Maktab o‘quvchisi talaba emas!

Dolzarb mavzu Maktab o‘quvchisi talaba emas!
65


Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022–2026- yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2024-yilning 1-sentabriga qadar umumta’lim maktablarida Milliy o‘quv dasturini to‘liq joriy etish va sinflar bo‘yicha darsliklar, mashq daftarlari va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Mas’ullar bu vazifani qay darajada bajardi?


Men bu savolga 2024-yili umumta’lim maktablarining 8-sinfi uchun nashr etilgan(“Yangi nashr” grifti bilan) hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tavsiya etgan “Jahon tarixi” darsligi misoli­da javob berishga harakat qilaman.


Avvalo, “darslik” darslik bo‘lmagan. U XII–XV asrlarda jahonning u yoki bu davlati haqidagi ma’lumotlar yig‘indisi bo‘lib qolgan. Buning birinchi sababi, MMTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktorining tanlovni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan shartlarni inkor etganligi, ikkinchi sababi darslik tuzuv­chilarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fev­raldagi 108-qarorida belgilangan 1-ilovaning 5-bandi matnini o‘qimaganliklari bilan izohlanadi: “Darslik va o‘quv-metodik majmualarini tuzuvchilar(mualliflar) tanlovida ta’lim muassasa­lari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish tajribasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar… qatnashishi mumkin”.


Uchinchidan, ekspertlar 2-ilova­ning 2-bandidagi quyidagi matnlarni sinchiklab o‘qishi lozim edi: “Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifatini oshirish, raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida ularning mazmuni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standart­lariga, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlariga, ilm-fan yutuqlariga mosligini, shuningdek, ta’limning tegishli bosqichi uchun o‘quv fanining izchilligi ta’minlanganligini baholash ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berishning asosiy maqsadi hisoblanadi”.


To‘rtinchidan, darslik tuzuvchilari (O.Abdumo‘minov, J.Mustafoyev va L.Nasrullayev) – havaskor tuzuvchilar. Shunday bo‘lsa-da, ular Respublika ta’lim markazi rahbariyatining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 108-qaroriga 2-ilovaning 5-bandi talabini hisobga olmaganligi yoki inkor etganligi natijasida darslik yaratishga tanlab olingan.


Beshinchidan, darslik Vazirlar Mahkamasining 108-sonli qaroridagi asosiy talablardan biriga o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlariga mutlaqo mos kelmaydi. Masalan, umumta’lim maktablari uchun tasdiqlangan Milliy o‘quv dasturida 8-sinf o‘quvchisiga 34 soat ichida 192 ta tarixiy shaxs nomi, 290 ta tarixiy sanani esda saqlash talabi qo‘yilmagan (jami 482 ta). Lekin umumiy o‘rta ta’lim DTSni bilmasdan turib darslik tuzgan uch nafar bilag‘on (“bilag‘on” so‘zini darslik tuzuvchilari darslikda qo‘llagan) 8-sinf o‘quvchilarini tarix fakulteti talabalari deb hisoblashgan ko‘rinadi. Men haliyam 482 soniga “darslik”da berilgan tarixiy atamalar, daryo, dengiz, okean, shahar, turli geografik mintaqalar nomini qo‘shganim yo‘q. 482 sonini 25 mavzu soniga bo‘lsak, 19,3 raqami kelib chiqadi. Demak, 8-sinf o‘quvchisi 1 soatlik dars davomida 19,3 ta tarixiy sana hamda tarixiy shaxs nomini bilishi kerakmi?


Oltinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 108-qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarini ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ekspertlar va taqrizchilar xo‘jako‘rsinga yondashgan. “Darslik” ikki marta ekspertizadan o‘tkazilganligiga nima deysiz? Axir ekspert va taqrizchilar tekinga ishlagani yo‘q-ku.


Masalan, Vazirlar Mahkamasi qarorida eks­pertlar guruhiga darslikning har bir shartli bosma tabog‘i uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari hajmida(8-sinf “Jahon tarixi” darsligining hajmi 18,6 bosma taboq), taqrizchilarning har biriga esa bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari hajmida haq to‘lash belgilangan. Hukumat qarori bilan ishni baholash chog‘ida ekspertlarga quyidagilarga e’tibor berish talabi qo‘yilgan edi:
– Darslikning DTSga mos kelishi;
– ilmiy, pedagogik va metodik jihatdan to‘g‘ri ishlanganligi;
– tarixiy sana, atamalarning to‘g‘riligi;
– darslikning tili, ifoda uslubi va boshqalar.

Bu talablar o‘z navbatida tuzuvchilarga ham taalluqli bo‘lsa-da, ular ish jarayonida e’tibor berishmagan. Sababi, ular qarorni o‘qishmagan, mabodo, o‘qiganmiz deb da’vo qilsalar, unda uqishmagan. Keling, darslik xususida yuqorida qayd etilgan talablar asosida fikr yuritaylik.


Birinchidan, darslik Milliy o‘quv dasturiga to‘liq mos emas. 8-sinf “Jahon tarixi” darsligi bo‘yicha tasdiqlangan Milliy o‘quv dasturida darslikka kiritilgan “Italiya: shahar-respublikalar va Rim papalari davlati”, “Pireney yarimoroli mamlakatlari: Ispaniya va Portugaliya” mavzularini o‘rganish ko‘zda tutilmagan. Ayni paytda negadir dasturga kiritilgan “Buyuk geografik kashfiyotlar va ular­ning tarixiy ahamiyati” mavzusi qoldirib ketilgan.


Achinarlisi, darslikda qator ilmiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, 4-mavzuning 28-29-betlarida quyidagicha yozilgan: “1343-yilda parlament ikki palataga bo‘lindi. Yuqori palata lordlar palatasi, quyi palata umumpalata deb nomlandi”. Bu xato. Angliya(Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qo‘shma qirolligi)da bugun ham parlamentning quyi palatasi umumpalata emas, jamoa palatasi deb ataladi. Bundan tashqari, parlament palatalari  iborasi birinchi bor 8-sinf “Jahon tarixi” darsligida uchraydi. Bu ibora 8-sinf “Davlat va huquq asoslari” darsligida berilmagan. Darslik tuzuvchilari “palata” iborasi bu o‘rinda nimani anglatishini tushuntirmagan. 


29-betda Xartiya atamasiga berilgan izohlarda ham xatolik bor hamda Xartiya atamasining mazmuni nimani anglatishi to‘la ochiqlanmagan. Darslik tuzuvchilari: “Xartiya – lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, qog‘oz, yorliq ma’nosini bildiradi. U o‘rta asrlarda ijtimoiy-siyosiy, huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan, jamiyatning ma’lum bir huquqlarini ifodalagan hujjatni anglatadi”, degan cho‘ltoq izoh berishgan. Yangi va eng yangi tarixda Xartiya atamasi ishlatilmaganmi? 


Ikkinchidan, “jamiyatning ma’lum bir huquqlari” iborasi xato qo‘llanilgan. Aslida, u jamiyatdagi ma’lum bir toifalarning huquqlari deb yozilishi kerak edi. Ayni paytda tuzuvchilar “Yorliq” so‘zi nimani anglatishi haqida ma’lumot berishni esdan chiqargan. Bu so‘zning ma’nosi tushuntirilmasa, o‘quvchi ko‘z oldiga o‘zi bilgan, maktab ma’muriyati tomonidan beriladigan “Faxriy yorliq” kelishi mumkin. Bu so‘zni davlatga nisbatan ishlatsak, “Yorliq” – biror-bir masalada kimlargadir davlat tomonidan berilgan imtiyoz va bu davlat muhri bilan tasdiqlangani qayd etilgan hujjat deganidir.


Bundan tashqari, tuzuvchilar Xartiya­ning o‘ziga xos xususiyati – uning maj­buriy kuchga ega bo‘lmagan hujjat ekanligini qayd etmagan. “Xartiyada qayd etilgan bu huquqlar nimalardan iborat edi?” degan savolga tuzuvchilar yozgan mujmal qaydlardan javob topib bo‘lmadi. Aslida Xartiya matnida quyidagilar yozilgan edi: 
– Zodagonlar(yer egalari)ning o‘zlariga tegishli yer-mulklarini meros qoldirish huquqiga egaligi(mualliflar yozganidek yirik zodagonlargina emas);
– shaharliklarga ichki va tashqi savdo erkinligi berildi;
– shaharlar o‘zini-o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘ldi;
– erkin dehqonlar va ritsarlarga qo‘lidagi yer-mulk ularning o‘zida qolishi kafolatlandi.


“Qirollikda “Buyuk Kengash” emas, “Buyuk qirollik Kengashi” ta’sis etildi”. Darslik tuzuvchilari bu o‘rinda yana bir xatoga yo‘l qo‘yishgan. Ular shunday yozadi: “Buyuk kengash roziligisiz qirol mamlakatda soliq yig‘a olmas edi”. Bu xato. Aslida esa Buyuk qirollik Kengashi roziligisiz qirol qo‘shimcha soliq joriy etolmas hamda amaldagi soliqlar miqdorini oshira olmas edi.


Nima uchun Xartiya masalasiga ko‘proq to‘xtaldim? Bunga 29-betda tuzuv­chilarning o‘quvchilar oldiga qo‘ygan ikkinchi savoli sabab bo‘ldi: “Erkinlikning buyuk xartiyasi”da aholi­ning turli tabaqalari huquqlari qanday ifodalangan?”. O‘quvchilar mujmal matn­dan bu savolga harchand urinmasin javob topa olmaydi.


Darslik tuzuvchilari “Erkinlikning buyuk xartiyasi” bu, huquqiy davlat tari­xidagi muhim hujjatdir” deb yozgan. Lekin “huquqiy davlat” tushunchasi qan­day tamoyillarni o‘zida aks ettirishiga izoh berilmagan. Tuzuvchilar “Savol va topshiriqlar” rukniga “Davlat va huquq asoslari” fani o‘qituvchingizdan so‘rab “Huquqiy davlat” qanday davlatligini bilib keling” degan topshiriqni qo‘yishi kerak!


Darslikdagi 4-mavzu oxiri 29-betida “parlament” atamasining lug‘aviy ma’nosi keltirilgan: “Parlament” fransuz tilidan olingan bo‘lib, gapirmoq, so‘zlamoq ma’nosini anglatadi”. Aslida bu qaydlar davom ettirilib, “Parlament” bugungi kunda dunyo davlatlarida oliy davlat vakillik muassasasi bo‘lib, u qonun chiqaruv­chi hokimiyatni amalga oshiradi. Bugungi Fransiya parlamenti Milliy majlis deb ataladi”, deb yozilganida edi, darslikka qo‘yilgan muhim talablardan biri, ya’ni mavzuni bugungi kun bilan bog‘lash talabi bajarilgan bo‘lardi. Yana shu betda berilgan: “Tarixiy mushohada” ruknidagi hatto talabalar ham javob topishda qiynala­digan topshiriqlar o‘rniga “O‘zbekiston Respublikasi parlamenti haqida nimalarni bilasiz va uni bugungi Fransiya parlamenti bilan taqqoslab, 3-4 ta o‘xshash jihatlarini aniqlang” kabi o‘quvchi yoshiga mos topshiriq berilishi lozim edi.


Uchinchidan, darslik tuzuvchilari parlament so‘zining faqat fransuzcha ma’nosi­ni bergan. “Parlament” so‘zi ayni paytda inglizcha hamdir, faqat inglizchada bir harf ortiqcha – parliament ko‘rinishida yoziladi. 29-betdagi “Savol va topshiriqlar” ruknidagi “Nima uchun parlament Angliyada paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, fransuzcha so‘zdan olingan” degan savol qanchalik mantiqli? 


Darslik tuzuvchilari “Tarixiy mushohada” ruknini kiritgan-u, biroq u o‘xshamagan. Masalan, “Nima uchun Jakeriya?” sarlavhali tarixiy mushohada uchun matn berilgan: “Yuz yillik urush davrida oddiy xalq yanada ko‘p jabr-sitam ko‘rdi. Ular yangidan yangi soliqlar to‘plashga maj­bur qilindi. O‘sha vaqtda keng tarqalgan Jak ismini zodagonlar oddiy dehqonlarga nisbatan kamsitish ma’nosida ishlatar edi. Zodagonlar “Sodda Jakning yelkasi keng, har qanday og‘irlikni ko‘tara oladi” deb masxara qilishardi. Qo‘zg‘olonda, asosan, oddiy aholi va dehqonlar ishtirok etganligi uchun ham bu harakat tarixga Jakeriya nomi bilan kirdi”.


Mazkur matn o‘quvchini mushohadaga undaydimi? Afsuski, yo‘q. To‘g‘ri, Jak haqoratli so‘z, biroq tuzuvchilar matnda “sodda” so‘zini ishlatgan. Tuzuvchilar bu so‘zning asl ma’nosini topa olmagan. Aslida, fransuzcha Jak so‘zi go‘l odam (Jacques bon homme) degan ma’noni ang­latadi. Bu esa haqoratli so‘z.


17-betda yana o‘qiymiz: “1358-yilda Fransiyaning Vobe viloyatida dehqonlar qo‘zg‘oloni boshlandi. Bu qo‘zg‘olon tarixga Jakeriya nomi bilan kirdi...”. Endi, e’tibor beraylik: “Tarixiy musho­hada” ruknida qo‘zg‘olonda, asosan, oddiy aholi va dehqonlar ishtirok etdi, deyilmoqda.


Xo‘sh, oddiy aholi kimlar? Oddiy aholi bilan dehqonlar o‘rtasida farq bormi? Bu savollarga javob yo‘q. Darslikda, shuningdek, “Tarix yondaftarchangizga kiriting” rukni ham ochilgan. Biroq unda atamalarga berilgan izohlarning o‘zi izohtalab. Masalan, 16-betda “flot” so‘ziga darslik tuzuvchilar bergan izohni ko‘rib chiqaylik: “Flot – muayyan bir davlat yoki tashkilotning okean, dengiz, umuman yirik suv maydonlarida harbiy, savdo va boshqa maqsadlarda harakatlar olib borish uchun mo‘ljallangan tuzilmasi”. Aslida, flot so‘ziga o‘quvchi uchun tushunarli quyidagicha izoh berilishi mumkin edi: “Davlatning yoki ayrim tashkilotlarning suvlarda va suv yo‘llari orqali ma’lum bir vazifalar(harbiy, savdo, ov, sayohat va h.k.)ni bajarish uchun mo‘ljallangan kemalari jamlanmasi”. Yoki 12-betda berilgan izohni olaylik: “General shtatlar(yalpi toifalar) – Fransiyada 1302–1789-yillarda tabaqaviy vakillik muassasasi bo‘lgan. Uning paydo bo‘lishi shaharlarning o‘sishi, ijtimoiy qarama-qarshiliklar va sinfiy kurashning keskinlashuvi bilan bog‘liq...”. Endi ayting, 8-sinf o‘quvchisi “ijtimoiy qarama-qarshiliklar” va “sinfiy kurash” iboralarining nima ekanligini biladimi? Yo‘q, albatta.


Sababi, 7-sinf “Jahon tarixi” darsligida ham(T.2022-yil) bu iboralarning izohi yo‘q. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hurmatli tarix o‘qituvchilari, biz 8-sinf “Jahon tari­xi” darsligining (agar uni darslik deb atash mumkin bo‘lsa, albatta) faqat dastlabki 3-4 ta mavzulari xususida fikr yuritdik, xolos. Xo‘sh, nega darslik bunchalik sayoz darajada tayyorlandi va chop etildi? 


Birinchidan, darslik tuzuvchilarning birortasi sifatli ta’lim nimaligini bilishmagan. Sifatli ta’lim – o‘quvchining har bir fan bo‘yicha Milliy o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan bilimlar minimumini puxta o‘zlashtirishini ta’minlaydigan hamda o‘quvchilarda kollaboratsiya, kommunikativlik, kreativ va kritik fikrlay olish(ya’ni 4 ta “K”) ko‘nikmalarini shakllantirishi lozim bo‘lgan ta’limdir. Tanqidiy fikrlash – ma’lumotlar ichidan asosiysini, yolg‘ondan haqiqatni ajrata olishni ta’minlaydi. Kreativ fikrlash esa o‘quvchida muam­moning yechimi unga ijodiy yondasha olish ko‘nikmasining qanchalik shakllantirilganligini anglatadi. Kommunikativlik deyilganda, o‘quvchining o‘qituvchi va sinfdoshlari bilan muloqot qila olish, o‘z fikrini erkin bayon eta olish ko‘nikmasini qanchalik egallaganligi tushuniladi. Kollaboratsiya esa o‘quvchida jamoa va guruh bilan birgalikda ishlay olish ko‘nikmasi­ning shakllantirilganlik darajasini bildiradi.


Bugungi umumta’lim maktablari oldi­ga shunday vazifalar qo‘yilgan ekan, avvalo yaratilayotgan darsliklar ham o‘quvchilarda ana shu ko‘nikmalarni shakl­lantirishga xizmat qilishi kerak. Biroq 8-sinf “Jahon tarixi” darsligi bu maqsadga xizmat qilmaydi. Darslikning rasmlar bilan bezab tashlanganligi esa darslik tuzuvchilari­ning, ekspertlar va taqrizchilarning aybini yuvib yubormaydi.


Ikkinchidan, 7-sinf “Jahon tarixi” darsligiga kimlar taqriz bergan bo‘lsa (Sh.Ergashev, D.O‘roqov, Y.Tayronov, A.Boyqo‘ziyev, A.Ismoilov, J.Mustafoyev va Z.Bozorov), 8-sinf darsligiga D.O‘roqov, A.Ismoilov, yangi taqrizchilar N.Rahmonov, F.Fayziyeva taqriz berishgan. 


7-sinf “Jahon tarixi” darsligiga taqriz bergan J.Mustafoyev(Namangan davlat pedagogika instituti “Tarix o‘qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi) bu safar 8-sinf “Jahon tarixi” darsligi tuzuvchi­ligiga (hammuallif) o‘tkazilgan, xolos. Mana sizga, qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga. Esiz, mazkur darslik uchun sarflangan mablag‘lar.


8-sinf “Jahon tarixi” darsligini tuzgan va darslikka taqriz bergan, uni eks­pertizadan o‘tkazganlarga maktab darsliklarini yaratishdagi mas’uliyatsizliklari, savodsizliklari davlat va hukumatning ta’lim sohasidagi siyosatini mensimaslik ekanligini qat’iy ta’kidlashni o‘zimning burchim deb hisoblayman.


Usmon JO‘RAYEV,

Bo‘ka tumanidagi

8-maktab o‘qituvchisi, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan

Xalq ta’limi xodimi, “Sog‘lom avlod uchun” va “El-yurt hurmati” 

ordenlari sohibi

Maqola muallifi

Usmon JO‘RAYEV

Usmon JO‘RAYEV

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish