SO‘Z MUSAVVIRI Xosiyat Rustamova ijodiga bir nazar
She’r – bu ko‘ngil, ko‘ngil kechinmasi, hayrat, muhabbatdan tug‘ilgan tuyg‘ular tasviri.
Shoirning botini qanchalar pok bo‘lsa, tasavvurlari shaffof, hislari go‘zal, she‘rlari ham “yashovchan” bo‘ladi.
Taniqli oʻzbek shoirasi, Oʻzbekiston va Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, soʻz musavviri Xosiyat Rustamova ijodida olam va odam, zamin-u zamon, tabiatning yorqin tasviri, ayol qalbining nozik hislari mavzulari ustunlik qiladi. Shoirning asosiy mavzusi, ilhom manbayi – tiriklik, hayot, tabiatdir. U hamisha tiriklikdan moʻjiza, hayotdan goʻzallik, tabiatdan oʻziga kuch va ilhom oladi. Frans Kafka yozganidek, “Kimki goʻzallikni koʻra bilish qobiliyatini saqlay olsa, hech qachon qarimaydi”. Goʻzallik aslida nisbiy tu-
shuncha. Ammo shunday goʻzallik borki, u hech qachon oʻzgarmaydi. Bu qalb goʻzalligidir. X.Rustamova ham ana shunday goʻzal qalbli shoira. U tabiatni, insonlarni sevadi. Sheʼrlarining mazmun-mohiyati bosh mavzusi ham tabiatdir. Qushlar, daraxtlar orqali insonlarni va tabiat oʻrtasidagi holatlarni tasvirlaydi. Qalbni nima goʻzallashtiradi? Albatta, ezgulik, ezgu amallar, birinchi navbatda muhabbat, Yaratganning goʻzal yaratiqlarini sevish orqali qalb yanada goʻzallashadi.
Ishon, Seni xafa qilmayman boshqa,
Kech boʻlsa ham chiqdim. Qop-qora adir.
Bir osmon yulduzni koʻtarib boshga –
Sening yoʻllaringda turibman, axir.
Ushbu sheʼrda tabiatning tarovatini soʻzlarda jaranglatib, ayol qalbining nozik kechinmalarini yorqin ranglarda tasvirlaydi. Bu holat, bu jarayon, bunday kechinma faqatgina muhabbatga mubtalo boʻlganlargagina tanish... Soʻzning sehri, asl shoirning mahorati, poetika moʻjizasi, fikr qudrati Xosiyat Rustamova ijodida yaqqol namoyon boʻladi. Bahor kelishi bilanoq osmonning chehrasi ochilib, quyoshning yuzida tabassum porlab, butun borliqda hayot harorati seziladi. Ushbu sheʼr orqali koʻz oʻngimizda bahorning dilbar qiyofasi jonlanadi.
Bosar nozik nihollarni gʻam,
Yoqmas gʻarblik qushlarning xulqi.
Bahor eshik qoqishi bilan
Yer-u koʻkning ochilar qulfi…
Ijod ahli mudom ezgu oʻylar, samoviy xayollar ogʻushida oʻzining sirli olamida yashaydi. Aslida ham haqiqiy shoirlik mana shu...
Mensiz hushdan ketar daraxt-u borliq,
Shamol kimning tutib oʻynar sochidan.
Men ketsam – tun oʻlib qoladi aniq,
Men ketsam – oy oʻlib qolar ochidan.
Shamol shoiraning sochidan tortib, erkalab oʻynoqlaydi, daraxt uning darddoshiga, oy esa sirdoshiga, tun sodiq doʻstiga aylanadi. Chinakam poetik manzara, shoirona oʻxshatish. Inson zoti borki, mudom muhabbatga muhtoj, uning asiri. Dunyoni ushlab turgan yagona kuch ham muhabbat.
Koʻzimning yoshlari yuvib gʻuborni −
Yigʻlagim kelgandi oʻshanda ichdan.
Ayta olasanmi,
Esingda bormi,
Qanday sharob edi men ichgan?
Qancha sovuq suvga yuzimni chaydim,
Shunda ham koʻrinar ranglar faqat oq.
Boshim aylanmasa, mast boʻlmasaydim −
Bu dunyoda qolmasdim uzoq.
“Oyning oʻn beshi yorugʻ, oʻn beshi qorongʻu” deganlaridek, hayot doim bizni quvonchlar bilan siylayvermaydi. Inson boshiga sinovlar kelganida, oʻzini yaxshiroq anglaydi. Dunyoga nima uchun kelgani, nima maqsadda yashayotgani xususida mulohaza yuritadi. Ushbu sheʼr ham oʻquvchini uzoq oʻyga toldiradi. Hayot atalmish neʼmatning ulugʻligi, inson otligʻ sharafga loyiq koʻrilganligimiz, bizga berilgan umrni yashab oʻtishimiz haqida soʻz boradi. “Shoirning boshi aylanishi”, tiriklik neʼmatidan voz kechib ketolmasligi ham hayotga boʻlgan ulkan muhabbatidan dalolat. Soʻz shoirning qismati deyishadi... Shoirning sheʼrlari
hayotida ham aks etadi. Olloh bu borada Xosiyat Rustamovaga juda saxiylik qilgan.
Men bormagan joylarga −
Sheʼrlarim borar hali.
Asarlari oʻttizdan ortiq mamlakatda chop etilib, dunyo yuzini koʻrdi. Olloh har bir bandani iqtidor, noyob isteʼdod, oʻtkir zehn bilan siylagan. Aslida hamma muammo oʻsha isteʼdodni oʻstira olishimizda, oʻzimizdagi imkoniyatlardan foydalana bilishimizda. Har bir buyuk isteʼdod ortida avvalo, Ollohning inʼomi, qolaversa, katta mehnat va mashaqqat yotadi.
Hech narsasi yoʻq odamlarning,
Umidi bor ertangi kundan.
Har birimiz bu hayotda orzular bilan, ezgu xayollarimiz umidi bilan yashaymiz. Faqatgina umidning oʻzi bilan emas, koʻzlagan maqsadga erishish uchun, bugundan harakatni boshlab, muvaffaqiyatlar mevasiga umid bogʻlasak toʻgʻri boʻladi. Ushbu satrlar sheʼrxonni chuqur oʻyga toldiradi, tafakkur qilishga undaydi:
Jonimni ichyapman tomchi-tomchilab.
Toʻkilib boryapman xazonlar kabi,
Yam-yashil bogʻlarni koʻrib tushimda.
Ayt, meni kimlardan
Asrading, Rabbim!
Qayerga ketyapman shu ketishimda?!
“Odamlar nimagaki intilishsa, oʻsha narsani yaxshi koʻrishadi, nimaniki yaxshi koʻrishsa, oʻshanga qarab intilishadi”, deb yozganida Erix Fromm chin maʼnoda haq edi. Goʻzallikka, muhabbatga talpinayotgan Xosiyat Rustamovaga ijod va hayot yoʻllari muhabbatdek ulugʻvor boʻlishini tilayman!
Jahongir NOMOZOV,
O‘zJOKU talabasi
Shu kecha va kunduzda
Bolalarni jismoniy zoʻravonlik bilan tarbiyalash qaysi viloyatlarda koʻproq uchraydi?
UNESCO sun’iy intellekt davrida ta’lim kelajagini muhokama qildi
Ilm va ta’limga har qancha e’tibor oz!
ADAM SMITNING USTOZI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank