Ustama mashmashalari

Dolzarb mavzu Ustama mashmashalari
82


Mushtariylar bilan o‘qituvchilar ish haqiga qo‘shimcha beriladigan ustama  haqidagi fikrlarimni o‘rtoqlashishga “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida bir post atrofidagi bahs, munozaralar sabab bo‘ldi. Post va munozaralardagi fikrlarni sal quyiroqda keltiraman, ungacha ish faoliyatim davomida o‘zim guvoh bo‘lganim ayrim holatlar bilan o‘rtoqlashsam.


Ustama joriy etilishidan maqsad oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirishda taʼlim tizimining eng quyi boʻgʻini boʻlgan maktablar rolini oshirish, oʻqituv­chilarni taʼlim rivojiga qoʻshgan shaxsiy hissasiga qarab ragʻbatlantirish boʻlganligini barchamiz bilamiz. Maktablarda direktor jamgʻarmasi tashkil etilib, oʻqituv­chilarga ustama berila boshlanganiga ham yigirma yil boʻlibdi. Bu vaqt davomida tizim takomillashib, ajratiladigan mablagʻ esa kamayib bordi. Dastlab mazkur jamgʻarma ish haqi fondining 15 foizini tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunda 8 foizga tushib qolgan. Ustama tayinlashning huquqiy asoslari ham takomillashib, inson omiliga deyarli oʻrin qoldirmaydigan darajaga kelgan. Mehnat qil, natijaga erish va haqqingni ol.


Ustama tayinlashda oʻqituvchilar faoliyati 9 ta mezon asosida, erishilgan aniq natijalarga koʻra baholanadi. “Sinfdan tashqari ishlar” (15 balgacha) va “Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan oʻqituvchi faoliyatining baholanishi”(5 balgacha) hamda “Oʻquvchilar tomonidan oʻqituvchi faoliyatining baholanishi”(5 balgacha) yoʻnalishlaridagina oʻqituvchiga belgilanadigan balni oshirish yoki kamaytirish mumkin. Ammo bu yoʻna­lishlarda ham aniq natijalarga koʻra beriladigan ball belgilab qoʻyilgan boʻlib, oʻqituvchi oʻz natijasi uchun bemalol talashib, tortishishi mumkin. Ammo aniq natijalarga ega boʻlsa... Aksincha holatlarda esa ustamaga qiziqmagan maʼqul...


Ustama joriy etilganidan buyon 35–40 foizdan kam ustama olganimni eslay olmayman. Ammo oʻtgan yili natijalarim yaxshi boʻlmadi. Sarhisob qilinganda 10 foizga toʻgʻri keldi. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari 35 foiz, direktorimiz esa hech boʻlmaganda 25 foiz ustama belgilashmoqchiligini aytishdi. Ishchi guruh aʼzosi boʻlgan matematika oʻqituvchimiz ham ularning fikriga qo‘shildi. Ammo men natijaga yarasha belgilangizlar degan fikrimda qatʼiy turib oldim. Xullas, 10 foiz ustama belgilashdi. Uchchovlari ham mendan xafa boʻlishdi. Yangi yil arafasida ustamalar viloyat prokuraturasi tomonidan, keyinroq esa nazorat-taftish boʻlimi tomonidan tekshirildi. Har uchchala hamkasbim qayta-qayta rahmat aytishdi. Chunki agar 25–35 foiz ustama olganimda, men bilan birga ular ham javobgar boʻlishar edi. Sababi, toifam oliy, 30 soat dars oʻtaman. Noqonuniy toʻlangan 15 yoki 25 foiz ustama anchagina mablagʻ boʻlardi. Ular esa kamida maʼmuriy javobgarlikka tortilardi.


 Endi “Maʼrifat” mushtariylari” guruhida bahs-munozaraga sabab boʻlgan postni keltirib oʻtsam. Guruh aʼzosi Hilola MAMAJONOVAning quyi­dagi posti guruh aʼzolari oʻzlarining muammolari bilan oʻrtoqlashishlariga sabab boʻldi:

“Men bugun maktabdan juda tushkun ahvolda kel­dim. Ustama g‘alvasi. Ustamaga daʼvogar bo‘lmasdim. Bu yil ancha o‘rnak ko‘rsatgan ish­larim borligi uchun hujjat tayyorladim. Birinchi gal kengash aʼzolari ko‘rib 20 foiz belgilashdi. Yana chaqirib 15 foizga tushirishdi, bugun borsam ustamadan o‘chirishibdi. Alam qildi, nimaga? Yana nohaqlik, ishlamaydigan, rahbarlarning “yalovdorlari” olarkan. Boshlang‘ichda ishlaydiganlarga yo‘q! Uchtagina nomzod olarkan, ularning “tili uzun”.


Taʼlimda shunday nohaqliklar boshqalarning ishdan sovushiga, qadrsizlanishiga olib keladi. Talab  qilaman, TMMTB, VMMTB qoshida ilmli, xolis insonlardan komissiya tuzilsin. Ustama hujjatlar pdf shaklida jo‘natilar ekan. Ko‘rilsin, loyiq nomzod­larni shular aniqlasin(xolis bo‘lsa, albatta).


Mayli, men ustamaga qarab qolgan joyim yo‘q, lekin hadeb ishlagan qolib qing‘ir yo‘llar bilan davlatning pulini so‘rayotganlarga hayfim keladi. Loyiqmas, darsni hani-huni o‘tib qochadigan, “ommalash­tirish”ni sotib olgan, repetitordagi o‘quvchisining orqasidan rag‘barlantirilayotganlar ustozlik maqomiga “besh”. “Maʼrifat” o‘qituvchilarning dard-u hasratini eshitadi degan umiddaman!”. 


Guruh aʼzosi Xosiyatxon bu haqda quyidagi fikrni bildirib oʻtdi:

“823-qaror chiqqandan so‘ng boshqa maktablarni bilmadim-u, bizning maktabda ustama so‘zi unutildi. Chunki qo‘l yetmas darajada qilib qo‘yildi, bir ban­dini bajarsang, bir bandi mushkul, bir bandini bajarish oddiy ish bo‘lsa, bir bandiga ball olish muammo... Tirishib-tirmashib yetdimov desang, kengash a’zolari vahima qilib, ming chig‘iriqdan o‘tkazishadi. Topib olgani “Qayta to‘latishadi”. E bor-e dedig-u, jamoa bilan birgalikda ustama muammosidan voz kechib yubordik-da, sertifikatga harakatni boshlab yubordik. Buniyam olish osonmas ekan, bir o‘qituvchi o‘tgan yili oldi, men shu yil aprelda 3-urinishda oldim. Olloh nasib etsa, 3 yilgacha 50 foiz ustama olaman. Maslahatim, maktabdan ustama olaman deb uringandan ko‘ra sertifikatga harakat qilgan ma’qulroq ekan”.


Shu oʻrinda Xosiyatxon tasvirlagan holat aksariyat maktablar uchun xosligini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Koʻpchilikning nazdida sertifikat uchun ustama ola­digan oʻqituvchilarga shuning oʻzi kifoya, u qanday natijaga erishgan boʻlsa ham maktabdan beriladigan ustamaga daʼvogarlik qilsa uyat hisoblanarmish.


Oʻqituvchi bo‘laturib, mana shunday fikrlashning oʻzi uyat mening nazarimda. Axir sertifikat uchun beri­ladigan ustama bu oʻqituvchining bilimi, tajriba va mahoratiga beriladi. Bunda hech qanday limit va cheklovlar yoʻq. Biliming yetsa sen ham ol. Oddiy misol, oʻzim Milliy sertifikat uchun 50 foiz, maktab direktor jamgʻarmasi hisobidan 35 foiz ustama olaman. Va  buning uchun uyalmayman.


Shu oʻrinda maktab rahbariyatining natijaga erishgan oʻqituvchilarning ustama olishiga qarshi boʻlishlarini umuman tushunmayapman. Bunday holatda oʻqituv­chilar va maktab faoliyati orqaga ketmaydimi?


Shu oʻrinda guruh aʼzosi Nazarovaning fikrlariga eʼtiboringizni qaratsam:

“Aziz hamkasblarim! Aytsam dilim, aytmasam tilim deganlaridek, men ham yuqoridagi ustozlar xili­dan ekanman. O‘zim komissiya a’zoligidaman! 3 kun oldin 10 foizga ilindim, ustama hujjatlarining ballarini hisob­laganda, keyingi kun 15 foizga, bilmadim bugun shu ustama foizidan ham ayrildim.


Maktab direktori ichki buyruq qilib boshlang‘ich sinflarda, olimpiada o‘tkazishdi. 1-2-3-o‘rinni ham mening sinfimdagi o‘quvchilar olishdi. Ommalash­tirishda 74 ball bilan viloyatga chiqdim.


Boshqa bandlardan hamma ishim bor. Sinfdan tashqari ishlar bandiga nechta fandan dars bersam, hammasidan to‘garak o‘tishim kerak ekan. Bu degani senga ustama yo‘q, maktab veb-saytini yuritaman desam, u o‘zing uchun deydi. Xullas, iltimos sizdan bizning ustozlarga sinfdan tashqari ishlar uchun degan bandga aniq ma’lumotni vazirlikdan olib bering”.


Yuqorida aytgan fikrimning koʻzgudagi aksi, toʻgʻrimi? Axir bu ketishda oʻqituvchilarning ishga boʻlgan qiziqishlari, intilishlari batamom oʻladi-ku. Guruhning yana bir aʼzosi Saidaxon MAMAJONOVAning eʼtirozida ham jon bor: 

“Demak, koʻp joyda muammo bir xil. Hujjat tayyorladim, balim 97 ga yetdi. Lekin 25 % bilan kifoyalashdi(maktabimizdagi eng yuqori foiz)... Fondga pul kam ajratilayotgan ekan, keyingi yillarda moddiy yordam oluvchilar koʻpayibdi... Kamiga davlat tomonidan oladigan ustamam yetarli ekan...”. 


Saidaxonning “davlat tomonidan oladigan ustamam yetarli ekan...” degan gapidan sertifikat uchun ustama olar ekan degan xulosaga kelish mumkin. Maktabga rahbar boʻlaturib mana shunday fikrlashning oʻzi, mazkur rahbarlarning maktabda qorovullik yoki farroshlik qilishga ham layoqatsiz insonlar ekanini koʻrsatadi. Men bu fikrim bilan qorovul yoki farroshlarni kamsitmoqchi emasman, balki ularning ham bu narsani  tushunishini, bilishini taʼkidlamoqchiman.


97 ballik natijaga erishgan oʻqituvchilarning qadriga yetmaydigan maktab rahbarlarini men tasavvur qila olmayman. Axir bunday oʻqituvchilar maktablar oʻrtasida talash boʻladi-ku.


Fidoyi ustozlardan Gulchehrahon ASHUROVA:

“O‘qituvchi bunday mashmashalardan qutulishi, adolat qaror topishi, dunyoqarashi tor, o‘qituvchi mehnatining qadriga yetmaydigan, korrupsiyaga moyil rahbarlar, o‘rinbosarlar... ga yana necha yil chidashi kerak ekan-a? 

“O‘qituvchi – millat yuziʼʼ, degan purmaʼno fikrlar sarobmi?’ʼ.

Soʻngsoʻz oʻrnida, ustama olishda muammolarga duch kelayotgan oʻqituvchilarga maslahatim, natijalaringiz yetarli boʻlsa, sizning ustama olish huquqingizni maktab rahbariyati rad etish va cheklashga haqqi yoʻq. Ishchi guruh belgilagan ball asosida belgilangan ustamani olishga haqlisiz.

Normamat ESHONQULOV, 

Oltinsoy tumanidagi 

63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Normamat ESHONQULOV

Normamat ESHONQULOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish