DUNYOGA TINCHLIK KERAK!

Dolzarb mavzu DUNYOGA TINCHLIK KERAK!
208

Bir qarashda kishida insoniyat bir makonda yashayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Ammo boshqa tomondan qaralsa, har bir kishining o‘z davri, o‘z zamoni bor. Aytaylik, Mikroneziyadagi ovloq orollarda yashayotgan yovvoyilar qabilasi bilan Tayvan orolidagi yarim o‘tkazgich chiplarni yaratayotgan korxona ishchilarini zamondosh deyish mumkinmi? Yoki bo‘lmasa, fuqarolarning insoniy huquqlarini cheklab, ma’naviy qullarga aylantirib qo‘ygan mutaassiblar bilan ozod jamiyatlarda istiqomat qilayotgan odamlarni ham zamondosh deyishga til bormaydi. Shu ma’noda, bugun dunyoni teng ikki qutbga bo‘lib yuborgan zo‘ravonlik tuzumidagi mamlakatlar bilan taraqqiyot sari intilayotgan jamiyatlar ham turli vaqt mintaqalarida yashashmoqda. Bugungi dunyoda paydo bo‘layotgan barcha ziddiyatlar va kelishmovchiliklarning tub ildizi ana shu zamonlar orasidagi tafovutlarga borib taqaladi. Qisqa qilib aytganda, bugunimiz o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi beayov janggohga aylanib bormoqda.


Jumladan, Ukrainada ham ana shu ikki dunyo to‘qnash keldi. Bir tomondan o‘rta asr tushunchalari bilan yashayotgan shovinistik buyuk davlatchi imperiya, ikkinchi tomonda esa, kechagina o‘z milliy erkini qo‘lga kiritib, ozod kelajak sari qadam qo‘ya boshlagan navqiron mustaqil davlat. Xuddi ana shu omillar tufayli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek: “Xalqaro maydonda balans buzildi, qonun-qoidalar mutlaqo o‘zgardi. Hatto, do‘stim deb yurgan davlatlar o‘rtasida ishonch yo‘q bo‘ldi, desak bu ham adolatdan. Ertaga dunyoda bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini hech kim bilmaydi”.


Haqiqatan ham, qonun-qoidalar o‘zgargani rost. Masalan, Rossiyada urush so‘zi tabu qilindi. Kim bu so‘zni tilga olsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Uning o‘rniga “maxsus harbiy amaliyot” deb aytish shart. “Tinchlik” so‘zi ham qatag‘onga uchradi. Biror-bir joyda tinchlik haqida gapirsangiz, maxsus xizmat mahkamasiga siz haqingizda xabar darrov yetib boradi. Demak, siz “maxsus harbiy amaliyot”ga qarshi xoin sifatida qora ro‘y­xatga tushasiz. Absurd shu darajaga borib yetdiki, rossiyaliklarga ko‘k va sariq rangda kiyim kiyish ham xatarli bo‘lib qoldi. Nega desangiz, yangi Ukrainaning davlat bayrog‘i ko‘k-sariq rangda.


Janggohlardagi urush qoidalari ham o‘zgardi. Ilgari zamonlarda qonli janglardan so‘ng o‘zaro kelishuv asosida halok bo‘lgan va yarador jangchilarni urush maydonlaridan olib chiqib ketish uchun ma’lum bir muddatga o‘t ochish to‘xtatilib turilar edi. Endilikda bu harbiy qoida ham ish bermay qo‘ydi. Natijada, yaradorlar qonsirab o‘lib, o‘lganlar jon-jonzotlarga yem bo‘lib ketmoq­da ekan. Ayniqsa, kunlar isiy boshlagan shu kunlarda jang­gohlarda chirigan jasadlar badbo‘yiga chidab turib bo‘lmay qoldi, deyishmoqda. Bunga xalqaro tashkilotlar va qizil xoch vakillari uchun harakat qilishga imkon ham qat’iyan cheklab qo‘yilgan. Keyingi voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir haftalik muddatga mo‘ljallangan maxsus harbiy amaliyot ikki yildan oshib to‘laqonli urushga aylandi. Rus ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, Rossiya endi Ukraina bilan emas, balki, butun boshli NATO harbiy blokiga qarshi urushayotgan emish. Ular shu gaplar bilan ushbu muhorabada boy bergan yirik yo‘qotishlarini xaspo‘shlamoqchi bo‘lmoqdalar. Yo‘qotishlar esa juda katta. Qariyb yarim million qurbon, behisob ishdan chiqqan harbiy texnikalar... eng yomoni, batamom yo‘qotilgan xalqaro obro‘. Undan ham yomoni – oddiy xalq chekiga tushgan og‘ir urush qayg‘usi, barbod bo‘lgan ishonch va umid. Butun dunyo xalqlari Rossiyaning kelajakda zamonaviy ozod, demokratik, taraqqiyparvar, tinchliksevar mamlakatga aylanishiga katta umid bog‘lagandi. Afsuski, jahon afkor ommasining barcha shirin orzulari puch bo‘lib chiqdi. Buning sabablarini izlab topish uchun asr boshida Boris Yelsin tomonidan lavozimiga tayinlangan yangi prezident Vladimir Putinning so‘zlari va xatti-harakatlari­ga diqqat-e’tibor qilmoq kifoya. U dastlab Chechenistondagi ayirmachilarni ko‘zda tutib: “Terroristlarni axlatga bo‘ktirish kerak” deya buyurdi.


Shundan so‘ng Rossiya armiyasi bor kuch-qudratini ishga solib Grozniyga bostirib kirdi va shaharni kulto‘daga aylantirdi. Oqibatda, chechen istiqlolchilari taslim bo‘lib, Moskva bilan ma’lum shartlar asosida murosayi madora qilishga majbur bo‘lishdi. Keyinroq, 2005-yilda Putin “SSSRning parchalanishi XX asrning eng buyuk geosiyosiy halokatidir”, deb baholadi. Ko‘p o‘tmasdan 2007-yilda u mashhur “Myunxen ma’ruzasi” ni irod qildi. Ushbu nutqi bilan  Ikkinchi jahon “sovuq urushi”ga tamal toshini qo‘ydi.  Ma’ruzasida buyuk davlat sifatida Rossiyaning ham dunyo xaritasida o‘z ulushi borligini izhor qildi. Bu bilan Putin g‘arb davlatlarini sobiq sotsialistik lager tasarrufida bo‘lgan hududlarga burnini suqmaslikka chaqirdi. Ammo uning bu tajovuzkorona nutqidan so‘ng Kremlga birmuncha moyil bo‘lib turgan Albaniya, Xorvatiya, Shimoliy Makedoniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Finlandiya, Shvetsiya singari betaraf davlatlar ham NATO qanoti ostiga kirdilar. Rossiyaning ushbu harbiy tashkilot mamlakatlari bilan chegaralari ikki baravar uza­yib, Qora dengizdan Shimoliy muz okeanigacha cho‘zilib ketdi. Boltiq dengizi NATOning ichki suv havzasiga aylanib qoldi. Keyinroq Vladimir Putin Ukrainada sobiq sovet yodgorliklari va haykallari buzilayotganini eshitib shunday dedi: “Yaxshi, biz ularga dekommunizatsiya qilish­lariga ko‘maklashamiz. SSSRga qanday qo‘shilgan bo‘lishsa, shunday chiqib ketishadi”. U bu so‘zi bilan Qirim 1954-yili Ukrainaga berilganiga shama qildi va roppa-rosa 60 yildan so‘ng yarimorolni rus imperiyasiga qay­ta qo‘shib oldi. Bu bilan rus xalqi orasida obro‘si qariyb ikki baravar oshib ketdi. Shu orada Suriyadagi ichki mojarolarga aralashib, neft narxini ko‘tardi, yaqin sharq­dan Yevropaga tortilishi mo‘ljallanayotgan gaz quvuri yo‘lini to‘sib qo‘ydi va birato‘la g‘arb mamlakatlari tomoniga qochoqlar oqimini kuchaytirib, yevropaliklar uchun yangi boshog‘riqni paydo qildi. Ushbu harakatlari bilan Putin “mnogoxodovochnik”, ya’ni bir o‘q bilan ikki-uch quyonni uradigan mergan degan norasmiy unvon oldi.


Uning obro‘-e’tibori behad oshib ketdi va bir necha marta “Yil­ning eng mashhur odami” degan nomga sazovor bo‘ldi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bir vaqtlar Adolf Gitler ham urush boshlaguncha bu nomga sazovor bo‘lgandi. Chunki u ham xuddi Putindek, dastlab ishsizlikni tugatib, xalqini boyitib, Germaniyani obod qilib, ancha obro‘ qozongandi. Ammo, yuqorida aytganimizdek, bularning bari urushdan avval bo‘lgan. Putin ham Ukrainaga qarshi katta urush boshlaganidan so‘ng avvalgi shon-shuhratining yuqi ham qolmadi. Jahon liderlari orasida yakkalanib, qo‘l berib ko‘rishilmaydigan, mamlakatidan tashqariga chiqmaydigan zabun holatga tushib qoldi. Sog‘ligi yomonlashib, ayrim uzunquloq mish-mish gaplarga qaraganda, allaqachon bandalikni ado etgan deyishadi. Nima bo‘lganda ham, u o‘lmasdan turib, siyosiy murdaga aylanib ulgurdi. Biroq bunda bitta narsa aniqki, endi u o‘z ixtiyori bilan urushni to‘xtata olmaydi. Chunki tarixdan bir qonuniyat kuzatiladi: katta urushlar adog‘i uni boshlaganlar ixti­yorida bo‘lmagan.


Ushbu sharmandali urushning xotimasi ham nima bilan tugashini sezayotgan Putin navbatdagi qanotli so‘zlarini uchirma qildi: “Rossiyasiz dunyoning bizga keragi yo‘q”. Mana bu gaplarni endi bugun Ukrainaga yaqindan yordam berayotgan mamlakatlar rahbarlariga ochiqdan-ochiq po‘pisa deyish mumkin. Shu ma’noda, yordamni kechiktirayotgan, sifati va miqdorini chegaralayotgan tomonlar mulohazasini ham tushunish mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, agar ikki o‘rtada yadro urushi boshlansa, nainki ba’zi mamlakatlar, umuman, Yer sayyorasining kelajagidan ham umid yo‘q. Yaqinda olimlar kompyuterda raketa yadro urushini modellashtirib ko‘rdi. Natijalar dahshatli. Birinchi daqiqalardayoq yuz millionlab aholi qurbon bo‘ladi. Omon qolgan mamlakatlar ham Yer yuzasida havo haroratining ko‘tarilib ketishi oqibatida uzoq davom etadigan azobli o‘limga mahkum etiladilar. 

Mo‘jiza bilan tirik qolgan kam sonli odamlarga ham global ekologik halokat tufayli yashash benihoya mashaqqatli kechadi. Yana undan u yog‘i qanday bo‘lishi yolg‘iz Ollohga ma’lum.


Keyingi xabarlarga qaraganda, AQSH Kongresi Vakillar palatasi uzoq davom etgan tortishuvlardan so‘ng, nihoyat, Ukrainaga harbiy yordam ajratish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun loyihasini yoqlab, 311 kong­ressmen ovoz bergan. Ushbu hujjat asosida Ukraina­ga salkam 61 milliard dollarlik yordam berish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ning 23 milliardi qurol-yarog‘ zaxiralari­ni to‘ldirishga, 11 milliardi mintaqadagi harbiy ama­liyotlarni moliyalashtirishga, yana 14 milliardi zamonaviy mudofaa tizimlarini xarid qilishga mo‘ljallangan. 23 milliard dollardan ziyodroq mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainani qurollantirishga qaratilgan.


Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham rus bosqiniga uchragan bu sho‘rpeshona qo‘shnilariga katta miqdorda yordam berishga kelishib oldilar. Shu o‘rinda tabiiy savol paydo bo‘ladi: g‘arb dunyosi nima uchun Ukrainani bunchalik qattiq turib himoya qilmoqda? Yuqorida aytganimizdek, buning bosh sababi ozod dunyo tamaddunini o‘rta asrlarga xos harbiy bosqinchilik tajovuzidan himoya qilish bo‘lsa, ikkinchi tomondan dunyodagi yangi ehtimoliy urush gulxanlari alanga olishidan saqlanishdir. Masalan, agar Ukraina Rossiya tomonidan zabt etilsa, Xitoyni ham Tayvan orolini egallashga ilhomlantirishi mumkin. Qolaversa, KXDR ham tish-tirnog‘igacha qurollanib Janubiy Koreyaga bostirib kirishga shay bo‘lib turibdi. Bu yoqda Eron Isroilni dunyo xaritasidan yo‘qotishga ahd qilgan. Yana bundan boshqa bir qancha mintaqalarda ham alanga olib ketishi ehtimoli bo‘lgan ziddiyatli nuqtalar mavjud. Shularning bari dunyodagi yirik kuchli davlatlar Ukrainadagi qonli muhorabaga chek qo‘yishlarini taqozo etmoqda. Bunda ularning yagona talabi – rus armiyasi Ukraina­ning xalqaro tan olingan chegaralaridan batamom chiqib ketishi va minba’d bundan buyon qo‘shnilariga nisbatan ola ko‘z bilan qaramasligidir. Ammo Putinning qanotli iborasi bilan aytganda: “Rossiyaning chegaralari – chegarasiz”. Bu gapdan shunday xulosa kelib chiqadiki, mabodo Ukraina egallangan taqdirda ham, Moskva o‘z tajovuzkorona harakatlarini to‘xtatmoqchi emas. Chunki Putinning tushunchasiga ko‘ra, ko‘pgina qo‘shni xalqlar sobiq rus imperiyasi hududlarida istiqomat qilmoqda. Bu borada u hech qanaqa xalqaro huquq me’yorlariga umuman rioya qilmoqchi emas. Ammo o‘ziga zarar keladigan o‘rinlarda har lahzada xalqaro shartnoma bandlarini ro‘kach qilib turiladi. Aytaylik, yaqinda AQSH Kongresi Vakillar palatasi Rossiyaning g‘arb banklaridagi muz­latilgan pullarini Ukraina foydasiga musodara qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bundan Moskva OAVlaridagi yollangan jurnalistlarning joni hiqildog‘iga keldi. Nima emish, bu – “dunyo tan olgan xalqaro huquq me’yorlariga zid talonchilik” emish. Shu orinda tabiiy bir haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, shunday ekan, Rossiya qaysi xalqaro huquq me’yorlariga binoan qo‘shni suve­ren mustaqil mamlakatga bostirib kirdi? Ana shu o‘rinda Kreml­ning ikkiyuzlamachilik siyosati ochiq ko‘rinib qoladi. Xalqaro maydonda yakkalanib, iqtisodiy bosim ostida qolgan rus ma’murlari endilikda hech bo‘lmasa egallangan marralarni qo‘ldan bermaslikka jon-jahdi bilan tirishmoqda. Bu borada odamlarning hayotini ham, mablag‘ini ham ayamayapti. Ro‘y berayotgan voqealarni o‘z nomi bilan aytadigan bo‘lsak, rus yollanma askarlari Ukrainada pul uchun urushmoqda. Buni shundan ham bilib olish mumkinki, aholi jon boshiga hisoblaganda, urushda eng ko‘p qurbon bo‘lganlar Buryatiya,  Tuva va Dog‘istonliklar ekani ma’lum qilindi. Ushbu milliy respublikalar Rossiyadagi dotatsiya hisobiga yashovchi eng qashshoq mintaqalar sanaladi. U joylardagi ishsiz yigitlar uchun urushga yollanish birdan-bir daromad manbayi hisoblanadi. Biroq ko‘p hollarda ular jangda jon taslim qilib, qonli pullari oila a’zolariga nasib qilmoqda. Voqealar oqimi shuni ko‘rsatmoqdaki, bu urush hali uzoq davom etadiganga o‘xshayapti. Nima bo‘lganda ham, unda g‘oliblar bo‘lmaydi. Orada qancha odamlar qurbon bo‘lib, mayib-majruhga aylanib, trillionlab pullar urush olovida kuyib ketadi. Bolalar – yetim, ayollar – tul, ota-onalar farzand dog‘ida qovrilib qolaveradi. 

Xudoyberdi KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Sherzod FOZILOV

Sherzod FOZILOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Sport

Ulashish