TAJRIBALI PEDAGOG – BARKAMOL AVLOD TAYANCHI

Ilmsiz millat, qavm asir va zaif qolur.
Ilmsiz davlatni(ng) foydasi yo‘q,
ilmsiz dunyodorni(ng) hayoti yo‘q.
Mahmudxo‘ja Behbudiy
Erta tong. Bo‘stonliqda, Chorvoq suv ombori biqinida joylashgan so‘lim “Renessans” oromgohi har doimgidanda fayzli. Boisi, oromgohga yurtimizning har bir burchagidan mohir pedagoglar yig‘ilgan, bu gal ularning o‘quvchilari emas, o‘zlari bilim sinashishadi.
Quyoshning siniqqan tafti, kuzgi yengil shabboda – tan rohati, ammo bugun o‘qituvchilarda halovat yo‘q! Nimalarnidir hisoblaydi, qo‘shadi, ayiradi, bir nuqtadan ko‘zini olmaydi. Shu dam ularga hakamlarning olimpiadaoldi aytadigan shart, talablaridan boshqa odamning yarim gapi ham ortiqcha. Biri Namangan orini ko‘tarib kelgan bo‘lsa, biri Jizzaxning…
Kundek ravshanki, ta’lim sifati o‘qituvchi sifatidan yuqori bo‘lmaydi (Usmon Jo‘rayev, “Ma’rifat” gazetasi, 2025-yil, 6-son). Ya’ni zamon o‘quvchidan qancha bilimli bo‘lishni talab qilsa, ustoz undanda ko‘proq bilimli bo‘lishi kerak. Shu bois, joriy yildan mamlakatimizda ustozlar o‘rtasida fan olimpiadalari muntazam yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilib, malaka va bilimlarini xalqaro mezonlarga muvofiq sinovdan o‘tkazish boshlandi. U fevral−mart oylarida fizika va kimyo fanlari bo‘yicha o‘tkazilib, 12 257 nafar pedagog ishtirok etgan edi.
Avgust-sentabr oylarida esa biologiya, matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha olimpiada tashkil etildi. Dastlabki bosqichda 17 886 nafar ustoz qatnashib, saralashdan so‘ng 3003 nafar o‘qituvchi hududiy bosqichda kuch sinashdi. Nihoyat, eng kuchli 210 nafar ustoz respublika bosqichi, ya’ni finalga yo‘llanma oldi. Ushbu bosqichda biologiya va matematika fanlaridan 1-tur, yozma ishda ishtirokchilarga 5 ta turli qiyinlik darajasidagi masalani yechish uchun 180 daqiqa vaqt berildi. 2-tur, laboratoriya ishida amaliy topshiriqni bajarish uchun 120 daqiqa belgilandi. Informatika va axborot texnologiyalari fanidan esa ikki kun davomida dasturlashga oid 10 ta masala berildi. Har 5 ta masalani bajarish uchun 240 daqiqa vaqt ajratildi.
Olimpiadada shaffoflik qay darajada ta’minlandi?
Aksariyatimiz O‘zbekiston sharoitida olimpiadalarni asosan shaffof o‘tmaydi deb hisoblaymiz. Xo‘sh, o‘qituvchilar olimpiadasi-chi? U qanday o‘tkazildi, turli “o‘yin”lardan xoli edimi? Jarayon Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi hamkorligida o‘tkazilgan bo‘lib, shaffoflikni ta’minlash maqsadida natijalarni tekshirish uchun har bir fandan tomonlardan bittadan vakil qatnashdi va ishtirokchilar ishlarini baholadi. Shuningdek, har bir tur yakunida seminar-treninglar tashkil etilib, javoblar mutasaddilar tomonidan izohlandi.
Shu kunning o‘zidayoq berilgan topshiriqlar ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib borildi.
“Atmosfera ajoyib edi, ilmli ustozlar davrasida bo‘lish sharaf!”
Adolat QUDRATOVA, Sergeli tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab informatika fani o‘qituvchisi:
− Olimpiada shaffof tashkil etildi. Ayniqsa, jarayon uchun tanlangan manzil har birimizda o‘zgacha taassurot qoldirdi. So‘lim tabiat bag‘rida ilmli, salohiyatli ustozlar davrasida bo‘lish, ular bilan fikr almashish, tajriba orttirish kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlarkan.
Olimpiadada tumanda 1-, hududiy bosqichda 3-o‘rinni oldim. Respublika bosqichida esa kutgan natijam chiqmasa ham, men uchun bu davra katta motivatsiya berdi. Kelasi shunday sinovlar uchun yanada kuchliroq tayyorgarlik ko‘raman, va albatta, o‘rgangan tajribalarimni o‘quvchilarimni xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda qo‘llayman.
“Birinchi ishtirokim bo‘lsa-da, katta maktab bo‘ldi”
Gulzoda MUHIDDINOVA, Olmazor tumanidagi 261-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi:
− Olimpiada shaffof, “o‘yinlar”siz bo‘ldi. Natijam zo‘r emas, lekin tajribam boyidi. Savollar orqali juda ko‘p yangi ma’lumotlar oldim. Endi o‘rganganlarimni maktabimdagi hamkasblarim va o‘quvchilarim bilan bo‘lishaman.
“Olimpiada o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga ruhlantirdi”
Dilshod SUVONQULOV, Jizzax shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internat informatika fani o‘qituvchisi:
− Guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz kerak, hech kim natijalaridan norozi bo‘lib, e’tiroz bildirmadi. Boisi, haqiqatan ham, olimpiada yuqori saviyada o‘tkazildi.
Bunday sinovlar muntazam tashkil qilib borilsa, albatta, biz o‘qituvchilar uchun ham, o‘quvchilarimiz uchun ham foydali bo‘ladi. Jarayon o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga ruhlantirdi.
O‘qituvchilar olimpiadasi yakuniy natijalariga ko‘ra, biologiya fanidan:
Buxoro shahridagi 35-maktab o‘qituvchisi Mirjalol Ahmedov 1-o‘rin;
Fargʻona shahridagi ITMA
1-IM o‘qituvchisi Ilhombek Turg‘unboyev 2-o‘rin;
Buxoro shahridagi 35-maktab o‘qituvchisi Mohinabonu Ikromova 3-o‘rin sohibi boʻldi.
Matematika fanidan:
Guliston shahridagi ITMA IM o‘qituvchisi Abdushukur Ahadov 1-o‘rin;
Angren shahridagi ITMA IM o‘qituvchisi Elbek Toshpoʻlatov 2-o‘rin;
Buxoro shahridagi ITMA PM o‘qituvchisi Abbos Muhammedov 3-o‘rinni egalladi.
Informatika fanidan:
Namangan shahridagi ITMA PM o‘qituvchisi Saidjalol Hasanov 1-o‘rin;
Yashnobod tumanidagi TMA
Al-Xorazmiy maktabi o‘qituvchisi Davron Avlaqulov 2-o‘rin;
Qiziltepa tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi Mansurjon Kamolov 3-o‘ringa munosib deb topildi. G‘oliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
“Turmush o‘rtog‘im 1-o‘rinni egalladi, men esa 3-o‘rin. Aslida u kishi mening ustozim!”
Bilim egallash, o‘z ustida ishlash, va albatta, biror natijaga erishishda oilaviy muhitning roli katta. Ilm yosh, millat, jins tanlamaydi, biroq muhit ko‘p narsani hal qilishi mumkin. Keling, pedagog Mohinabonu Ikromova hikoyasini eshitamiz.
Mohinabonu Ikromova, Buxoro shahridagi 35-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi:
− Olimpiadaning barcha bosqichlari men uchun katta tajriba maydoni bo‘ldi. Shahar bosqichida 1-, viloyatda 2-, finalda 3-o‘rinni oldim. Savollar darajasi juda yuqori edi.
Jarayonda juda ko‘p narsa o‘rgandim. Ayniqsa, ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari bilan tajriba almashish menga katta maktab bo‘ldi. Baholash ham yaxshi tashkil qilingan. Turmush o‘rtog‘im (Mirjalol Ahmedov, Buxoro shahridagi 35-maktab biologiya fani o‘qituvchisi) 1-o‘rinni egalladi, men esa 3-o‘rin. Aslida u kishi mening ustozim! Meni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi…
O‘zimga “Bir kun albatta men ham yuqori o‘ringa chiqaman” deb maqsad qo‘ygandim. Mana natija!
Respublika bosqichida 210 nafar (fanlar kesimida har bir hududdan 5 nafardan) oʻqituvchi oʻz bilim va iqtidorini namoyish etishdi. Eng yuqori natija koʻrsatgan (har bir fandan) 10 nafar (jami 30 nafar) ishtirokchi Fan olimpiadalari markazining “Fan kengashi” a’zoligiga qabul qilindi (batafsil rasmda). Mohinabonu Ikromova “Fan kengashi”ga tasdiqlangan yagona ayol.
O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ma’lumki, 2024-yili o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda 128 ta medalni qo‘lga kiritgan, 2025-yilda bu raqam 199 taga yetdi. Bu ustozlar bilimini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning samarasi, albatta. Mana shunday olimpiadalarni muntazam o‘tkazishdan asosiy maqsad ham ustozlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ular orqali yosh avlodni yuksak salohiyatli qilib ulg‘aytirishdir.
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Taraqqiyotning asosiy tayanchi
TAJRIBALI PEDAGOG – BARKAMOL AVLOD TAYANCHI
Yangi olingan quyidagi sertifikatlar tan olinmaydi
O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank