G'afur G'ulom: Shum bola
“Shum bola” – etnografik asar
G‘afur G‘ulomning har bir asarida o‘sha davr va undagi insonlarning yashash tarzi, shahar hayoti aks etadi. Masalan, “Shum bola”, “Yodgor” va “Mening o‘g‘rigina bolam” asarlari hamda “Toshkent”, “Sen yetim emassan” she’rlarini o‘qib, yozuvchi qanday qilib bizni bir asr ortga qaytarib, fikr qilishimizga sabab bo‘lishi ajoyib.
“Shum bola” orqali bizga nafaqat o‘sha davrdagi mavjud kamchilik, muammolar, balki “non shahri” deb atalmish Toshkentning holati, unda mavjud barcha imkoniyatlar ko‘rsatib berilgan. Eng muhimi, bu asar orqali poytaxtimizning etnografik tomonlari haqida ma’lumot olamiz. “Shum bola” asari voqealari shahar mahkamasi bilan boshlanib, uning atrofidagi choyxonada hattoki, grammofonlar mavjud ekanligi, To‘ychi hofiz, Hamroqul qori, Hoji Abdulaziz va farg‘onalik yallachi xotinlar tomonidan maqom, yalla, ashulalar aytilishi haqida yoziladi. Yozuvchi xalqimizning mehmondo‘stligi, bir davrada yig‘ilib, yor-u do‘stlar bilan hamsuhbat bo‘lishni juda ham yoqtirishi va san’atga bo‘lgan mehr-u ishtiyoqini mohirlik bilan ko‘rsatib bergan. Eng quvonarlisi, bir asr oldin ham Toshkentdagi dasturxonlarda kim nimani xohlasa o‘sha muhayyo ekanligi, choyxonada qand-qurs, pista-bodom, murabbo, nisholda, ya’ni o‘zbekning dasturxonida mavjud bo‘lgan barcha yeguliklar bo‘lganini tasvirlaydi.
Qolaversa, xalqimizning doim hamjihatlikda ish olib borishini akademik shoirimiz kichik voqealar bilan Qoravoy tilidan mohirona yetkazib bergan: “Xalfanaga palov qilmoqchi bo‘ldik. Masavur otaliqning nabirasi, Omonboyning o‘g‘li Husnibiy oshpaz bo‘ladigan bo‘ldi. Qozon, cho‘mich, tuz, 10 qalampir, suvdan qolgan masalliqlarni shu yo‘sinda taqsim qildik: guruch bilan sabzi – Yo‘ldoshdan. Go‘sht – Abdulla do‘lvordan. Yog‘ – mendan. Qolgan-qutgan narsalar – Po‘latxo‘ja mug‘ambirdan. Hamma har tarafga qarab ketdi. Men ham yog‘ keltirgani uyga ketdim”. Bu kichik epizod orqali shoir ajdodlardan avlodlarimizga o‘tib kelayotgan an’anani ifodalaydi. Shu tadbirni amalga oshirish uchun hamma o‘z uyiga ketadi, ular qatori Qoravoy ham, lekin tuxum va yog‘ni olib chiqib ketayotganida onasi uni tandir oldiga chaqiradi. Muallif bu voqeani keltirish orqali xalqimizning yana bir odat tusiga aylangan yumushlaridan birini ko‘rsatib bermoqda. “Shum bola”ni etnografik asar deyishga yana muhim sabablar bor. Yozuvchi ikki masjid, bitta choyxona, ikkita baqqollik do‘konining joylashuvi va ikki masjid shaharning ikki tomonida ekanligini ham tasvirlab bergan Toshkentdagi Ko‘kterak bozori o‘sha vaqtda mashhur bo‘lgan Makka, Istanbul kabi yirik shaharlardagi bozorlardan ham ziyoda ekanligi bayon qilinadi. Bir tomonda meva, sabzavotlar bozori, bir tomonda esa o‘yin-kulgular... O‘sha davrda Toshkent bozoriga sirkchilar, masxarabozlar hatto chet mamlakatlardan kelganligini bilish mumkin.
Bir kuni Qoravoy eshonning uyiga boradi va tunda unga mas’uliyatli bir xizmat yuklanadi. Qoravoy eshon uning biqiniga tepmagunicha o‘z vazifasini go‘yoki qoyilmaqom bajardim deb o‘ylaydi. U tomdan chiqib qochadi, yozuvchi ushbu vaziyatda o‘z iste’dodini ishga solib, har bir uy bir-biri bilan tutashib ketganligi va Qoravoyning yugurib ketayotgan go‘yo o‘sha vaqtda mahallaning butun infratuzilmasi aks ettiriladi. Hikoya so‘ngida hind savdogarining tasviri e’tiborni yanada oshiradi. Chunki Toshkentga turli uzoq mamlakatlardan kelib savdo qilinishi, XX asrda ham Toshkent O‘rta Osiyoning markazida bo‘lganini ifodalab beradi. Ayollar ham o‘zlariga xos ishlar bilan shug‘ullanib, oila ta’minotiga hissa qo‘shayotganliklarini yoritib o‘tadi. Ustiga ustak, hunarmandchilikning ham turli xil tarmoqlari rivoj topganiga guvoh bo‘lamiz. Shoir nasriy asrlaridan tashqari Toshkentning o‘sha davrdagi holati va istiqboli haqida she’r ham yozgan edi.
TOSHKENT
Toshkent Osiyoning ko‘rkli o‘rnida,
Maqtalsa arziydi, oz emas – ancha.
Toshkentning lojuvard toza ko‘kida
Shabboda tinmaydi tongdan kechgacha.
Uzoq Hind, Xitoyda yurt kechgan quyosh
Toshkent osmonida hordiq oladi.
Ozod o‘lka ustiga nur to‘kib yovvosh,
Ulug‘ qurilishga ko‘zin soladi.
Toshkentning suvlari shunchalar toza:
Chirchiq, Ohangaron, Bo‘z, Anhor, Solor.
Beqasam jiloli shu buyuk fazo
Rangini, to‘g‘risi, Toshkentdan olar.
Bu yerning mevasi shunchalar asl,
Kumush butoqlarda yoqutday ko‘rkam.
Bu yerda uzun yil bilmaydi fasl,
Toshkentni vatan deb biladi ko‘klam...
G‘afur G‘ulom bu misralar orqali Toshkentning XX asr o‘rtalaridagi holatini to‘la aks ettirgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shaharning har bir hududi, tabiatiga e’tibor qaratadi...
Hech shubhasiz ayta olamizki, “Shum bola” qissasida G‘afur G‘ulom o‘zining boshidan o‘tgan voqealarni bayon qiladi, avval otasidan ajralgani, so‘ng onasidan ham judo bo‘lgani va oqibatda nochor ahvolga tushib qolganini anglaymiz. Buning vositasida adib birinchi jahon urushining ta’siri va xalqning qiyinchiliklarini ham o‘quvchiga ochib beradi.
Sardor BAHRIDDINOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi,
“Qomus” intellektual klubi asoschisi
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank