Darsingiz zerikarli bo‘lmasin!
Boshlang‘ich sinf ona tili darslarida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash o‘quvchilarning ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, ularning bilim olish jarayonini interaktiv va samarali qiladi. Zamonaviy texnologiyalar orqali o‘quvchilar o‘rganayotgan materialni ko‘rgazmali va dinamik tarzda qabul qilishadi.
Dars jarayonida har bir o‘quvchining o‘ziga xos xususiyatlari, qiziqishlari va darsni o‘zlashtirishdagi individualligi hisobga olinishi zarur.
Mavzu dоirasida interaktiv metоdlar:
“Rasmli diktant”
Ona tili darslarida o‘quvchilarning yozma nutqini rivojlantirish, tasavvurlarini oshirish, xotira va diqqatini mustahkamlashda juda samarali usul. Bu metodda o‘qituvchi avval o‘quvchilarga rasmni ko‘rsatadi, ular rasmga qarab, unga mos hikoya yoki so‘zlar yozishlari kerak.
Qo‘llash bosqichlari:
1. Rasmni tanlash: o‘qituvchi o‘quvchilarning yoshiga va tayyorgarlik darajasiga mos ravishda oddiy va qiziqarli rasmni tanlaydi.
2. Rasmni ko‘rsatish: rasmni butun sinfga ko‘rsatib, uning qismlarini diqqat bilan ko‘rib chiqish uchun vaqt ajratiladi.
3. Savollar berish: o‘qituvchi rasmga oid savollar beradi, bu o‘quvchilarning tasavvurlarini faollashtiradi. Masalan, “Rasmda kimlar bor?”, “Nima sodir bo‘lyapti?” kabi.
4. Diktantni o‘qish: o‘qituvchi rasm asosida qisqacha diktant o‘qiydi, o‘quvchilar esa yozib olishadi.
5. Tahlil va muhokama: diktant tugallangach, o‘quvchilar o‘z yozuvlarini tahlil qilishadi va o‘qituvchi xatolarni tuzatish bo‘yicha maslahatlar beradi.
Bu metod nafaqat yozma mahoratni rivojlantiradi, balki rasm orqali o‘quvchilar dunyoqarashini kengaytirishga yordam beradi.
“Kakografiya”
“Kakografiya” metodi asosan bolalarning yozish, o‘qish va nutqini rivojlantirishga qaratilgan didaktik usuldir. “Kakografiya” so‘zi yunoncha “kakos” (yomon) va “grafis” (yozish) so‘zlaridan kelib chiqqan. Bu metodning maqsadi bolalar yozuvidagi xatoliklarni va nutqidagi muammolarni aniqlash va tuzatishdir. Bundan tashqari, bu metod yordamida o‘quvchilar o‘zgalar tomonidan yozilgan matnlarni ham tekshirib, o‘zlarining yozish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.
Topshiriq quyidagicha bo‘ladi: Quyidagi so‘zlarni talaffuz qiling. Imlo qoidalari asosida yozilgan so‘zlarni aniqlang va ko‘chiring.
Bosh kiyimga bir nechta so‘z yoki turli xil rasmlarni solib qo‘ying. Har bir o‘quvchiga kartochka tarqating. O‘zingizga ham oling. O‘yinni o‘zingizdan boshlang. Kartochkaga qarab bitta gap tuzing va davomini boshqa o‘quvchiga bering, u esa o‘zining so‘zi yoki rasmi bilan gap tuzishi kerak. Bu jarayon kartochkalar tugagunga qadar davom etadi. Bu metod juda quvnoq tarzda o‘tadi.
O‘yinni keyingi o‘ynaganingizda murakkablashtirish uchun biron mavzu qo‘shing. Masalan: Biz toqqa borganimizda… Keyingi safar esa ertak yoki yaxshi ko‘rgan multfilm qahramoni ovozida gapirtiring. Har safar metodga har xil yangilik kirgizing.
“O‘chirgich”
Kerakli o‘quv qurollari: o‘chirgichlar, qalam, oq qog‘oz.
O‘quvchilaringiz soniga qarab ularni guruhlarga ajratib olasiz. Har bir guruhda 5 nafardan o‘quvchi bo‘lishi kerak.
Oldindan oq qog‘ozlarning turli joylariga mavzuga oid 15 ta toʻgʻri va 15 ta noto‘g‘ri maʼlumotlarni yozib chiqqan boʻlishingiz kerak. Maʼlumotlar bitta toʻgʻri, bitta notoʻgʻri yoki bir tomonda faqat to‘g‘ri, bir tomonda faqat noto‘g‘ri javoblar emas, aralash tarzda yozilgan boʻlishi lozim. Maʼlumotlarni mavzuga moslab uyda tayyorlang. Har bir guruhdan boshqalarga nisbatan bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilardan 2 tasini o‘chiruvchi vazifasiga tayinlang.
So‘ng o‘quvchilarga vazifani tushuntiring. Ular mavzuga aloqador bo‘lmagan so‘zlar yoki gaplarni o‘chirib chiqishlari lozim. Shartni bajarish uchun 5 yoki 6 daqiqa vaqt belgilang va belgilangan vaqt tugagach, barcha qog‘ozlarni yig‘ib oling. Qog‘ozlarni birma-bir doskaga ilib, jamoalarning xato va kamchiliklarini ko‘rib chiqing va shu tariqa g‘olib jamoalarni aniqlab, baholang.
Topshiriq: O‘quvchilarga matn taqdim etiladi. Ular matndan xato va noto‘g‘ri qo‘llangan so‘zlarni topishlari va o‘chirgich yordamida o‘chirishlari vazifa qilib beriladi. Vazifa bajarilgach qog‘ozlar almashiladi.
Xato matn: Yakshanba kuni Chimyonga bordik. Soviq aytarli qatiq emas. Qalin qor yoqqan. Tog‘ cho‘qqisini pag‘a-pag‘a bulitlar qoplagan. Quyosh bulutlar orasidan nur sochmoqda. Tog‘ etagidagi tepalikda chana uchayotgan bolalarni va katta yoshdagi kishilarni ko‘rdik. Yigit va qizlar toq cho‘qqisi tamon ko‘tarilmoqda. Ular chang‘ida pasga tushadilar.
To‘g‘ri matn: Yakshanba kuni Chimyonga bordik. Sovuq aytarli qattiq emas. Qalin qor yoqqan. Tog‘ cho‘qqisini pag‘a-pag‘a bulutlar qoplagan. Quyosh bulutlar orasidan nur sochmoqda. Tog‘ etagidagi tepalikda chana uchayotgan bolalarni va katta yoshdagi kishilarni ko‘rdik. Yigit va qizlar tog‘ cho‘qqisi tomon ko‘tarilmoqda. Ular chang‘ida pastga tushadilar.
“Ijodkor”
“Ijodkor” metodi – o‘quvchilarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga, tasavvuri va fikrlash qobiliyatini oshirishga qaratilgan didaktik metoddir. Bu metodda asosiy e’tibor o‘quvchilarning o‘z fikrlarini erkin ifoda etishi, yangi g‘oyalar yaratishi va matnlarni ijodiy tarzda qayta ishlashi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Topshiriq: Berilgan rasmlar asosida “Bo‘g‘irsoq” ertagini ijodkorligingiz asosida qayta hikoya qilib bering.
“5 barmoq”
Matnni so‘zlab berishga o‘rgatish metodi ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida qo‘llaniladi. “5 barmoq” metodi bolalarga o‘z fikrlarini shakllantirishga yordam beradigan oddiy va samarali usul.
Har bir barmoq takrorlashning muhim elementini anglatadi:
1. Bosh barmoq – kim?
Hikoya qahramonlari yoki ishtirokchilari. Hikoyaning bosh qahramoni kim?
2. Ko‘rsatkich barmog‘i – nima?
Asosiy voqealar yoki harakatlar.
Voqeada nima bo‘lgan?
3. O‘rta barmoq – qayerda?
Harakat joyi. Voqealar qayerda sodir bo‘ladi?
4. To‘rtinchi barmoq – qachon?
Vaqt. Voqealar qachon sodir bo‘ladi?
5. Kichik barmoq – nima uchun?
Voqealarning sabablari. Nega qahramonlar buni qilishadi?
Qo‘llash usuli: Bolalarga har bir barmoqning ma’nosini tushuntiring. O‘qish va muhokama qilish uchun matnni tanlang. “5 barmoq” usuli yordamida she’r yoki ertakni qayta aytib berishlarini so‘rang. Har bir elementni tasavvur qilish uchun barmoqlaringizni ko‘rsating.
Usulni muntazam ravishda mashq qiling va uni qiziqarli o‘yinga aylantiring. Ushbu usul tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, dars jarayonini yanada qiziqarli va interaktiv qiladi.
Sayyora YORQULOVA,
Olmaliq shahridagi
14-maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Darsingiz zerikarli bo‘lmasin!
Milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilindi
TO‘TIQULLIK XAVFI ORTIB BORMOQDA...
Maxsus muxbir xotiralari
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank