Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi

Xalqaro hayot Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
31

Fitch Ratings Toshkentning xavf profilini “zaifroq daraja” deb baholadi. Agentlik reytingiga ko‘ra, poytaxtning daromadlarni oshirish imkoniyatlari cheklangan, chunki soliq stavkalari va daromadlarni taqsimlash markaziy hukumat darajasida belgilanadi.


Fitch Ratings agentligi Toshkent shahrining xorijiy va mahalliy valyutadagi uzoq muddatli reytingining “BB-“ darajasidagi prognozini e’lon qildi.


Qayd etilishicha, agentlik davlat korxonalari qarzlari va moliyaviy hisobotlarni oshkor qilishda shaffoflikning yetarli emasligi bilan bog‘liq shartli majburiyatlarning potensial o‘sishi va assimetrik xatarlarni hisobga olgan holda Toshkentning kreditga layoqatlilik reytingini pasaytirgan.


Poytaxtning xavf profili esa “zaifroq daraja” deya baholangan.


“2024−2028-yillar oralig‘ida Toshkentning operasion balans hisobidan qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyati zaiflashishi mumkin. Bunda daromadlarning prognoz qilinganidan pasayishi, xarajatlarning oshishi yoki qarz yukining ko‘payishi ehtimoli hisobga olinadi”, deyiladi Fitch hisobotida.


Soliq va budjet tizimidagi islohotlar tufayli shaharning daromadlari o‘zgaruvchan bo‘lib qolyapti.


“Yig‘iladigan soliqlarning tarkibi va ularning boshqaruv bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlanishi markaziy hokimiyat qaroriga ko‘ra tez-tez o‘zgarib turadi. 2023-yili soliqlar shahar daromadlarining 50 foizini, transfertlar esa 33 foizini tashkil etdi. Shahar daromadlarining katta qismi markaziy hukumatga bog‘liqligi, shuningdek, milliy fiskal tartibga solishga o‘zgartirishlar kiritilishi daromadning mustahkamligini “zaifroq” baholashga sabab bo‘ldi”, deyiladi agentlik izohida.


Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrining daromadlarni oshirish imkoniyatlari cheklangan, chunki soliq stavkalari va daromadlarni taqsimlash markaziy hukumat darajasida belgilanadi.


Shuningdek, poytaxtning daromadlari pasaygan taqdirda xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari cheklangan, deya baholanyapti. Bunga sarflanayotgan mablag‘larning asosiy qismi majburiy to‘lovlardan iborat ekani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2023−2024-yillarda xarajatlarning 80 foizdan ortig‘ini tashkil etgan.


2024−2028-yillarda Toshkentning operatsion balansi yiliga o‘rtacha 1 trln 376 mlrd so‘mni tashkil etadi, bu 2023-yildagi ko‘rsatkich – 2 trln 233 mlrd so‘mdan past. Soliq tushumlarining miqdori esa mahalliy iqtisodiyotning kutilayotgan ko‘tarilishi hisobiga 2028 yilga borib 12 trln 182 mlrd so‘mgacha o‘sishi prognoz qilingan.


Ma’lumot uchun, 2019-yilning iyun oyida Fitch Ratings agentligi Toshkentga suveren reyting darajasida “Barqaror” prognozi bilan uzoq muddatli “BB”reytingini bergandi. Ammo 2023- yilning dekabr oyida poytaxtning kredit reytingi bekor qilindi.


Fitch RatingsAQSH moliyaviy korporatsiyasi bo‘lib, Standard & Poor’s va Moody’s reyting agentliklari bilan bir qatorda, uchta eng nufuzli xalqaro reyting agentligidan biri sifatida ma’lum. Bunday agentliklardan ijobiy reyting olish shahar yoki davlatning investorlar oldida moliyaviy ishonchliligi kafolati hisoblanadi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Munosabat

Ulashish