Abdulla Avloniy: Turkiy guliston yoxud axloq

Abdulla Avloniy
189

IDROK va  ZAKO



Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarini o‘qimagan inson bo‘lmasa kerak. Mabodo bo‘lsa, ularga bu kitobni o‘qishni maslahat beraman. Har bir xonadonda mana shu kitob bo‘lishini, har kimning har kuni ko‘zi tushadigan joyda turishini tavsiya qilaman. Bu kitob biz ota-onalarga farzand tarbiyasida eng yaqin ko‘makchi bo‘lish bilan birga o‘zimizni ham ba’zi masalalarda o‘yga toldiradi. Qanchalik aql-u zako egasi ekanligimizni ko‘rsatib beradi. Shu sababli men bugun jadid adabiyotining yirik vakili Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida keltirilgan “Idrok va zako” mavzusida siz bilan fikrlashmoqchiman.

“Idrok va zako deb ochuq fikrli, xush­tabiat, ziyrak bo‘lmakni aytilur. Idrok va zako yaxshi xulqlarning ravzayi rizvoni, ibrat ko‘zlarining nuri rahmoniysidur. Ilm-u ma’rifat sohibi bo‘lmak uchun sa’y va g‘ayrat kerak o‘ldig‘i kabi zehn va idrokning ham salomat bo‘lmog‘i shartdur. Shuning uchun yoshlikdan boshlab zehn va idrokimizni quvvatlandurmak uchun aziz umrimizni o‘yin-kulgi, safsata kabi behuda so‘zlar ila o‘tkarmay, har xil kitob, g‘azita va jurnallarni o‘qub, fikrimizni ochmoq, zehnimizni quvvatlandurmak lozimdur. Zehnsiz kishilarning o‘lchovsiz so‘zlari o‘zlarini uyaltirgoni kabi eshituv­chini ham zeriktirur.


Har kishining fikr, 

    idrokin so‘zi bildurg‘usi,

Pistayi bemag‘z agar 

            lab ochsa rasvo bo‘lg‘usi”.


Oilada farzand dunyoga kelar ekan, uning tarbiyasiga ota-ona mas’ul. Bolalarni yoshligidan o‘qishga, ilm olishga o‘rgatish muhim. Buning uchun hamma xonadonda kitob javoni bo‘lishi shart.  Uyingizni kitob bezasin! Zero, kitoblar dunyosida yashagan bolaning kitob bilan do‘st tutinmog‘i oson kechadi. Shunday ekan bolalarga yoshligidan she’r yodlatish, ertaklar aytib berish ularning zehnini o‘tkirlashtiradi. Harflarni tanib, mustaqil o‘qiy boshlaganidan so‘ng kitob o‘qishga qiziqtirish, kitobga mehr uyg‘otish lozim. Buning uchun esa ota-onaning o‘zi  kitobxon bo‘lishi kerak. Bugun kitob o‘qigan bola bilan o‘qimagan bolaning farqi yaqqol ko‘zga tashlanayotgan bir paytda bu masalaga befarq qarab bo‘lmaydi. Bola kitob o‘qisa, u voqealar ichida yashaydi. Qahramonlar taqdirini o‘zicha tahlil qiladi. Xulosa chiqarishga, tanqidiy munosabat bildirishga o‘rganadi. Shunday qilib unda mustaqil fikr shakllanadi. Endi u atrofdagi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ishonmaydi. Qaysi yo‘l yoki qaysi fikr to‘g‘ri-noto‘g‘riligini ajrata oladi. Bora-bora mustahkam irodali, erkin fikrli shaxsga aylanadi. Bizga esa mana shu kerak! Ha, albatta, farzandimiz, o‘quvchimiz hayotda o‘z o‘rnini topsa, dunyoqarashi keng, mehr-oqibatli, barkamol inson bo‘lib voyaga yetsa faxrlanamiz. Qaddimizni baland tutib mening farzandim, mening shogirdim deya g‘urur­lanamiz. Shu sababli o‘g‘il-qizlari­mizni yoshligidan kitobga mehrli qilib tarbiyalaylik, zero kun kelib bu mehr bulog‘idan o‘zimiz ham bahramand bo‘la­miz. Fikrimizni yana yuqoridagi asarga qaratsak:

“Idrok sohibi o‘zini fozil va ulug‘ bilub hamjinslariga haqorat ko‘zi ila boqub:  “Bilasanmi? Man qanday boy va obro‘li kishiman” deb maqtanub, o‘zini katta qilub ko‘rsatmas”. Yon atrofingizga bir nazar soling-a, odamlar turfa, fe’l-atvori xilma-xil. Ma’naviyatli, ziyoli insonlar hech qachon maqtanmaydi. Bilimini ko‘z-ko‘z qilmaydi. Hatto moddiy jihatdan ba’zilardan ustun bo‘lsa-da, kibrga berilmaydi, chunki uning ma’naviyati yuksak, ma’naviy olami go‘zal. Mana shu jihatni, ya’ni kamtarlik, olijanoblikni ham kitobdan o‘rganadi. “Hushyor va ziyrak kishilar kuch va quvvatlari bor vaqtida keladurgan zamonlarini tushunib, pul va mollarini o‘rinsiz yerlarga, to‘y va ma’rakalarga haddan ortiqcha isrof qilmaslar, o‘zlarining rohati, bola-chaqalarining saodati uchun bo‘ladur­gan yer va bog‘larini sotmaslar, zamonaga muvofiq kishi qilmak uchun bolalarini o‘qitmak va tarbiya qilmak to‘g‘risida aqchalarini aslo qizg‘anmaslar”. Ming shukrki, bugun O‘zbekistonimiz rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Odamlarning ongi o‘sdi. Turmush tarzi yaxshilandi. Imkoniyat keng. Banklar ajratayotgan kreditlar xalqimizning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi-yu, tomorqadan unumli foydalanishi va yana orzular usha­lishiga xizmat qilmoqda. Eng quvonarlisi, bugun ota-onalar bolalarining o‘qishi, bilim  olishiga befarq emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivoj­lantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishidan so‘ng nafaqat o‘quv­chilar, talabalar, balki ota-onalar ham kitob mutolaasiga kirishib ketdi. Buni men o‘zim rahbarlik qilayotgan sinf ota-onalari misolida aytishim mumkin. O‘quvchilarimga o‘qish uchun bergan kitoblarni ota-onalari ham o‘qib chiqdi, buni o‘zlari kitobxonlik kechalarimizda ta’kidlashgan edi. Endi ota-onalar topgan mablag‘larini ortiqcha dabdababozlikka, hashamatli to‘y va marosimlarga emas, bolalarining ta’lim olishiga sarflamoqda. Ya’ni, maktabga qadam qo‘ygan o‘quvchi borki, ota-onalar tomonidan qo‘shimcha darslarga jalb etilayapti. Yuqori sinf o‘quvchilari darsdan so‘ng til o‘rganishga, repetitorlik kurslari­ga qatnayapti. Shu sababli yildan-yilga oliy o‘quv yurtiga kiruvchilar soni oshib bormoqda. Va ayniqsa, o‘qituvchilar bilan ota-onalarning o‘zaro hamkorligi kuchaygani bois farzandlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayapti. Ertamiz maroqli bo‘lishi, qariganda rohat-farog‘atda yashashimiz uchun farzand­larimizni bilimli, xushmuomala, ziyrak, aql-farosatli qilib tarbiyalaylik. Bunda bizga Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari eng yaqin yordamchi bo‘ladi, deb  o‘ylayman. Muallifning quyidagi satrlari esa doim yodingizda bo‘lsin:   

Idrok ila aqling-la ayur 

                 yaxshi yomonni,

Behudaga sarf etma shu 

              qimmatli zamonni,


Sa’y et, jadal et, ilm-u 

             fununa harakat qil,

Boq, nayladilar hikmat 

              ila ushbu jahonni.

Muyassar XOLMAMATOVA,

Muzrabot tumanidagi

7-maktabning ona tili va       

adabiyot fani o‘qituvchisi,

Xalq ta’limi a’lochisi

document

Abdulla Avloniy: Turkiy guliston yoxud axloq

(1.68mb)

Yuklab olish