi tuzilmayotgani uchun yana Zelenskiyni ayblab chiqdi. Go‘yo, urushni bosh­lagan Vladimir Putin tinchlik istayotgan emish-u, bunga Ukraina prezidenti to‘sqinlik qilayotgan emish. Yuqoridagi ertakdagidek, o‘g‘ri bu yoqda qolib, jabrlangan ukrainlar jazoga mahkum emish. Aslida, Trampning Zelenskiyni xushlamasligi boshidan maʼlum edi. Chunki u bir payt­lar vaziyatdan kelib chiqib, sobiq prezident Bayden bilan qadrdonlashib, uning o‘g‘lini muqarrar jazodan xalos etganligi tarixiy fakt. Tramp esa Baydenni o‘lgudek yomon ko‘radi. Endi Tramp nima uchun Putinga buncha yon bosadi, degan savolga ham javob mavjud. Uzunquloq gaplarga qaraganda, Trampning biznesi 2008-yilda xatarli inqiroz yoqasiga kelib qolganida, uni kremldagilar tanazzul botqog‘idan chiqazib qo‘ygan deyishadi. Buning ustiga to‘liq tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, Trampning hokimiyat tepasiga keli­shida rus maxfiy maxsus xizmatining hissasi borligi taxmin qilinadi. Garchand buni Moskva tomoni rad etib kelayotgan esa-da, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Ekspertlarning aytishicha, aynan ana shu omillar Trampning Putinga bo‘lgan simpatiyasining birlamchi sabablaridir. Ikkinchi tomondan “Ko‘r ko‘rni qorong‘uda taniydi”, deganlaridek, bu har ikki arbob xuddi ekizaklarni eslatadi. Ikkisi ham o‘ta shuhratparast, o‘jar, jizzaki, ginachi, kalondimog‘ va ayyor. Ikkovi ham o‘zini xaloskor deb hisoblaydi. Biri o‘zini Ameri­ka dunyosining tayanchi deb hisob­lasa, ikkinchisi rus dunyosining pushti panohi deb biladi. Ikkalasi ham nomi dunyo tarixi sahifalarida zarhal harflar bilan yozilishini istaydi. Eng yomoni: Tramp ham, Putin ham xalqaro huquq va qonun meʼyorlarini bir tiyinga olmaydi. Bu borada Tramp dunyodagi barcha diktatorlarni bir cho‘qishda qochirmoqda. Masalan, u yaqinda Grenlandiya orolini AQSHga qo‘shib olish tashabbusi bilan chiqdi. Kimda-kim uning raʼyiga qarshi chiqsa, o‘zaro savdoda o‘n foizlik poshlina ham eʼlon qilib yubordi. Yevropa davlatlari darhol bunga qarshi choralar ko‘rmoqchi. Ular orolni himoya qilish uchun bir necha yuz askarni Grenlandiyaga jo‘natishdi. Ammo Tramp orolni qo‘lga kiritishga astoydil bel bog‘lagan. Hatto, u 700 milliard dollar xarajat qilib Grenlandiyani Daniyadan sotib olmoqchi bo‘lib turibdi.


Bir tomondan olib qaraganda, bugungi notinch dunyoda Grenlandiya AQSH uchun strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi. Shu maʼnoda, Amerika Daniya bilan qandaydir kelishuv yoki shartnoma asosida oroldan foydalanib turishi ham mumkin. Qolaversa, hozirning o‘zida shundoq ham Grenlandiyada AQSHning katta harbiy bazasi mavjud. Ammo Trampni biznesmen sifatida masalaning boshqa tomoni ham qiziqtiradi. Arktikadagi tabiiy boyliklar bugun nafaqat Amerika, balki Rossiya va Xitoy kabi yirik, qudratli davlatlarning ham ko‘zini o‘ynatmoqda. Bu esa Trampga mutlaqo yoqmayapti. 


MIYADAGI KAPALAKLAR

Kapalaklar, ularning go‘zalligi haqida yozmagan biror shoir topilmasa kerak. Xalq shoiri Muhammad Yusuf ham “Kapalaklar odamlardan mehribon” deya ularga juda yuksak baho bergan. Ammo biologik jihatdan olib qaralsa, kapalaklar tabiatga katta zarar keltiruvchi zararkunanda qurtlarning onasi yoki bolasi hisoblanadi. Bugun go‘zalligi bilan havasingizni qo‘zg‘agan nafis kapalak ertaga badbashara va yoqimsiz qurtga aylanadi. Qarangki, bu xildagi evrilishlar jamiyatga ham xos hodisa ekan. Shu jihatdan jamiyat tabiatning uzviy bir qismi ekanligi yana takror tasdiqlanadi. Aytaylik, o‘zimizning eng yaqin tariximizni olib ko‘radigan bo‘lsak, rus bosqinidan keyin xalqimiz Rossiya qo‘li ostida yashadi. Qonxo‘r Nikolay poshshoning zulmi avjiga yetgach, o‘z xalqi unga qarshi chiqdi va bu xunuk maxluqni, tashbeh bilan aytadigan bo‘lsak, “qurt”ni ezg‘ilab tashladi. Ammo qurt o‘lmadi, o‘rnida jozibali g‘oyalari bilan “kapalak” – Vladimir Lenin paydo bo‘ldi. 1924-yilda u ajali yetib vafot etdi. Uning o‘rniga xuddi po‘stini almashtirgan “qurt”dek zolim Iosif Stalin paydo bo‘ldi. 1953-yilda uni o‘z safdoshlari narigi dunyoga jo‘natishgach, yangi “kapalak” – islohotchi Nikita Xrushchyov siyosiy maydonga chiqdi. Uning siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlari yoqinqiramadi, shekilli, 1964-yilda firqadoshlari Kremldan haydab chiqarishdi. Natijada navbatdagi “qurt” – Leonid Brejnev hokimiyat tepasiga kelib, stalincha boshqarish uslubini qayta tikladi. 1985-yilning bahoridan rus siyosiy dalasida yangi “kapalak” – demokrat Gorbach­yov parvoz qila boshladi. Uning parvozini izdoshi Yelsin davom ettirmoqchi bo‘lgandi, ammo evrilish fursati birdan yetilib qoldi va qobig‘idan yangi “qurt” – Putinni chiqardi. Mana, 25 yildirki u o‘zining nobop faoliyati bilan nafaqat rus jamiyatini, balki jahon hamjamiyatini ham halokat jarligi yoqasiga keltirib qo‘ydi. Oqibatda dunyo xalqlari Uchinchi jahon urushi xatari bilan yuzma-yuz bo‘ldilar. 


  Amerikada ham shu ahvol. Faqat farq shundaki, ularda evrilishlar har to‘rt yilda sodir bo‘lib turadi. Demokratlar va respublikachilarning galma-gal almashinuvi AQSH siyosatini o‘zgartirib turishi hammaga maʼlum. Ularda ham “kapalaklar va qurtlar” evrilib turadi. Farqi shuki, ular ipak qurtiga o‘xshaydi va faoliyatini o‘z xalqi farovonligini oshirishga yo‘naltiradi. Bu orada jahon bog‘ida qanchadan qancha tutlar kesilib ketilishi amerikaliklarni mutlaqo qiziqtirmaydi. Chunki pul chiqaradigan dastgoh AQSH qo‘lida. Demakki, dunyo boyliklarining barisi amalda bo‘lmasa ham, aslida Amerikaning mulki bo‘lib chiqadi. Dunyoda dollar hukmronligiga barham berilmagunicha shu holat davom etaveradi. Trampning Yevropaga qarshi turishi asosida ham dollar bilan raqobatlashayotgan yevroning piligini pasay­tirib qo‘yish maqsadi turganligini sezish qiyin emas. Bu yo‘lda u huquqiy meʼyor yoki xalqaro shartnomalarga amal qilish istagidan mutlaqo yiroq. Shu maʼnoda, Putin Rossiyani XIX asrga sudrayotgan bo‘lsa, Tramp Amerikani XVII–XVIII asrga tortmoqda. Ana o‘sha yillarda yevropalik kolonizatorlar yangi-yangi hududlarni egallash maqsadida bir-birlari bilan davomli urush olib borganlar. Tramp ham xuddi o‘shalardek Meksika, Kanada, Pana­ma, Kuba, Grenlandiya singari qo‘shni­larini Amerikaga qo‘shib olish ilinjida. Uning egizagi Putin ham xuddi o‘tmishda bo‘lganidek, yon atrofdagi Ukraina, Kavkaz, Markaziy Osiyo respublikalarini yana imperiya tarkibiga qay­tarish orzusi bilan yashamoqda.


YANGI  ASR – YANGI  DUNYO

Ko‘pchilik davrlar almashinuvini, shunchaki, shartli bir chegara deb o‘ylaydi. Aslida esa bunday emasga o‘xshaydi. Masalan, Vladimir Putin naq 2000-yilda hokimiyat tepasiga keldi, xuddi ana shu yili Donald Tramp ham prezident bo‘lish umidida siyosiy harakatini boshlab yuborgandi. Bu tasodifmi? Maʼlumki, fizikada rezonans hodisasi degan tushuncha bor. Taʼsirlanayotgan ikki jismning tebranish chastotasi bir-biri bilan mos kelib qolganda tebranish kuchi bir necha barobar kuchayib, halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Aynan shu bois ham, ko‘prikdan o‘tayotgan askarlarga tartibsiz qadam tashlash buyuriladi. Afsuski, shu kunlarda Tramp bilan Putinning harakati rezonans holatiga tushib qoldi. Biri tezroq Nobel tinchlik mukofotini olish payida, ikkinchisi tezroq Ukrainadan Donbassni jangsiz tortib olmoqchi. “Qassobga moy, echkiga jon qayg‘usi” deganlaridek, jafokash ukrain xalqi dushmanga qarshi janglarda jon olib jon bermoqda. To‘g‘ri, ularga AQSH boshliq Yevropa mamlakatlari madad qilib turibdi. Bir vaqtlar amerikalik mashhur siyosiy arbob Genri Kissinjer: “Amerikaga dushman bo‘lish xavfli, do‘st bo‘lish esa halokatli”, degandi. Dunyodagi keyingi voqealar buni batamom tasdiqladi. 2025-yil 28-dekabrda Eronda xalq g‘ala­yonlari boshlanib ketgandi. Trampning tuturiqsiz vaʼdalari oqibatida minglab isyonchilar halok bo‘ldi. Tramp oyatillolar rejimiga qarshi bosh ko‘targan isyonchilarni gij-gijlab, ularga vaʼda qilingan yordamni yubormadi. Natijada isyon bostirilib, o‘n minglab odamlar qamoqqa olindi. Ukrainada ham urush jabrdiyda­lariga tinchlik vaʼda qilib, ustidan chiqilmadi. Trampning betayinligidan foydalangan Putin tinchlik muzokaralarining cho‘zi­lishidan o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirish yo‘lida unumli foydalanmoqda. Ukraina shaharlariga raketa yog‘dirib, tinch aholiga qiron keltirmoqda. Trampning betayinligi va Yevropaning tarqoqligi bosqinchilarga qo‘l kelmoqda. Sharqiy Ukrainadagi shahar hamda qishloqlar batamom vayron qilindi, markaziy va g‘arbiy viloyatlarda infrastruktura inshootlari ishdan chiqarilmoqda. Maqsad: Ukrainani holdan toydirib taslim qilish ekanligini Kreml ochiq tan olib aytmoqda. Biroq bosqinchilarning har bir harakati mutlaqo teskari natija bermoqda. Ukrainlar har qachongidan jipsroq uyushib, vatan­larini mardona himoya qilishmoqda. Bu orada Ukraina qurolli kuchlari zamonaviy texnika va harbiy tajriba bo‘yicha jahonning peshqadam armiyalaridan biriga aylanib ulgurdi. Hatto ular: “Mabodo Zelenskiy Trampning gapiga kirib, Donbassni ruslarga berishga rozi bo‘lsa ham, biz uning buyrug‘iga bo‘ysunmaymiz, Vatanimizni so‘nggi qoshiq qonimiz qolguncha himoya qilamiz”, deyishmoqda. Darhaqiqat, Putin istayotganidek Donbassni jangsiz topshirish Ukraina uchun taslim bo‘lish bilan teng. Bunga prezident ham, xalq ham, armiya ham aslo ko‘nmaydi. Ukrainlarning to‘rt yil davomida olib borayotgan qonli kurashi oxir-oqibat Rossiyani ham charchatib qo‘ydi. Berilayotgan hisobsiz qurbonlar, iqtisodiy mushkulliklar va xalqaro sanksiyalar Kremlni tinchlik muzokaralarini boshlashga undamoqda. Bunday sharmandali holatdan chiqib ketish Moskva uchun g‘oyat og‘ir kechmoqda. Urushni cheksiz davom ettirish mumkin emas, g‘alaba qilishga esa kuch yetmaydi, xullas, bugun rus maʼmurlari go‘yo boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek. Ular uchun endilikda yagona bir dastak qoldi, u ham bo‘lsa atom-yadro qurolidir. Kremldagi urushqoq quzg‘unlar har damda yadro kaltaklarini o‘qtalib, dunyo hamjamiyatini qo‘rqitmoqchi bo‘lyaptilar. Biroq shuni esdan chiqarmaslik kerakki, yadro quroli raqiblarda ham bor. Shu maʼnoda, uni amalda qo‘llash urushqoqlarning o‘zi uchun ham halokatli bo‘lishi mumkin. 


Maqolamizni ahmoq podsho haqidagi ertak bilan boshlagan edik. Ammo hozirgi podsholar o‘ta aqlli va ayyor. Ular o‘zini jo‘rttaga jinnilikka solishi mumkin. Bu ham mimikriyaning bir ko‘rinishi bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, uch-to‘rt yildan keyin kapalaklarning pilladan chiqish muddati ham yetib qoladi. Bu so‘ngsiz jarayon abadiy davom eta­veradi. 


Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi


Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish