Uyga vazifalar foydalimi yoki zararli?

Dolzarb mavzu Uyga vazifalar foydalimi yoki zararli?
50



Deyarli barcha ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga darsdan tashqari bajarish uchun uy vazifalari beriladi. Bu borada mutaxassislarning qarashlari ham turlicha. Ayrimlar uy vazifalarini o‘quvchilar bilimlarini mustahkamlashning muhim vositasi deb hisoblasa, boshqalar maktabdagi mashg‘ulotlarning o‘zi yetarli ekanini, o‘quvchi bo‘sh vaqtini oila davrasi, dam olish va sportga ham ajratishi lozimligini ta’kidlaydi.


Ta’lim sohasida olib borilgan bir qancha tadqiqotlar esa uy vazifalarining ijobiy jihatlari borligini ko‘rsatadi. Jumladan, 2017-yilda Turkiyada Go‘khan Bash va uning hamkasblari tomonidan o‘tkazilgan meta-tahlilda uy vazifalarning o‘quvchilar bilimiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Education Endowment Foundation (EEF) tashkiloti hisobotlarida uy vazifalarining mustaqil ishlash va vaqtni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi ahamiyati qayd etilgan. To‘g‘ri tashkil etilgan topshiriqlar o‘quvchining mustaqil fikrlashi, bilimiga tayangan holda muammolarni hal qilishi va mas’uliyat hissini oshirishiga yordam beradi.


Biroq vazifalar me’yoridan oshib ketsa, buning salbiy oqibatlari ham kuzatilishi mumkin. 2014-yilda AQSHning Stanford universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda kuniga uch soatdan ortiq darsdan tashqari yuklama o‘quvchilarda stress, uyqusizlik va salomatlik bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etilgan. Education Sciences jurnalida chop etilgan tadqiqotlarda ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ortiqcha vazifa berilishi ruhiy charchoqni kuchaytirishi va o‘qishga bo‘lgan qiziqishni pasaytirishi mumkinligi ta’kidlanadi. Demak, topshiriqlarning miqdoridan ko‘ra, mazmuni va bolaning yoshiga mosligi muhimroq.


– Beriladigan topshiriqlar bir-ikkitadan oshmasligi kerak. Men o‘zim dars oxirida ikki-uch daqiqa vaqt ajratib, vazifani tushuntirib yuboraman – deydi Olmazor tumanidagi 24-sonli maktabning oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 26 yillik ish tajribasiga ega Munojat Berdiqulova. Shunda bola uyda qiynalmaydi va ota-onasini bezovta qilmaydi. Shuningdek, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va ehtiyojlarini hisobga olish ham muhim. Ayrim bolalarda qiyinchilik kuzatilsa, ular bilan alohida ishlab, topshiriqlarni bajarish yo‘llari tushuntiriladi. Ba’zan yozma mashqlar o‘rniga karra jadvali, maqollar yoki so‘z turkumlarini yodlash orqali bilimlar mustahkamlanadi.


– Uy vazifalarining me’yorida berilishi bolaning mustaqil fikrlashi va muammoni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi – deydi Psixolog Maftuna Mardonova. Bu borada pedagog topshiriqlarni bajarishda o‘quvchining ruhiy holati va imkoniyatlarini hisobga olish lozim.


Ota-onalar ham bu masalaga befarq emas. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisining onasi farzandi asosan gap tuzishda qiynalishini, biroq vazifalarni reja asosida bajarishini aytadi. Uning kuzatishicha, uy topshiriqlari bolada mas’uliyat hissini oshiradi. Ammo ayrim sinflarda beriladigan ko‘plab yozma mashqlar o‘quvchini bilim olishdan sovitishi mumkin. Shu bois boshlang‘ich sinflarda topshiriqlar kam, tushunarli va bolaning yoshiga mos bo‘lishi kerak.


Ta’kidlash kerakki, vazifalari o‘quvchining bilimini mustahkamlash, mustaqil fikrlash va mas’uliyat hissini rivojlantirishga xizmat qiladi. Biroq bunda topshiriqlarning hajmi emas, balki mazmuni, yoshga mosligi va to‘g‘ri tashkil etilishi muhim. Me’yorida va aniq maqsad bilan berilgan uy vazifalari ta’lim samaradorligini oshirish bilan birga, bolaning dam olishi va boshqa mashg‘ulotlarga vaqt ajratishiga ham imkon yaratadi.


Mohina FATHUTDINOVA,

O‘zJOKU talabasi

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish