Talabalar huquqlarini himoya qiladigan tashkilot kerak! Yoxud bir etik izidan

Dolzarb mavzu Talabalar huquqlarini himoya  qiladigan tashkilot kerak!  Yoxud bir etik izidan
493



Talaba davlatning kelajak uchun katta umid bog‘lab hozirlayotgan bo‘lg‘usi kadridir. Quvonarlisi, yildan yilga ularning safi kengayib, o‘qish, hayotda o‘z yo‘lini topish barobarida jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shish yo‘lini tanlayotgan yoshlar, nafaqat yoshlar, balki turli yoshdagi o‘qish istagini bildirayotgan kishilar soni ortmoqda. Biroq bu jarayon o‘z navbatida bartaraf etilishi, isloh qilinishi shart bo‘lgan muammolarni ham oldimizga ko‘ndalang qo‘ymoqda…


“Ma’rifat” gazetasi har yili (o‘tgan yilda ham – “Ma’rifat” gazetasi, 2024-yil, 9-oktabr, 41-son, “Yotoqxona orzusi: talabaning kutilmagan qiyinchiliklari”, Shodiyona Xushmurodova) talabalar uchun ham quvonch, ham mashaqqatlarga boy sentabr, oktabr muammolari­ni mutasaddilar e’tibori, mushtariylar muhokamasiga havola qiladi. So‘nggi yillarda talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshi­rilayotgan islohotlar, albatta, kishini quvontiradi. Qolaversa, bunday e’tibor ularning hayotiy muammolarini chetlab o‘tib, bor diqqat-e’tiborini ta’lim olishga qaratishiga yordam bermoqda. Ammo hali-hanuz talabalarning bilim olishiga bo‘lgan to‘siqlar to‘laligicha bartaraf etildi deya olmaymiz. Quyida ularni qiy­nayotgan muammolardan biri bilan batafsil tanishamiz.


Xosiyat ALIJONOVA, O‘zDJTU talabasi:

“21 yoshdaman. Bakalavriatning 3-kursida tahsil olyapman. Hozirgi vaqtincha yashash manzilim Chilonzor tumani, S mavzesi. Hammaga ma’lum − Toshkentda yashash oson emas. Talabalar uyidan joy olganning baxti kuldi, qolgan talabalar uchun ayovsiz hayot boshlanadi. Bu bilan davlat barcha tala­balarni TTJ bilan ta’minlasin, degan fikrdan yiroq­man. Chunki eng rivojlangan davlatlarda ham talabalar yotoq­xona bilan yuz foiz ta’minlanmagan. Shu bois iloji boricha muhitga moslashishga harakat qilaman. Biroq 16-dekabr kechasi boʻlgan voqea men uchun umuman kutilmagan zarba boʻldi’’. 


Aslida muammo katta emasdi, kattartirishdi…


3 xonali xonadonda 8 qiz yashaymiz. Talaba qizlar koʻp boʻlgani uchun hamma oʻz buyumlariga ehtiyot boʻlishi kerak (holatni talabalar yaxshi tushuna­di). Gap shundaki, bir qiz qishki oyoq kiyimini oxirgi marta bir haftacha oldin kiygan. 16-dekabr kuni erta tongda qidirib topolmagan. Shuning uchun erta­lab janjal ko‘targan. Bir qizdan gumon qilib, telegram orqali ochiq so‘ragan. Etik yo‘q! Holbuki, har hafta ijara manzilini almashtiradigan talabalar bor, har bir kishi o‘zi uchun “komfort” izlaydi. Ular ko‘chish payti bilmay solib ketgandir, degan taxminga bordik. Muammo kattaravergach, bizni ijaraga qoʻygan ayol bilan bogʻlandik. U kelib vaziyatni toʻgʻri tushuntirib, hatto oyoq kiyi­mining pulini ham toʻlamoqchi boʻldi. Qizning aytishicha, bir yil avval etigini 500 000 soʻmga olgan ekan. Ijaraga oluvchi unga (bir yil kiyilgan oyoq kiyi­mi uchun) 450 000 soʻm taklif qildi. U rad etdi. Xonadoshlar har qancha tushun­tirmaylik, “102” ga telefon qilaman, oʻgʻrini topish kerak!” deya fikridan qaytmadi. Oxiri, ijaraga qo‘yuvchining toqati toq bo‘lib, unga chiqib ketishi uchun ikki soat vaqt berdi. Osonlikcha “xoʻp” deganiga hayron qoldik. Oradan ikki soatcha vaqt oʻtar-oʻtmas eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Shu payt kechki soat 11 dan oshgandi. Eshik­dan kirgan ayol janjal boshladi. Bilishimizcha, kutilmagan mehmonlar qizning opasi va pochchasi ekan (Janjal ko‘ta­rish, qimmatbaho, 1, 2 fasl sovug‘ida xizmat qilgan etikni topish uchun Jizzaxdan kelgan)…

Uyga kirib, opa hammamizni o‘g‘riga chiqarib baqira ketdi. Kuni bo‘yi charchagan talabalarning tinchini buzib, uyqusidan uyg‘otib, hech kim xonada qolmasligi, -5 gradus sovuqda kvartirasiz qoldirishini aytib, do‘q-po‘pisa qildi. Nimaga yo‘qolgan oyoq kiyim uchun tinchimizni buzasiz, deb norozilik bildirganim uchun opasining oldida ishonchi ortib xonadoshim yuzimga tarsaki tushirdi. Silkilashda davom etgani uchun majburiy himoyalanishimga toʻgʻri keldi. Keyin opa-singil birdaniga hujumga o‘tishdi. Qizlar bazo‘r ajratib olishdi. Tinchligimizni buzgani uchun gapirganimga meni o‘g‘riga chiqarib, toʻxtovsiz haqorat yog‘dirdi. Butunlay oʻzimni yoʻqotdim. Oyoq-qoʻlim tinmay titrardi. Shu kecha juda oʻgir ruhiy zarba oldim. Avval hech ham bunday holatga tushmagandim... 
Ayol hamon xonada toʻxtovsiz baqirar, turmush o‘rtog‘i “unutilmas kecha”ni videoga olardi. Holbuki, begona uydagi shuncha qizga “peshvoz chiqqan” aka­mizning opa-singlisini kechki payt kimdir bezovta qilsa, kamiga videoga olsa nima qilar ekan?
Yarim kechada birovning yashash xonadoniga bostirib kelib, janjal, tuhmat qilgani yetmagandek, “102” chaqirishdi. Tez orada ichki ishlar xodimi kelib, “Hech biringiz qonuniy vaqtinchalik roʻyxatga olinmagansizlar” degan vaj bilan uydagi hamma qizga jarima soldi. “Talabamiz, ertaga darsimiz bor” deyishimizga qaramay, hammamizni soat tungi 1 ga yaqin -5 gradus sovuqda Chilonzor tumani ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishdi. Ertalab darsi bor qizlar tonggi soat 5 gacha o‘sha yerda qolib, “etik fojeasi” haqida yozib berdik”...


Holat yuzasidan mutasaddilar bilan bog‘landik. Toshkent shahar IIBB Axborot xiz­mati:

Jinoyat va huquqbuzarlik bo‘yicha xabar kelib tushgandan so‘ng IIO
xodimlari albatta manzilga borgan holatda vaziyat bilan tanishadi. Holatni o‘rganish uchun kun yoki tun, ya’ni vaqt­ning ahamiyati, aloqasi yo‘q. Tekshiruv o‘tkazish uchun vaqt ketadi. Shuning uchun ham IIO xodimlari tun-u kun faoliyat olib boradi”.


Holatni yaqindan anglay boshlagani­ngiz tabiiy. Mavzuni esa talaba murojaatining keyingi qismi bilan davom ettiramiz:

Ikki kundan beri darsga shunchaki davomat uchun boryapman... Miyam hech qanday yangi axborotni qabul qilolmayapti. Menimcha, bu holatdan chiqishim uchun menga ruhshunos yordami kerak. Atrofdagilarga bildirmasam ham men qattiq stressga tushib qoldim’’…

Bugun tobora ildiz otayotgan yuqoridagi kabi zamonaviy kasalliklar − stress, depressiya va uning keyingi oqibatlari haqida ma’lumot olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligidan mutaxassis so‘raganimizda M.N. ismli nevropatolog bilan bog‘lab berishdi. Ammo shifokor vaziyatni bilgandan so‘ng aralashmaslik­ni afzal ko‘rdi: “Uzr, men yordam berolmayman”…


Shundan so‘ng internet orqali savolimizga javob topishga harakat qildik:

Stressning yuzaga kelish sabablari ilmiy nuqtayi nazardan turlicha izohlanadi. Stressning fiziologik, psixologik, shaxsiy hamda tibbiy belgilari mavjud bo‘lib, ularning istalgan turi doimo hissiy qo‘zg‘alish bilan birgalikda kechadi. Stress holatining belgilarini mutaxassislar quyidagicha ajratishgan:
– fiziologik belgilar: yurak urishi va nafas olishning tezlashishi, yuz terisi­ning qizarishi yoki oqarishi, terlash, qon tarkibida adrenalin miqdorining ko‘pa­yishi;
– psixologik belgilar: psixologik funksiyalar dinamikasining o‘zgarishi, tafakkurning sekinlashuvi, diqqatning bo‘linuvchanligi, xotiraning pasayishi, qaror qabul qilish jarayonining sustlashuvi;
– shaxsiy belgilar: irodaning butunlay yo‘qolishi, o‘zini o‘zi nazorat qilishning pasayishi, xulq-atvordagi stereotiplik va sustlik, qo‘rquv, xavotir, sababsiz bezovtalik, ijodkorlik qobiliyatining yo‘qolishi;
– tibbiy belgilar: nevrozning ortishi, hushdan ketish, affektlar, bosh og‘rig‘i, uyqusizlik.
Natijada organizm o‘zini himoyalashga, taʼsirni so‘ndirishga harakat qiladi. Ammo shuni ham hisobga olish zarurki, organizmning kuchi cheksiz emas va jiddiy stress vaziyati vujudga kelganda, inson buni ko‘tara olmasligi mumkin. Oqibatda turli xastaliklar paydo bo‘lishi, stress o‘ta kuchayganda esa o‘lim holati ham kuzatiladi”…

(Izoh. SamDU “Psixologiya nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi o‘qituvchisi Muxtasam Sulaymonovning maqolasidan olindi).


Oddiy muammoning bu qadar chuqur, jiddiy sabablarga olib kelishini o‘ylab ham ko‘rmaganmiz. Masalaning keyingi tomoni – talabaning yelkasidagi mas’uliyati, o‘qishi uchun yetkazilgan zarar, ya’ni yo‘qotilgan aniq vaqt – kechki soat 11 dan tonggi 5 gacha va u stressdan chiqqunga qadar yo‘qotiladigan noma’lum muddatning hisobi va uning oqibatlari haqida kimdan so‘rash, qanday xulosaga kelishni bilmadik…


Gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni” romanida “Inson eng avval moddiy jihatdan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Shunda uning o‘y-xayoli, ruhiy qobiliyati, iste’dodi va butun xatti-harakati bir burda non topishga emas, balki undan ko‘ra muhimroq, olijanobroq va yuksakroq maqsadlarga qaratiladi” deganida naqadar haq edi. Ushbu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatni yuqoridagi holatga taqqoslasak bo‘ladi, ya’ni talabalari­miz shu va shu kabi muammolar bilan band ekan, bunday muammolarni to‘lig‘icha bartaraf eta olmas ekanmiz, undan ko‘ra muhimroq, olijanobroq va yuksakroq maqsadlar bir chetda qolib ketaveradi. 


Muhim! “Ma’rifat” gazetasining 2023-yil 5-aprel, 14-sonida ham talabaning qamoq jazosi o‘taganligi haqida “Asrga tatigan yetti kun” nomli hayotiy hikoya e’lon qilingan edi.

Shahnoza YANGIBOYEVA,

“Ma’rifat” muxbiri

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish