Zamonaviy darslik istiqboli
Tarix darslarida
o‘zligimizni anglash xususida gap borar ekan, avvalo, tarix o‘qituvchisining
o‘z mutaxassisligiga bo‘lgan e’tiqodi kuchli bo‘lishi kerak. Uning vatanimiz
tarixi va uni o‘qitish ahvoli sho‘rolar davrida qanday edi-yu, milliy
mustaqilligimizni qo‘lga kiritganimizdan keyin qanday o‘zgarishlar sodir
bo‘ldi, degan savolga aniq va mantiqiy javobi bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun
tarix o‘qituvchisi o‘z ustida tinmay ilmiy-ijodiy ish olib borishi lozim.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori Yarash Gʻafforovning “Tarix
o‘qitish metodikasi”
(T.: Ishonchli hamkor, 2021), hamda “Tarix o‘qitish metodikasi” (T.:
Turon-iqbol, 2022) darsliklari bu borada ularga ko‘makchi bo‘la oladi.
Darslikning dastlabki mavzusi
“Tarix o‘qitish metodikasi – ilmiy pedagogik fan” deb nomlangan, unda muallif
asosan tarix fani o‘qitish metodikasining ilmiy-pedagogik fan sifatida
shakllanishi va taraqqiyoti, fanning nazariy va metodologik asoslariga alohida
e’tibor bergan. Bundan tashqari, kitobda tarix o‘qitish metodikasi, ta’limda
o‘quvchilar tomonidan bilimlarni o‘zlashtirish, shu asosda tarix o‘rganishning
mazmuni, maqsadi va uni tashkil etish metodlari masalalari qamrab olingan.
Tarix murakkab va ko‘p qirrali jarayon.
Dars jarayonida savol-javoblar va suhbat orqali o‘quvchilar bilimi
tekshiriladi, o‘tilgan mavzular yuzasidan olgan bilimlari yanada
mustahkamlanadi. Eng asosiysi, dars davomida o‘quvchilarning o‘rganilayotgan
tarixiy material ustida samarali ishlash qobiliyatlari va malakalarini
shakllantirib borishga erishiladi. Tarix darsi qator ta’limiy va tarbiyaviy
masalalarni hal etishga qaratilganligi bilan ham xarakterlidir. Unda
ta’lim-tarbiya vazifalarining ko‘p qirraliligi o‘qitishda qo‘llaniladigan turli
metodlarga bog‘liq. Ana shu ta’kidlab o‘tilgan barcha jihatlar darslikning
“Tarix darsi, uning turlari va tuzilishi” mavzusi orqali batafsil yoritib
berilgan. Muallif darslikning “Tarix darslari va unga bo‘lgan zamonaviy
talablar”, “Tarix darsi samaradorligini oshirish yo‘llari”, “Tarixiy bilimlarni
shakllantirish jarayoni” mavzulari orqali O‘zbekistonda tarix o‘qitishga
bo‘lgan munosabatlar, zamonaviy tarix darsiga bo‘lgan talablar va uning
yaratilishi, tarix darslarining ilmiy-metodik va didaktik talablari,
noan’anaviy va muammoli darslarning tarix ta’limidagi ahamiyatiga alohida
e’tibor bergan. Shuningdek, yuqoridagi mavzularda tarix darsi samaradorligini
oshirishning ilmiy-uslubiy va didaktik negizlari, tarixni o‘rganishning asosiy
omillari va qonuniy jarayonlari hamda tarixiy bilimlarni shakllantirishda
tarixiy faktlar, tushuncha va tasavvurlarning o‘rni, tarixiy bilimlarni
o‘zlashtirish jarayonlari ham alohida tushuntirilgan.
Bugungi kunda
ekologik muammolar va ularni o‘rganish masalasi ancha dolzarb bo‘lib qoldi.
Ayniqsa, ekologik tarbiya yoshlardan tevarak-muhitga nisbatan munosabatlariga
tubdan o‘zgartirish kiritish, o‘z faoliyatlarini nazariy bilimlar bilan uzviy
aloqadorlikda amalga oshirib borishlari va bu boradagi ko‘nikma va malakalarini
izchillik bilan boyitib borishlarini taqozo etmoqda. Aynan ana shu jihatlar
darslikning
“Tarix o‘qitishda ekologik ta’lim-tarbiyaning asosiy yo‘nalishlari va
bosqichlari” mavzusida o‘z ifodasini topgan.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida interaktiv
usullar, innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnologiyalarini
qo‘llashga bo‘lgan qiziqish, e’tibor kundan kunga kuchayib bormoqda. Chunki
pedagogik texnologiya va pedagogik mahoratga oid bilim, tajriba va interaktiv
metodlar o‘quvchi-talabalarning bilimli, yetuk malakaga ega bo‘lishlarini
ta’minlaydi. Xuddi ana shu zamonaviy ta’lim jarayonlari darslikning “Tarix
ta’limida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish usullari” mavzusida
bayon etilgan, shuningdek, tarix ta’limida yangi pedagogik va axborot
texnologiyalarining roli, mohiyati va vazifalari, interaktiv metodlar asosida
seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish jihatlari ham batafsil asoslab berilgan.
Umuman olganda, tariximizni o‘rganishga bo‘lgan
qiziqish, intilish, tarixiy jarayonlarni o‘rganish metodikasini mazkur darslik
orqali bemalol o‘rgansa bo‘ladi. Mazkur darslikdan oliy o‘quv yurtlari tarix
ta’limi yo‘nalishi bakalavriat bosqichi talabalari, magistrlar,
ilmiy-tadqiqotchilar hamda tarixchi professor-o‘qituvchilar foydalanishi
mumkin.
Shoira JUMAYEVA,
CHDPU “O‘zbekiston tarixi”
kafedrasi mudiri,
tarix
fanlari doktori, dotsent