Hilola Umarova “Tashabbusli byudjet“ uchun pul yig‘ish holatlari haqida xabar berishga chaqirdi

Siz nima deysiz? Hilola Umarova “Tashabbusli byudjet“ uchun pul yig‘ish holatlari haqida xabar berishga chaqirdi
291



Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova pedagoglardan “Tashabbusli byudjet“ uchun pul yig‘ish holatlarga duch kelganda vazirlikka murojaat qilishini, o‘qituvchi va MTT xodimlari manfaati doimo himoya qilinishini aytdi.


Vazirning ta’kidlashicha, oxirgi yillarda maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini o‘z faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz yig‘di-yig‘dilarga qarshi kurashilyapti, bu masalada murojaatlar soni avvalgilariga nisbatan ancha kamaygan.


Lekin tizimda ba’zan jamoaga noto‘g‘ri talablar qo‘yayotgan, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish topshiriqlarini berayotgan, bir so‘z bilan aytganda hamon eskicha fikrlayotgan mas’ullar ham uchrab turibdi.


“Yaqinda Quva tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchilarning oylik maoshidan “open byudjet“da ovoz yig‘ish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qildik“, — deydi Hilola Umarova.

“Tashabbusli byudjet”ning 2025 yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi 11 martdan boshlandi.


"Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan e’tiborga tushdi. Bu ijobiy islohotlarga o‘qituvchi, ta’lim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yig‘ishlar bilan soya solmaylik“, — deya qo‘shimcha qildi vazir.


Hilola Umarova, pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilinmasligini eslatib o‘tdi va shu kabi holatlarga duch kelgan pedagoglarni vazirlikka murojaat qilishga chaqirdi.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Olimpiada
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish