Murodjon UMAROV
Shahrixon tumanidagi 46-maktab o‘qituvchisi
Ustoz qalbiga yaqin gazeta
– “Ma’rifat”ni asosan 1998–2000-yillardan boshlab o‘qiy boshlaganman. O‘sha paytlari maktablarda rahbarlar o‘qituvchilarning davriy nashrlarni o‘qib borishiga katta e’tibor qaratishar edi. Axborot olishning asosiy manbayi aynan gazeta va jurnallar bo‘lgan. Maktabimiz umumiy hisobda 8–10 nusxada “Ma’rifat” gazetasiga obuna bo‘lar, natijada har bir o‘qituvchi navbati kelganda o‘ziga kerakli va qiziqarli materiallarni o‘qish imkoniga ega edi. Ba’zan maktab rahbarlari gazeta sahifalarida e’lon qilingan materiallar yuzasidan fikr va mulohazalar so‘rab turishardi. Ayrim ustozlar esa hamkasblari oldida uyalib qolmaslik, zamondan ortda qolmaslik uchun ham gazeta mutolaasiga jiddiy e’tibor qaratishardi. Shu tariqa “Ma’rifat” o‘sha davrdayoq o‘qituvchilar hayotining ajralmas bir qismiga aylangan edi. Bugun ko‘plab pedagoglar internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot olishga o‘rganib qolishdi, ammo gazeta va jurnallarni muntazam o‘qib boradigan kishi biladiki, ularning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.
Asosiy vazifasi ta’lim va tarbiyadan iborat bo‘lgan soha vakillari uchun eng yaqin va ishonchli ko‘makdosh, shubhasiz, “Ma’rifat” gazetasidir. Gazeta sahifalarida muntazam yoritib borilayotgan turli mavzulardagi materiallarni o‘qib, chin ma’noda zavq olasiz.
Unda bugungi kunda ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar, o‘qituvchilar uchun yangi metodik yondashuvlar, qiziqarli va ibratli faktlar, ustozlarning hayot yo‘lida duch kelgan turli vaziyatlari, shuningdek, yechimini kutayotgan dolzarb muammolar keng yoritiladi. Aslida bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Zero, “ta’lim – millat kelajagi” ekanini qalban his qilgan har bir inson uchun “Ma’rifat” gazetasi qaysidir ma’noda eng yaqin maslahatchi va hamrohdir.
Albatta, bugungi globallashuv sharoitida zamon bilan hamnafas bo‘lish, axborotlarni tez va qulay manbalardan olish muhim. Biroq hayotiy tajribaga asoslangan, jonli va ishonchli bosma nashrning o‘rni har doim alohida bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman. Ana shunday muhim vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan tahririyat jamoasiga, zahmatkash ijodkorlarimizga ijodiy barkamollik va yuksak zafarlar tilayman. Yangi yilda ularning ijodi yanada samarali va barakali bo‘lishiga ishonchim komil.
“Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida respublikamiz o‘qituvchilari tomonidan ta’lim jarayonlari borasida mulohaza, fikr va takliflar muntazam o‘rtoqlashib boriladi. Ushbu suhbatlarga qo‘shilib ko‘pincha men ham fikrlarimni yozaman va bu fikrlarim gazetaning “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?” ruknida berilganida, biz o‘qituvchilarning fikrlarimizga befarq qaramaydigan gazeta ijodkorlarining ziyrakligi, e’toboridan quvonaman.
Gazeta ijodkorlariga yangi yilda ham omad va zafarlar yor bo‘lsin! “Ma’rifat” mushtariylari soni yanada oshib, axborot olamida hamisha birinchilardan bo‘lib yurishingizga tilakdoshman!