Baxtiyor Abdug‘afur: O‘zbechka

Baxtiyor Abdug‘afur
112

DUNYONI YAXSHILIK QUTQARADI

Qadrli, Jamila! 

Ha, to‘g‘ri o‘qiding, sen mening qadr­ligimsan! Rost, sen meni ko‘rmagansan, ammo men seni yetarlicha tanidim, “ko‘rdim”. Sendek jasur o‘zbek qizining vahshat vodiysidagi ma’sum sarguzash­t­lari, qahramonliklari, qonxo‘r tuzum tegirmoniga qayta-qayta tushib butun chiqqan metin bardoshi to‘g‘risida dunyo tarixida haqiqatlar borligi qanday baxt! 


“Ham aqli, ham yurak ko‘zi bilan ishlaydigan snayper”


Ikki kundirki, sen haqingda hikoya qiluvchi “O‘zbechka shu dam nafas olayotganimni sezdirmaslikka tirishaman; sen nishondagi fashistni yiqitganingda beixtiyor ko‘zim yonib ketadi, qaltis holdasan-u mazlumlar joniga oro kirganingda insoniy­lik taftidan tebranib ketaman... Bilasanmi, Snayper qiz, seni avvalboshidayoq tuhmat, ta’qiblari sabab frontga ketishingga majbur etgan ablah Xo‘jayevdan, frontdagi ajralmas pastkash dushmaning mayor Gromovdan endi ortiq xafa emasman. To‘g‘ri, ular seni har gal olovga tashladi, o‘limga yuzma-yuz qildi, lekin tushun, ular qismat yo‘lingda sababli to‘siqlar edi. Agar shu to‘siqlar bo‘lmaganida boringcha qolib oddiy va mute kolxozchi Jamila bo‘lib yashashda davom etarding balki. Ehtimol, rais seni surgun qildirardi, noming chiqmay hech kim bo‘lib dunyodan o‘tarding. Axir ularning sen haqingdagi “sabotajchi, vatan xoini” degan tamg‘alari asossiz ekanini isbotlash uchun ham har yiqilganingda turishga talpinganing rost-ku. Azbaroyi shu intilishlar, front bo‘ylab ko‘rsatgan chin o‘zbekka xos mehnating, himmating, sen yo‘q qilgan fashistlar adadi, qolaversa, pol­kovnik Romanenko, Novgorodov, oshpaz Marina, leytenant Bobrov, Zaytsev, Aron Moisovich, Ostapich, Karimberdi ota kabi o‘zingdek yaxshilar sababidan vatan ozod bo‘ldi, avlodlar tinchlik ta’mini totdi.


“Gap nechta dushmanni emas, qanday dushmanni yo‘q qilganlikda” 


Esingdami, nemis fashistlarining ishongan ikki nomdor vakilini ketma-ket snaypering bilan yer tishlatgach, ratsiyalar aro “o‘zbechka” degan maxfiy so‘z dushman lug‘atlaridan topilmay, ularni qattiq sarosimaga solib qo‘ygandi. Keyinroq sho‘ro nashrlaridan biri “Oddiy o‘zbek qizi Jamila Qodirova yoki “O‘zbechka” gitlerchilarni sarosimaga solib qo‘ydi” nomli maqola e’lon qildi. Sen o‘shanda­yam dushman ruhiyatini sindirish orqali g‘alaba sari shaxsiy hissangni qo‘shib borarding... “Urushda qurbonlar hisobga olinmaydi, faqat ishg‘ol etilgan hududlar haqida so‘zlanadi”. Eh, O‘zbek qizi! Keyingi avlod odamlarining aksariyati urush haqida faqat kitoblar va kinolardan biladi, xolos. Ilo­him, bundan keyin ham ro‘y-rost urushni ko‘rmasin xalqlar (Ko‘rayotganlariga esa Olloh rahm etsin!).  Biz taraflarda yaqinda bir ota uch farzandini pichoqlab qo‘ydi, boshqa bir ona farzandlari bilan o‘zini yuqori qavatdan tashlab joniga qasd qildi... Qayer­dadir, hayvonlarni zavq uchun qiynoq­qa solib, o‘ldirib yuboryapti... Ular ham  “O‘zbechka”ni o‘qisalar edi, umuman kitob o‘qisalar edi... Bolasini hayot ne’matidan mosuvo qilgan noshukrlar, zolimlar qayerdan bilsin, bizning ajdodlar front ortida o‘zining jo‘jabirdek joni qolib qancha millatning bevasi, keksasi va yetimlariga bag‘rikenglik qilganini... Anavi zolimlar-chi, bir dam chekist va fashistlar g‘ayrioddiy qiynoqlar bilan o‘z ota-bobolarini tiriklayin o‘ldirganini eshitib titraganmikan? Jamilaginam, hozir bu ochiq maktubimni nafaqat sen, balki butun zamondoshlarim o‘qiyotgan bo‘lishi mumkin. Men ularga “Baxtiyor Abdug‘afurning “O‘zbechka”sini albatta o‘qinglar degan bo‘lardim. Ushbu asar yoshidan qat’i nazar, barchaga barobar o‘tmishdan ibrat, hikmat manbayi. Bugungi tinch tonglari­miz kecha bosib o‘tilgan mashaqqatli va chirkin hayot evaziga o‘tayotganini his etib yashashdan qo‘ymasin!

Ha, aytgancha. Polkovnik Novgorodov urush tugagach Toshkentda oilasini asrab qolgan xokisor o‘zbek odamlariga qarab: “Shunday bag‘rikeng xalq bilan urushda yengdik” deganida dodlab yubordim... Darhaqiqat, sen snayper qizgina timsolida nafaqat front, balki front ortidagi zahmatkash xalqimning beqiyos yaxshiliklari evaziga o‘sha shonli g‘alabaga erishdilar. Demak, dunyoni yaxshilik qutqaradi! Sen esa yaxshilarning eng yaxshisan,

qadrligim “O‘zbechka”.


Nafisa ORTIQOVA,

O‘zJOKU talabasi