ADAM SMITNING USTOZI

Moziydan sado ADAM SMITNING USTOZI
69



“Ma’rifat” gazetasining 2007-yil 25-iyun sonida “Adam Smit abadiyati” sarlavhali maqolam chop etilgandi. Bu maqola gazetxonlarga ma’qul keldi shekilli, ko‘pgina matbuot nashrlari, internet saytlari undan nusxa olib, qayta e’lon qilishdi. Qiziqqan mushtariylarimiz internetga kirib, “Adam Smitning ko‘rinmas qo‘li” deb yozib qidiruvga berishsa, maqola chiqib keladi.


Ushbu maqolada quyidagi bir fikrni aytgandim: “Kim bilsin, balki algebra, tibbiyot, kibernetika, astronomiya va boshqa sohalarda bo‘lganidek, bobolarimiz iqtisodiyot borasida ham Adam Smitga ustoz chiqib qolishsa hech ajablanadigan joyi yo‘q”. 


Qarangki, oradan 18 yil o‘tib, Adam Smitning sharqlik ustozi − ulug‘ mutafakkir olim Ibn Xaldun haqida maqola yozish baxtiga muyassar bo‘lib turibman. Buyuk alloma Ibn Xaldun, to‘liq nomi − Abdurahmon ibn Muhammad ibn Xaldun al-Xazramiy 1332-yili Tunis shahrida tug‘ilgan. Uning ota-bobolari Ispaniya musulmonlaridan bo‘lib, taqdir taqozosi bilan Shimoliy Afrikaga kelib qolishgan. Ibn Xaldun tug‘ilgan shahrida Qurʼon, hadis, fiqh, grammatika va poetika ilmlarini o‘rgangach, davlat xizmatlari bilan band bo‘ldi. Ammo keyinchalik saroy mashmashalaridan bezor bo‘lgan olim Tunisni tark etib, 1362-yili Ispaniyaga ketadi. 1382-yili Qohira shahridagi dorilfununga kelib, katta mudarris darajasini olib, malikiylar saltanati qozisi lavozimiga tayinlanadi. 1400-yili Shomni zabt etgan Amir Temur qabulida bo‘lib, o‘z bilimi va donoligi bilan Sohibqironning hurmatiga erishadi. Ulug‘ amir uning ilmiga tan berib, yana avvalgi lavozimida ishlashiga ruxsat beradi. Xo‘sh, Amir Temurdek siymoning marhamatini qozongan bu mutafakkir olim kim bo‘lgan? 


Uning ilmi naqadar keng ekanligini tasavvur qilish uchun shuni aytishimiz mumkinki, buyuk Adam Smitdan to‘rt asr oldin mehnat qiymati va taqsimotini, iqtisodiyotchi olim David Rikardodan besh asr avval qiymat nazariyasini, XX asr­ning yirik iqtisodchi olimi Jon Keynsdan olti asr oldin iqtisodiyotni muvozanatga solish­da davlatning roli haqidagi risolalarini yozgandi. Ibn Xaldun “Muqaddima” deb nomlangan mashhur asarining birin­chi kitobida jamiyat hayoti va xususiyatlari, shoh hokimiyati va boshqaruvi, daromad va yashash vositalari, hunarlar va ilmlar tasnifi hamda yuqoridagilar­ning mavjudlik sabablari haqida fikr yuritadi. Ikkinchi kitobda dunyo yaralganidan buyongi davlatlar, xalqlar tarixi va uchinchi kitobda esa arab mag‘ribidagi mamlakatlarning tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida maʼlumotlar beradi. Uning qatʼiy fikriga ko‘ra davlat bozor­dagi narx va qiymat munosabat­lariga zarurat bo‘lmaganda mutlaqo aralash­masligi kerak. Ayniqsa, hukmronlar tomonidan mahsulotlar arzonga xarid qilinib, keyin isteʼmolchilarga qimmatroq narxlarda sotilishi bir qancha noxush oqibatlarni keltirib chiqaradi, deya taʼkidlaydi olim. Jumladan: 

− birinchidan, dehqonlar va savdogar­lar o‘z mahsulotlarini sotish hamda undan foyda ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar; 
− ikkinchidan, bunday holat uzoq davom etsa, ulardagi tadbirkorlik tashab­busini o‘ldiradi va davlatning moliya-soliq tizimini izdan chiqaradi; 
− uchinchidan, amaldorlarning savdoga aralashuvi yillar davomida vujudga kelgan savdo madaniyatini buzadi; 
− to‘rtinchidan, tovar va mahsulotlarni belgilangan narxda sotishga majburlash tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqaruvchilar va dehqonlarning faoliyatiga zararli va hatto halokatli taʼsir ko‘rsatadi, deya ogohlantiradi olim. 
Ibn Xaldun taʼlimotiga ko‘ra, xusu­siy mulkchilik kishilik jamiyatidagi eng muqaddas huquqlardan biri sifatida hukmdorlar tomonidan qonunlashtirilib qo‘yilmog‘i shart.


Uning fikricha, xususiy mulkchilik huquqi adolat bilan vobasta bo‘lmog‘i lozim. Xususiy mulk kim tomonidan bo‘lmasin mutlaqo daxlsiz bo‘lishi kerak, aks holda, bu borada adolatning buzi­lishi odamlarda moddiy yaratuvchanlik xislatlarini so‘ndirib qo‘yadi. Ibn Xaldunning iqtisodiyot borasidagi qarashlari hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Olimning “Muqaddima” asarida beso‘naqay yollanma armiya saqlash davlat iqtisodiyotiga putur yetkazishi haqida aytgan fikrlari bugungi kunlarda batamom o‘z tasdig‘ini topmoqda. Harbiy xarajatlarni behisob ko‘paytirib yuborayotgan davlatlar iqtisodiy jihatdan abgor holatga tushib qolmoqda. Shu maʼnoda, dunyo mamlakatlari orasida tinch-totuvlik taomilini yo‘lga qo‘yish davrimizning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Olim soliqlar davlat faoliyati uchun zarur unsurlardan biri ekanligi­ni qayd etadi, ammo ularning miqdori va turlarini ko‘paytirib yuborish oxir-oqibat davlatni tanazzul tomon boshlab borishi haqida ham ogohlantiradi. Agar soliqlar ko‘paytirilmasdan, iloji bo‘lsa kamaytirib borilsa, fuqarolarda hozirgi til bilan aytganda, yaratuvchanlikka motivatsiya kuchayib, o‘z navbatida davlatning boyib ketishiga ham sabab bo‘ladi deydi. 


Ibn Xaldun iqtisodiyot funksiyalarini tizimga solib o‘rgangan, uning texnik asosining muhim ekanligini ko‘rsatgan, iqtisodiy foyda olishda ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi ahamiyatini ko‘rsatib bergan birinchi iqtisodchi olimdir. U davlatning iqtisodiyotning barqarorlashuvi hamda aholini ish bilan band qilish borasidagi ahamiyati katta ekanligini aytadi. Ammo, amaldorlarni iqtisodiyot va savdo-sotiqqa huda-behuda aralashuvi foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi, deydi u. Shu vajdan bo‘lsa kerak, “Muqaddima”da soliq to‘lovlarining oqilona miqdorini aniqlash, davlat xizmatchilari­ning sonini qanday kamaytirish, moddiy rag‘batlantirishning yo‘llari hamda vositalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tadi. Ibn Xaldunning nazariyasi bo‘yicha, iqtisodiy faoliyat g‘oyat serqirra va turli omillar bilan bog‘liq. Unda geografik, ijtimoiy, siyosiy, demografik faktorlar hamisha o‘z taʼsirini o‘tkazib turadi. Ammo undan keyin o‘tgan iqtisodiyotshunos olimlar ushbu omillarning ko‘pchiligiga tegishli eʼtibor qaratmadilar. Masalan, marksistik nazariya tarafdorlari o‘zlari kashf etgan qo‘shimcha qiymat qonuni asosida ortiqcha moddiy neʼmatlar proletariatni ekspluatatsiya qilish asosida yaratiladi, jamiyat ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar sakkiz soatlik ish kunida ishlab chiqariladi, undan ortiq ish vaqti sarmoyadorlarni boyitish uchun xizmat qiladi, degan iddaoni ilgari surishdi. Shu maʼnoda, ular iqtisodiyot reja asosida tashkil etilsa, hech qanaqa muammoga o‘rin qolmaydi, deb qattiq ishonishdi. Ammo vaqt ularning qarashlarini tamoman yaroqsizga chiqardi. Rejali iqtisodiyot dunyoning hamma chekkasida o‘zining o‘ta samarasizligini ochiq ko‘rsatib qo‘ydi. Aksincha, erkin bozor munosabatlari­ga asoslangan ishlab chiqarish usuli, garchand, maʼlum kamchiliklardan xoli bo‘lmasa-da, o‘zining yashovchanligini isbotladi. Bozor iqtisodiyotining ota­xoni Adam Smit ham o‘z asarlarida bozor munosabatlariga ustuvor ahamiyat beradi va uning “ko‘rinmas qo‘li” ishlab chiqarish hamda savdo munosabatlarini meʼyorga solib, moddiy neʼmatlarning ko‘pa­yishiga va alalxusus, xalq farovonligining o‘sishiga zamin yaratadi deydi. Bunda u asosiy tayanchni har bir kishi hamisha oldinga suradigan shaxsiy manfaatda ko‘radi. Uning nazariyasi bo‘yicha har bir insonning o‘z hayotini yaxshilash uchun qilgan harakati natijasida jamiyat kundan kunga boyib boradi. Buning uchun unga to‘laqonli iqtisodiy erkinlik berilishi lozimligini taʼkidlaydi. Bunda uning fikrlari Ibn Xaldunning kishilik jamiyatida moddiy neʼmatlar qay tariqa ko‘payib borishi haqidagi qarashlariga tamoman hamohang keladi. Shundan bilib olish mumkinki, Adam Smit Ibn Xaldunning iqtisodiyot haqidagi ilmiy merosidan yaxshi xabardor bo‘lgan ko‘rinadi. Adam Smit ham xuddi Ibn Xaldunga o‘xshab, xususiy mulk muno­sabatlariga alohida eʼtibor qaratadi.


Aytish mumkinki, xususiy mulkchilikni salkam muqaddaslik darajasiga ko‘taradi. Uning mutlaqo daxlsizligini taʼminlash davlatning bosh vazifalaridan biri ekanligini qattiq taʼkidlaydi. Ko‘ri­nib turibdiki, bu Ibn Xaldunning musulmonchilik qonunchiligiga asoslangan fikrlarining aynan o‘zginasidir. Islom dini taʼlimoti bo‘yicha barcha mulkning egasi − Olloh. Ammo bu odamlarda mulkka egasizlik kayfiyatini paydo qilmasligi kerak. Inson yaratganning yer­dagi xalifasi sifatida uning jamiki mulkiga egalikda o‘rinbosar hisoblanadi. Shu maʼnoda, insonning mulkka egalik qilish huquqi batamom qonuniy hisoblanadi va xususiy mulk daxlsiz bo‘lishi har ikki allomaning asarlarida ham deyarli bir darajada eʼtirof etilgan. Faqat keyingi asrlarda bu huquq markschi nazari­yotchilar tomonidan tanqidga uchradi va muayyan bir davrda bekor qilindi ham. Marks taʼlimoti bo‘yicha kommunistik jamiyat rivojlangani sari bora-bora xusu­siy mulk va hatto pul ham yo‘q bo‘lib ketishi aytilgandi. Bunda oxir-oqibat davlat boshqaruvi ham ins­titut sifatida yo‘qolib ketishi taxmin qilingandi. Biroq davr bu borada Ibn Xaldunning yozib ketgan fikrlari eng to‘g‘ri hayotiy taʼlimot ekanligini qayta-qayta isbotlamoqda. Bunda Adam Smit ham unchalik eʼtibor bilan qaramagan iqtisodiy boshqaruvdagi davlatning ahamiyati masalasi  ulug‘ alloma tomonidan o‘sha vaqtlardayoq muhim omil sifatida ko‘rsatilgani alohida diqqatga sazovor. Keyingi yillarda iqtisodiyot ilmi bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olimlarning asarlari mavzusi bilan tanishsangiz, aksariyatida iqtisodiyot va uni bosh­qarish usullari qalamga olinganiga guvoh bo‘lasiz. Holbuki, shu paytgacha bozor hammasini o‘zi meʼyorga soladi, degan aqida ustuvor edi. Bu borada yana Ibn Xaldunga murojaat qiladigan bo‘lsak, bunda ham u yana haq bo‘lib chiqadi. Uning taʼlimoti bo‘yicha odamlarning shunchaki jamoa-jamoa bo‘lib yashashlari kifoya emas. Bunda ular kuchli davlat institutlariga ehtiyoj sezadilar. Davlat nafaqat fuqarolarni, balki ular orasidagi iqtisodiy munosabatlarni ham tartibga solib turishi lozim. Chunki u shunchaki boshqaruv dastagi emas, balki fuqarolar uchun ulkan isteʼmol bozorini yaratib beruvchi sherik ham bo‘lmog‘i lozim. Ana shunda jamiyat qoloq qishloq darajasidan obod shahar qiyofasiga qarab o‘zgara boradi deydi. Ibn Xaldunning fikriga ko‘ra, tarixiy taraqqiyot siyosiy voqealar natijasida emas, iqtisodiy munosabatlar taʼsirida tadrijan o‘sib-o‘zga­rib boradi. Bugungi dunyo manzarasiga nazar solgudek bo‘lsak, ulug‘ alloma­ning fikrlari naqadar to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Siyosatning iqtisodiyotga aralashuvi mana man degan qudratli saltanatni go‘rga tiqqanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Dunyo siyosatida iqtisodiy omillar tobora ustuvorlik qilayotganiga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Globalizm hal qiluvchi so‘zini aytayotgan ushbu kunlarda AQSH, Xitoy, Rossiya singari qudratli davlatlar ham uning shiddatli yurishini to‘xtata olmayapti, aksincha, qudratiga bo‘ysunib, uning oqimi bo‘ylab harakat qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini bermoq­da. Masalan, Xitoyda keyingi o‘ttiz yil mobaynida qariyb yarim milliardga yaqin aholi qashshoqlik botqog‘idan olib chiqildi. Jahonning yana bir yirik mamlakati Hindistonda ham asta-sekin ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Biz yuqorida qalamga olganimiz musulmon sharqining buyuk faylasuf olimi Ibn Xaldun o‘zining bebaho ijodi bilan ushbu jarayonlar qonuniyatlarini o‘sha zamonlardayoq kashf etgan edi. Shunchaki biz ilm-fanning boshqa sohalarida bo‘lganidek, Ibn Xaldunning boy ilmiy merosidan uzoq vaqt bebahra qolib ketdik. Ularning ilmini ijodiy rivojlantirgan g‘arb dunyosi esa barcha sohalarda bo‘lganidek o‘zib ketib, dunyo taraqqi­yotining oldingi saflariga chiqib oldi. Biz bugun orzu qilayotgan Uchinchi Renessans bo‘sag‘asida Ibn Xaldun kabi  buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini o‘rganishga har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq ehtiyoj sezaveramiz.


Xudoyberdi  KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #AT markazi

Ulashish