Urfga aylanayotgan "Marry Me" — dabdabaning navbatdagi “qadriyat”ga aylanishi

Siz nima deysiz? Urfga aylanayotgan "Marry Me" — dabdabaning navbatdagi “qadriyat”ga aylanishi
124


Zamon o‘zgarar, zamonga ergashgan odamzodning orzu-havaslari ham o‘zgarar. Lekin bu o‘zgarish har doim ham ijobiy bo‘laveradimi? So‘nggi yillarda yurtimizda asta-sekin ildiz otayotgan bir holat bor: u ham bo‘lsa, "Marry Me" marosimining to‘y oldi an’anasi sifatida qadriyat tusini ola boshlagani.


Yangi turmush qurayotgan yigit-qizlar orasida "Marry Me" marosimi tobora ommalashib bormoqda. Romantik suratlar, gul bilan bezatilgan joylar, qimmatbaho dekorlar, havo sharlari va quvonchli ko‘z yoshlari... go‘yo ertak! Ammo bu ertakning ortida necha million so‘mlik sarf-xarajat, ba'zan esa oddiygina halol to‘yga yetmay qolayotgan mablag‘ yashiringan.


Aslida "Marry Me" — ingliz tilidan tarjima qilganda “menga turmushga chiq” degan ibora xolos. Bu g‘oya dastlab g‘arbda, aniqrog‘i AQSHda ommalashgan. Bo‘lajak kuyov keliniga turli xil kutilmagan, bayramona holatlarda turmush qurishni taklif qiladi — bu “proposal” deb ataladi. U yerdagi madaniyat, sharoit va yashash darajasi bu kabi marosimlarga asos yaratgan. Ammo bizda-chi?


O‘zbekiston kabi qadriyatlarga boy yurtda har bir to‘y – bu muqaddas marosim, yillar davomida shakllangan an’analar yig‘indisi. “To‘y bo‘lsa — elniki” degan naql bor. Har bir qo‘shni, qarindosh, hatto uzoqdagi tanish ham to‘yga taklif qilinadi. Bunday katta va xalqona marosimning oldidan yana “Marry Me” degan alohida “to‘ycha” qilish shunchaki urf bo‘lib qolmay, asta-sekin majburiy qoidaga aylanib boryapti.


Ota-onalar yoshlarni to‘yga tayyorlash uchun oylab, yillab pul yig‘adi. Endi esa “Marry Me” uchun ham alohida budjet belgilanishi kerak bo‘lib qoldi. Qizig‘i shundaki, bu marosim ko‘pincha suratga olish, ijtimoiy tarmoqlarda ulashish va “yana birgalikda necha million sarfladik” degan maqtanishga xizmat qiladi. Bunga esa hammada ham qurbi yetmaydi. To‘ylar baxtga emas, bellashuvga aylana boshlaydi.


Vaholanki, bizning qadriyatlarimizda soddalik, ko‘z-ko‘zsiz quvonch, kamtarlik yotardi. Ota-bobolarimiz "to‘y — bor narsang bilan qilinadi" degan. Ammo hozir ayrim to‘ylar mana shu "Marry Me" bilan boshlanib, yana boshqa bir dabdabalar ila yakunlanmoqda. Ba'zilar bunday to‘ylar ortidan qarzga botmoqda, ba'zilar esa bu ommaviy bosim sabab kelajagini garovga qo‘ymoqda.


Albatta, hayotda romantika kerak. Har bir inson sevgi va e'tibor istaydi. Ammo ota-bobolarimizdan meros o‘tib kelayotgan qadriyatlarimizni, ming yillik soddalik va fayzli an’analarni o‘rnini boshqa xalqlardan kirib kelayotgan odatlarga bo‘shatib bermasligimiz kerak. Chetdan kirib kelgan har bir urf bizniki bo‘lavermaydi. Har yurishimizdan qadriyat yasab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bu qadriyat emas, balki ortiqcha sarf bo‘lsa.


“Marry Me” marosimiga mukkasidan ketayotgan ayrimlar bu urfning ildiziga ham nazar tashlasin. Bu siz va bizni emas, balki ijtimoiy tarmoqlarni quvontiradi. Qolaversa, bu marosim necha-necha to‘ylarning buzilishiga, kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotganini esdan chiqarmaylik.


To‘y — bu hayotiy bosqich. Uning har bir daqiqasi yodda qoladigan, samimiy va fayzli bo‘lishi kerak. Soddalikda ham baraka bor. Eng go‘zal "Marry Me" — bu mehr ila, niyat ila, rost qalb ila qilingan taklifdir. Uni dabdaba emas, chin yurak bilan qilish yetarli.


Sevinch Normo‘minova,

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Sevinch NORMO'MINOVA

Sevinch NORMO'MINOVA

Talaba

Teglar

  • #Talaba
  • #Munosabat

Ulashish