FAN OLIMPIADALARI: NATIJA VA RAG‘BAT
“Hozirgi kunga qadar xalqaro olimpiadalarda yigirmadan ortiq o‘quvchim g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Ularning har biri medal olganda o‘zim olgandek xursand bo‘laman.Olimpiada – ilm o‘rganayotgan inson hayotida oxirgi maqsad emas. Bu bitta erishish mumkin bo‘lgan cho‘qqi. Unga erishilsa, zo‘r, erishilmasa ham hayotda undan katta maqsadlar bo‘ladi. Masalan, qanaqadir kasbni tanlab, uning professionali bo‘lish. Olimpiada mana shu jarayonni tezlashtirib yuboradigan omil…Olimpiadaga tayyorlanib, g‘olib bo‘lgan bola nimani o‘rganadi? Unda fe’l-atvor sayqallanadi, ya’ni irodali bo‘ladi. Shu bois, u keyinchalik duch kelinishi mumkin bo‘lgan mashaqqatlarda osonlikcha sinmaydi. Mehnat qilishga layoqati oshadi. Kimdir sayohat qilayotganda yoki dam olayotganida olimpiadachi o‘ziga qo‘ygan talabi, belgilagan vazifasini tamomlashi − hammaning ham qo‘lidan keladigan ish deyolmaymiz. Albatta, bunday o‘quvchilarda yuksalish tezroq kechadi…”Mohira BOLTAYEVA,
Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi
Bugun 2025-yil yakuni arafasida muhim tadbir – xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblarini taqdirlash marosimini oʻtkazdik. Ikki yuzdan ortiq oʻquvchilar, bundan tashqari ularning ustozlarini taqdirladik. Gʻoliblar orasida 1 milliard soʻmdan ortiq mukofot puli olgan yoshlar bor. Ular haqida media, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari faxr va havas bilan yozayotgani quvonarli.Keling, raqamlarga murojaat qilsak. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasidagi tub islohotlar o‘zining natijasini koʻrsatmoqda. Xususan, bu yil o‘quvchilarimiz 29 ta xalqaro olimpiadada 210 ta medalni qo‘lga kiritdi, shundan 40 tasi oltin, 78 tasi kumush, 92 tasi bronza.2017-yil bilan solishtirsak natijalar naqd 14 barobarga oshgan. Ayniqsa, eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda 13 ta medalning qoʻlga kiritilishi O‘zbekiston yoshlari dunyoning eng kuchli bilim egalari bilan tengma-teng raqobat qila olishini isbotladi.Bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, xalqaro olimpiada g‘oliblariga o‘tgan yilda 3,5 milliard so‘m mukofot puli ajratilgan bo‘lsa, bu yili ushbu mablag‘ 4 karraga oshib, qariyb 13 milliardga yetdi.Oldimizda turgan rejalar, vazifalarimiz katta. 2026-yilda nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari O‘zbekistonda o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilingani bizga katta mas’uliyat yuklaydi.Shu bilan birga, yurtimizda matematika va informatikadan Al-Xorazmiy, kimyodan Beruniy, fizikadan Farg‘oniy, biologiyadan Ibn Sino, o‘zbek tilidan Buyuk Sharq Renessansi va Alisher Navoiy nomlaridagi xalqaro olimpiadalar o‘tkaziladi.Bular shunchaki raqamlar yoki yangiliklar emas, davlatimiz rahbari boshchiligida ta’limga, xususan, fan olimpiadalari yoʻnalishiga berilgan katta e’tibor va ularning mevalaridir. Har bir raqam ortida katta mehnat, ulkan mas’uliyat bor.Kelgusi natijalarimiz ham yanada yuqori, faxrli va tarixiy boʻlsin!
Hilola UMAROVA,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari
Darhaqiqat, fan olimpiadalari o‘quvchilar bilimi va iste’dodini yuzaga chiqarishda munosib maydon vazifasini bajaradi. Bu jarayon O‘zbekistonda ayniqsa so‘nggi yillarda tubdan isloh qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi. Olimpiada jarayonlarida ochiqlik, shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida olib borilayotgan sa’y-harakatlar − haqiqiy bilim egalarini aniqlash imkonini bermoqda.
Joriy yil Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar (Science) olimpiadasida aniq fanlar yo‘nalishida 39 390 nafar (77,4%), tabiiy fanlar yo‘nalishida 43 682 nafar (86,4%) o‘quvchi bilimini sinovdan o‘tkazgan.
Asosiy fan olimpiadasi yakuniy (respublika) natijalariga ko‘ra, hududlar bo‘yicha:
- eng ko‘p g‘oliblar Toshkent shahridan ̶ 12 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ̶ 10 nafar, Buxoro viloyatidan ̶ 7 nafar;
- eng kam g‘olib Sirdaryo viloyatidan ̶ 1 nafar.
O‘tgan o‘quv yilida o‘tkazilgan olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblari tarkibi tahlil qilinganda:
►Toshkent shahri va Toshkent viloyati ko‘rsatkichi 3 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyati 2 ta ko‘tarilgan.⬆️
►Andijon viloyati 2 ta, Navoiy viloyati 3 ta, Samarqand viloyati 5 taga pasaygan.⬇️
Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada natijalari tahlil qilinganda, matematika fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 29,2 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 16,5 bal yuqori, ya’ni 45,7 balni tashkil qilgan. Joriy yilda o‘quvchilarning o‘rtacha ko‘rsatkichi pasaygan.
100 ballik baholash tizimida eng yuqori ko‘rsatkich 68,3 bal(o‘tgan o‘quv yilida 81,9 ball)ni tashkil qilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra:
● Toshkent shahri ishtirokchilari o‘rtacha 58,2 ball bilan eng yuqorida;
● Toshkent viloyati ishtirokchilari o‘rtacha 16,3 ball bilan eng quyida.
Informatika va axborot texnologiyalari fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 28,7 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 23,7 ball yuqori, ya’ni 52,4 balni tashkil qilgan.
100 ballik baholash tizimida eng yuqori ko‘rsatkich 96,7 bal(o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 95,9 ball)ni tashkil qilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Jizzax viloyati ishtirokchilari o‘rtacha 11 ball bilan eng past natijani qayd etgan.
Fizika fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 25,8 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 7,1 ball yuqori, ya’ni 32,9 balni tashkil qilgan.
100 ballik baholash tizimida eng yuqori ko‘rsatkich 60,1 ball(o‘tgan o‘quv yilida 54,9 ball)ni tashkil qilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra:
● Xorazm viloyati ishtirokchilari o‘rtacha 38.9 ball bilan eng yuqori natijani qayd etgan;
● Samarqand viloyati ishtirokchilari o‘rtacha 15.1 ball bilan eng quyida.
Kimyo fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 39,1 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 5,7 ball yuqori, ya’ni 44,8 balni tashkil qilgan. Joriy yilda o‘quvchilarning o‘rtacha ko‘rsatkichi pasaygan.
100 ballik baholash tizimida eng yuqori ko‘rsatkich 92,6 bal(o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 83.7 ball)ni tashkil qilgan.
Biologiya fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 63 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 15,3 ball past, ya’ni 47,7 balni tashkil qilgan. Ushbu fan bo‘yicha joriy yilda o‘quvchilarning o‘rtacha ko‘rsatkichi ko‘tarilgan.
Ingliz tili fanidan respublika bo‘yicha ishtirokchilarning o‘rtacha bali 76,5 bo‘lib, o‘tgan o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich joriy yilgi ko‘rsatkichdan 3,9 ball kam, ya’ni 72,6 balni tashkil qilgan.
100 ballik baholash tizimida eng yuqori ko‘rsatkich 92,2 bal(o‘tgan o‘quv yilida 93,85 ball)ni tashkil qilgan.
Natijalarni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, mahalliy olimpiadalarda o‘quvchilar ko‘rsatkichi yildan yilga pasayib borayotganday tuyuladi. Bu holatni Fan olimpiadalari markazi Xalqaro fan olimpiadalariga o‘quvchilarni saralash va tayyorlash bo‘limi boshligʻi Fayoz To‘ychiyev shunday izohlaydi:
– Savol va topshiriqlar ko‘lami har yili zamon standartlariga ko‘ra yangilanadi. Bundan tashqari, mahalliy olimpiadalar xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etishda muhim rol o‘ynaydi, ya’ni mashqda qancha qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi. Xalqaro fan olimpiadalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimiz yoshlarining erishayotgan yutuqlari, fan olimpiadalarida qo‘lga kiritayotgan medallari soni yildan yilga oshib borayotganining guvohi bo‘lamiz. Xususan, yurtimiz o‘quvchilari 2021-yili 41 ta, 2022-yili 45 ta, 2023-yili 91 ta, 2024-yili 128 ta medal olgan bo‘lsa, joriy yilda 29 ta xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yanada chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025-yil yurtimiz o‘quvchilari Yevropa qizlar matematika olimpiadasi, Xalqaro ingliz tili olimpiadasi, Xalqaro robototexnika musobaqasi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi matematika olimpiadalarida ilk marotaba ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etishdi. Qolaversa, mamlakatimiz yoshlari Kavkaz matematika, o‘smirlar o‘rtasidagi Bolqon matematika olimpiadalarida eng yuqori natijani qayd etib, mutlaq g‘olibga aylanishdi. Bundan tashqari, yurtimiz xalqaro fan olimpiadalarini tashkil etishda mezbon davlat sifatida ham o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. Xususan, 2025-yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizda Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadalari tashkil qilindi.
3-Al Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasi 2025-yilning 7–13-may kunlari Al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tdi.
Olimpiadada 10 ga yaqin davlat(Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Belarus, Malayziya)dan jami 205 nafar ishtirokchi qatnashdi.
2025-yilning 28-may−4-iyun kunlari 2-Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu olimpiada ilk marotaba 2023-yili Xorazm viloyatida o‘tkazilgan. Joriy yilgi ushbu olimpiadada 14 ta davlat(Turkiya, Hindiston, Gruziya, Vetnam, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Rossiya, Belarus, Mongoliya, O‘zbekiston)dan jami 114 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Olimpiada yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 19 ta medal (6 ta oltin, 8 ta kumush, 5 ta bronza) bilan xalqaro olimpiadaning yakka peshqadamiga aylandi.
Olimpiadani yuqori saviyada o‘tkazish uchun 10 nafar xorijiy, 15 nafar mahalliy mutaxassisdan iborat hakamlar hay’ati shakllantirildi. Bundan tashqari, olimpiadaga Mendeleyev Kimyo olimpiadasi Ilmiy qo‘mita raisi Aleksandr Gladilin (Rossiya), IChO−2024 Ilmiy qo‘mita raisi Badr al-Majrathi (Saudiya Arabistoni) tashrif buyurdi. Ular nazorat materiallarini tahlil qilib, 2026-yili yurtimizda o‘tkaziladigan IChOga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
2025-yil 16–18-may kunlari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida ilk bor Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi tashkil etildi. Olimpiada jarayonlari 3 kun davom etdi va unda 4 ta davlat(Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Shvetsiya)dan jami 47 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Olimpiadada Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jamoalari oflayn shaklda, Shvetsiya jamoasi esa onlayn shaklda ishtirok etdi. Har bir jamoa 14 nafar kishidan iborat bo‘lib, shulardan 12 nafari ishtirokchi, 2 nafari esa jamoa rahbari bo‘lishdi. Jarayonni baholash va nazorat qilish maqsadida 5 nafar mahalliy mutaxassisdan iborat hakamlar hay’ati shakllantirildi. Olimpiada 1 kun davomida 2 tur doirasida o‘tkazildi.
►Birinchi turda ishtirokchilar esse (insho) yozish topshirig‘ini bajardi.
►Ikkinchi turda esa ular test savollariga javob berdi.
Olimpiadadan tashqari, ishtirokchilar, jamoa rahbarlari hamda hakamlar hay’ati uchun Toshkent shahri bo‘ylab madaniy sayohat ham tashkil etildi. Bu sayohat ularning dam olishlari va O‘zbekiston madaniyati bilan yaqindan tanishishi uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.
Joriy yil 17-18-may kunlari Toshkent shahrida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasi (APIO) tashkil etildi. Ushbu olimpiadada 40 dan ziyod davlatdan 900 ga yaqin o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Ular 5 soat davomida C++ tilida murakkab algoritmik masalalarni yechish orqali bellashdi. Mamlakatimiz yoshlari tomonidan ushbu olimpiadada 3 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Bu kabi tadbirlar IOI−2026 ga tayyorgarlikning muhim bosqichlari sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston jahon olimpiadalariga
mezbonlik qiladi!
Xalqaro olimpiada tashkilotchilari tomonidan 2026-yili maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli ikkita jahon olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangan. Ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2026-yili o‘tkaziladigan 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI−2026)ni yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Tayyorgarlik jarayonlariga Fan olimpiadalari markazi bilan hamkorlikda ishlash uchun mamlakatimizning yetakchi AT oliygohlari – Inha universiteti, Amity universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari faol jalb qilingan. Shu bilan birga, IOI−2026 uchun maxsus logotip, vizual uslub va rasmiy veb-sayt tayyorlanmoqda.
2026-yili O‘zbekistonda tashkil etilishi belgilangan 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi dunyodagi eng nufuzli 5 ta fan olimpiadasidan biri hisoblanib, 1968-yildan beri o‘tkaziladi. Ushbu olimpiadada o‘quvchilarimiz 2013-yildan buyon muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Savollarni kim tuzadi? Baholash qanday bo‘ladi? − ekspertlar ish boshida
Ushbu nufuzli olimpiadaga 90 dan ortiq davlatdan 1000 ga yaqin ishtirokchi, jamoa rahbarlari, hakamlar hay’ati va xorijiy mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Olimpiada uchun maxsus raqamli platforma – www.icho2026.uz domeni ro‘yxatdan o‘tkazildi va funksional rasmiy veb-sayt tayyorlandi, maxsus logotip yaratildi va hozir olimpiadaning tashkiliy ishlari olib borilmoqda. Olimpiadani yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Respublika tashkiliy qo‘mitasi hamda Ilmiy qo‘mitalar shakllantirilmoqda. Ilmiy qo‘mitalar tarkibiga nafaqat O‘zbekistonning yetakchi olimlari, balki xorijlik yetuk mutaxassis va ekspertlar ham jalb etilmoqda. Ular olimpiada savollarini tayyorlash, baholash mezonlarini ishlab chiqish va olimpiada jarayonining xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilishini ta’minlash ustida ish olib bormoqda.
Shuningdek, 2026-yili yurtimiz va buyuk ajdodlarimizning dunyo ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va fizika fanini chuqur o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida 2-Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur xalqaro olimpiada ilk bor 2021-yili tashkil etilgan bo‘lib, unda 15 dan ortiq davlatdan 100 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etgan. Olimpiada yuksak tashkiliy darajada o‘tkazilib, xalqaro hamjamiyatda katta e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Bilim boylik keltiradi!
Bilimni ham ma’naviy, ham moddiy boylik keltiradi deymiz-u, aksariyat kishilar uning moddiy boylik keltirishiga shubha qiladi. Aslida-chi? Quyidagi ma’lumotlarga nima deysiz?
Nufuzli xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni taqdirlashda oltin medal uchun BHMning 2500 barobari, kumush medal uchun BHMning 1500 barobari, bronza medal uchun BHMning 1000 barobari belgilangan.
Mukofotlash nufuzli xalqaro olimpiadalar uchun 2019-yildan boshlab, mintaqaviy olimpiadalar uchun 2021-yildan boshlab tatbiq etilgan. Joriy yildan boshlab tarixda ilk bora oltin medal sohiblariga 1 mlrd so‘mdan ortiqroq pul mukofoti topshirildi. Ya’ni 2025-yil avgust oyidan e’tiboran nufuzli fan olimpiadalarida oltin medalga ega bo‘lgan o‘quvchilar 1 030 000 000 soʻm, mazkur olimpiadalarda oltin medal olgan har bir oʻquvchisi uchun ustozi 185 400 000 soʻm bilan taqdirlanadi. Shunday bo‘ldi ham…
Mashaqqat, milliardlar va 100 foiz har oylik ustama…
Uyqusiz, daftar-qalam quchgan, oydin bir manzilni ko‘zlab, mashaqqatli mehnat yo‘lini bosib o‘tgan o‘quvchilar va ularning ustozlari munosib taqdirlandi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 15-dekabr kuni 2024-2025-oʻquv yili davomida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Taqdirlash marosimida eng nufuzli xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:
- oltin medal sohibiga − 1 mlrd 30 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 185,4 mln soʻm;
- kumush medal sohibiga − 618 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 103 mln soʻm;
- bronza medal sohibiga − 412 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 61,8 mln soʻm berildi.
Xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:
- oltin medal sohibiga − 61,8 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 20,6 mln soʻm;
- kumush medal sohibiga − 41,2 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 14,42 mln soʻm;
- bronza medal sohibiga − 20,6 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 12,36 mln soʻm berildi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalardagi medallar uchun:
- oltin medal sohibiga − 4,944 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 20,6 mln soʻm;
- kumush medal sohibiga − 3,296 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 14,42 mln soʻm;
- bronza medal sohibiga − 2,472 mln soʻm, oʻqituvchisiga − 12,36 mln soʻm berildi.
Bundan tashqari, olimpiadalarga oʻquvchi tayyorlagan oʻqituvchining malaka toifasi bir pogʻona koʻtariladigan bo‘ldi. Mintaqaviy xalqaro olimpiada gʻoliblari hamda asosiy olimpiadaning respublika bosqichi gʻoliblari keyinchalik taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib, gʻolib boʻlgan fanidan dars bergan taqdirda, lavozim maoshiga 100 foiz har oylik ustama oladi.
− Shu paytgacha qanday natijaga erishgan bo‘lsam, ilm va ustozlarimning mehnati sabab erishdim. Kelgusida boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, yurtimizda kimyo fani rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman, − deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Mirjahon Muhammadov. − Olimpiadalarda qatnashib nafaqat bilimimizni sinayapmiz, balki boyiyapmiz ham! O‘tgan yili olimpiadaga qatnashib qariyb 80 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lsam, bu yil 1 mlrd so‘mdan ziyod pul mablag‘i bilan taqdirlandim. To‘g‘risini aytsam, bu mablag‘ni hali nimaga yo‘naltirishni o‘ylab ko‘rmadim. Katta ehtimol bilan bu pullar keyingi rivojlanishim uchun sarmoya bo‘ladi.
Rasmlarga nazar solarkansiz, bugun olimpiadachilarda medal bilan birga, e’tirof, rag‘bat va o‘ziga boʻlgan yuksak ishonch ham borligini his qilasiz. Milliard so‘mlik mukofotlar aslida puldan ko‘ra kattaroq ma’noni anglatadi. Ya’ni ilmga bo‘lgan hurmat, ustoz mehnatiga berilgan yuksak baho...
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda xalqaro fan olimpidalari gʻoliblari, ularning ustozlarini taqdirlash uchun davlat budjetidan jami 12 mlrd 424 mln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan (2019-yilgi 780 mln soʻmdan qariyb 17,5 barobar koʻp).
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
IMKONIYATLAR NATIJA BERMOQDA
FAN OLIMPIADALARI: NATIJA VA RAG‘BAT
“Attestatsiyadan 100 ball oldim”
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ILM-FAN VA TA’LIM-TARBIYANI RIVOJLANTIRISH “ZIYO FORUM” FONDI TOMONIDAN TASHKIL ETILGAN “AVLOD GRANT” LOYIHASI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank