Masaru Ibuka: Uchdan keyin kech

Masaru Ibuka
182

“Uchdan keyin kech”


Vujudimda yana bir yurak uryapti. Ona bo‘lishimni his qilar ekanman, yelkamda katta mas’uliyat borligini his qildim. Oilamizning bo‘lajak mehmoni bo‘lmish tug‘ilajak farzandim tarbiyasidan xavotirda kitob sotib oldim. Xuddiki uning o‘zlashtirishi mumkin bo‘lgan ilk bilimlarini mendan avvalroq o‘zgalar bermasin degan xayol bor edi. Ha, men onalikka tayyorlanayotgan shoira edim.

Asar haqida so‘z yuritishdan avval yozuvchining aslida kim ekanligi haqida qiziqdim. Masaru Ibuka 1908-yilning 11-aprelida Yaponiyaning Nikko shahrida tug‘ilgan. Taniqli muhandis va tadbirkor Masaru Ibuka “Sony” korporatsiyasi asoschilaridan biri. U “Yaponiya erta rivojlanish uyushmasi”, “Iqtidorlarni o‘qitish” maktabi va shu o‘rinda mutolaa uchun tavsiya berayotganim “Uchdan keyin kech” kitobi muallifi hamdir.

Asar besh qismdan iborat bo‘lib, juda goʻzal mavzudagi turli motivatsion soʻzlar bilan boyitilgan. Yozuvchi asari orqali erta ta’lim bilan shug‘ullanish orqali yuksak natijalarga erishish mumkinligi, biz yaxshi tanigan Motsart, Styuart Mill kabi insonlarning aslida daho bo‘lib tug‘ilganligi emas, yaxshi e’tibor, sharoit mahsuli ekanligi haqidagi ajoyib faktlar mavjud. Bola psixologiyasi, uning nimalarga qodir ekani, farzandining qobiliyatini ich-ichidan koʻra oladigan va adashmaydigan inson aynan uning onasi ekanligi, bolaning shaxs sifatida shakllanishida aynan uch yoshgacha bo‘lgan davr muhim oʻrin tutishi turli ma’lumot va tajribalar orqali isbotlab berilgan.

Kitobdan iqtibos: “Bolaning erta rivojlanishi uchun biror narsa qilish shart emas, boshlanishi uchun er va xotin orasida oʻzaro mehrli munosabat va uyda yoqimli muhit yaratish zarur”.

Erta ta’lim faqatgina xorijiy tillarni oʻrganish (bilish), sport yoki musiqiy bilim va hokazolar emas, balki bolaning ota-onasi oilada oʻzini qanday tutishi, bir-biriga boʻlgan munosabat va mehr-muhabbat uning rivojlanishida yuksak oʻrin egallashidir. Ibuka oʻz tajribalari va boshqa koʻplab olimlarning bola ruhiyatiga zarur hisoblangan tavsiyalarini yoritgan. Oiladagi salbiy muhit, doimiy janjal boladagi turli ijtimoiy, ruhiy, psixologik tushkunlik, oʻziga ishonchsizlik, qoʻrquv, tengdoshlaridan orqada qolish, tili chuchuklik va shu kabi bir qancha davomiy xastaliklarga ham sabab boʻlishi mumkin. Ota-onalar shuni unutmasligimiz zarurki, oiladagi oʻzaro munosabat, mehr-muhabbat, gʻamxoʻrlik tuygʻusi, doimiy bilim olish kelajagimiz davomchilari uchun muhim! Zero, “Tarbiya ona qornidan boshlanadi”.

 

Shoira SHUKUROVA,

Oqoltin tuman AKM
mutaxassisi