XORIJDA TA’LIM O‘ZBEK AYOLLARI NIGOHIDA

Xorijda ta’lim XORIJDA TA’LIM O‘ZBEK AYOLLARI NIGOHIDA
176



Dunyoning eng rivojlangan davlatlari reytingi har yili turli mezonlar asosida aniqlanadi.  Masalan, inson taraqqiyoti indeksi reytingida(HRI) mamlakatlar uchta asosiy yo‘nalishlar: aholining savodxonligi, ta’lim hamda turmush darajasining umumiy ko‘rsatkichlari va umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha baholanadi. Mazkur reytingning yuqori qismidan joy olmoqchi bo‘lgan mamlakatlar ushbu sohalarning barchasida baland ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi kerak. 

Inson taraqqiyoti indeksining kuchli 30 taligiga kirgan uchta davlatning ta’lim tizimi bilan qiziqdik va ana shu mamlakatlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizdan o‘sha davlat ta’lim tizimi haqida ma’lumot olishga harakat qildik.


YAPONIYA

Mohinur NURULLAYEVA

 

Ayni paytda Yaponiya poytaxti Tokio shahrining Otto tumanida istiqomat qilayotgan hamyurtimiz “Apple” kompaniyasining training lead lavozimida faoliyat yuritadi. 2 nafar farzandi bor.


GERMANIYA

Ma’rifat NURMATOVA


10 yildan buyon Germaniyaning Hamburg shahrida yashaydi. Hozir “Unternehmer ohne Grenzen e.V.” – “Chegara bilmas tadbirkorlar” tashkilotida tashkilotchi xodim sifatida faoliyat yuritadi. 3 nafar farzandi bor. 


BUYUK BRITANIYA

Nargiza IBROHIMOVA


Buyuk Britaniyada yashaydi. U Lloyds bankining Moliyaviy firibgarliklar bo‘yicha mutaxassisi lavozimida ishlagan. Hozir onalik ta’tilida. 4 nafar farzandning onasi. 


Farzandingiz bilan qaysi tilda gaplashasiz? 

Kichikligidan chet elda yashayotgan farzandlaringiz tilni qanchalik yaxshi o‘zlashtirgan? Ular o‘zga tilni o‘rganishda qiyinchiliklarga uchraganmi?  


Mohinur NURULLAYEVA: 


‒ To‘ng‘ich farzandim to‘rt, kichigi bir yoshda. Ular yapon tilini juda yaxshi bili­shadi. Shu muhitda yashab, ulg‘ayayotganliklari uchun ham til o‘rganishda qiyinchiliklar bo‘lmagan. Lekin qadriyatlarga sodiq insonlar sifatida dadasi ham, men ham oilada ko‘proq o‘zbek tilida muloqot qilishga harakat qilamiz. 


Ma’rifat NURMATOVA: 

– Farzandlarim nemis tilida bemalol gaplasha oladi. Tilni bog‘cha,  maktabdagi tengdoshlari va qo‘shni bolalardan o‘rganib olishgan. O‘g‘lim Bilol nemis tilida xatosiz diktant yozish bo‘yicha maktabida uch nafar a’lochi o‘quvchilardan biri. Ularning nemis tili­ni o‘rganishlarida deyarli qiyinchiliklar bo‘lmagan. Bu mamlakatlar ko‘p madaniyatli bo‘lgani uchun, hududda millatlar­aro bag‘rikenglik, hurmat bor. Bog‘cha va maktablarda mukammal til darajasi talab qilinmaydi, aqliy rivojlanish eng muhim omil. Migrant bolalar o‘zlarini kamsitilgan his qilishmaydi, aksincha tilni tez orada tengdoshlaridan o‘zlashtirib olishlariga ishonishadi. Albatta, biz uyda sof o‘zbek tilida gaplashamiz. Ularda mendan shahrisabzcha, dadasidan samar­qandcha shevalar aralash o‘zbek tili  shakllangan. Ba’zan uyda o‘zbekcha, ko‘chada nemischa gaplashishimiz bolalarda qiyinchilik tug‘dirsa-chi, deb o‘ylab qolgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan.  Hatto to‘ng‘ich farzandim tug‘ilganda ba’zi tanish o‘zbek oilalaridek uyda ham nemischa gapira boshlagandik. Qarasak, o‘zimiz ota-onamiz, O‘zbekistondan olgan tarbiya ko‘nikmalarini bolalarimizga sof ona tilimizda singdirmasak, asl holatida yetkazib berolmasligimizni tushun­dik. Voqeaga munosabat bildirishimiz o‘zbekcha-yu, tilda ifodalash nemischa… Tuyg‘u, yondashuvlar aralashib ketdi. Xato qilganimizni, til, qadriyat, asliyat –  o‘zlik ekanini va hali kechikmaganimizni anglab, yana ona tilida gapirishga o‘tib oldik.

Hozir uyimizda qaysi o‘zbek oilasi mehmon bo‘lsa, farzandarimizning ona tilimizda ravon so‘zlashayotganiga havas bilan qarashadi. 


Nargiza IBROHIMOVA:

– O‘g‘lim ingliz tilida ham, o‘zbek tilida ham bemalol gaplasha oladi. Maktabda qo‘shimcha ispan tilini o‘rganyapti, mustaqil ravishda arab tilini ham o‘rganishni boshlagan. Qizim hali to‘liq gapirmaydi, ammo ikki tilni ham tushu­nadi. Bog‘chada inglizcha gaplashadi, uyda esa o‘zbekcha gapirishini talab qilamiz. Ikki kichkintoyim esa endigina so‘zlarni aytishni boshlagan. Til o‘rganishda to‘ng‘ich farzandimda biroz qiyin­chiliklarga uchraganmiz, chunki u tug‘ilgandan so‘ng uch yil O‘zbekistonda yashashimizga to‘g‘ri kelgan va o‘shanda o‘g‘lim o‘zbekcha gapirishni boshlagan­di. Angliyaga qaytishimizdan yarim yil avval til o‘rganishni boshladi, negaki kelishimiz bilan maktabga chiqishi kerak edi. Chunki Anglya ta’lim tizimida boshlang‘ich maktab 4 va 5 yoshdan boshlanadi. Sentabrdan keyin tug‘ilgan bolalar 5 yoshdan, oldin tug‘ilganlar esa 4 yoshdan ham chiqaveradi. O‘g‘lim avgustda tug‘ilgani uchun to‘rt yoshga to‘lganda maktabga borgan. Sinfda eng kichkina o‘quvchi edi. U yerda boshlang‘ich maktabgacha “reception” bosqich, ya’ni 1-sinfdan oldingi tayyorlov bor. U maj­buriy emas hamda davomat ham qattiq nazoratga olinmaydi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi sinflarda davomat ham, darslar ham jiddiylashadi. O‘g‘lim “reception” bosqichga borolmagani uchun keyingi yil borishini so‘rab ko‘rdik, ammo ular o‘zimiz yordam beramiz, “Support teacher”, ya’ni yordamchi o‘qituvchi o‘rgatadi deyishdi. Keyin o‘g‘lim bir yil davomida o‘sha o‘qituvchi bilan darsdan keyin shug‘ullandi. Boshlang‘ich sinfdan oldin o‘tiladigan darslarni o‘rganib chiqdi. Yangi yilga kelib bemalol gapiradigan bo‘ldi. 


Siz yashayotgan davlatning ta’lim tizimi qanday?

Bolaning qayerda tahsil olishi juda muhim. Bu qaysidir ma’noda kelajakka ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Rivojlangan mamlakatlarda tahsil olayotgan bolalar asosan uyiga yaqin bo‘lgan ta’lim muassasasiga boradi deyishadi? Siz yashaydigan davlatda bolani darsga qanday qiziqtirishadi?


Mohinur NURULLAYEVA:


 – Yaponiya ta’lim tizimi bizga yoqadi, chunki bu yerda har bir bolaga indivi­dual yondashiladi. Shiningdek, keng qamrovli o‘quv reja asosida – fanlar, tillar, san’at, sport va ijtimoiy sohalar bo‘yicha  chuqurlashtirilgan bilim beriladi. Ayniqsa, tanqidiy fikrlashga ko‘proq e’tibor qaratilib, shu bilan o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatiladi. 


Ma’rifat NURMATOVA: 


– Bolalarim hali boshlang‘ich sinfda o‘qishadi. Bu yerda ko‘proq boshlang‘ich bilim ko‘nikmalari bilan birga tabiat bilan tanishish, ekologiyani asrash, sportga yo‘naltirish, sog‘lom hayot tarzini o‘rgatish kabi hayotiy-zaruriy ko‘nikmalar ta’lim maqsadlariga kiri­tiladi. Masalan, bolalar bog‘chadaligidayoq suzishni va velosiped haydash­ni o‘rga­nishadi.

Muzeylar, tabiat bag‘­riga sayohat uyushtiriladi. Germaniyadagi bolalar ko‘chada tez-tez eshitiladigan signalga juda qiziqishgani uchun, Ichki ishlar bo‘limlari va yong‘in xavfsiz­ligi idoralari­ga tez-tez tashrif buyuri­shadi.  Bolalar ushbu soha vakillarining maxsus mashinalarini birma-bir minib ko‘rib, signalini bosib sinab ko‘rish, yoki yashil chiroqdan o‘tish kabi tajribalar qilishadi. Farzandlarimni uyimizga yaqin bo‘lgan  ta’lim muassasasiga berganmiz. Ta’lim sifati deyarli barcha maktablarda juda yaxshi. Chunki Germaniyada hukumat ta’lim, tibbiyot va huquqshunoslik sohalariga katta e’tibor qaratadi. Shuni aytib o‘tishim kerakki, o‘ta erkinlik va oiladagi  g‘arbona yengil tarbiya, sotsial media, globalizm tufayli ko‘plab o‘quv­chilar bilimi va axloqi yomonlashib bormoqda. Bu albatta faqat mening shaxsiy fikrim emas, ommaviy axborot vositalari bong urayotgan eng asosiy mavzulardan biri ham shu. 


Nargiza IBROHIMOVA:

– Bu yerda baholash tizimi qoniqarsiz, qoniqarli va kutilgan darajalardan iborat. O‘g‘lim ikki yilda kutilgan darajaga chiqqan. Maktablarda bolaning ota-onasiga “farzandingiz bilmayapti” deb aytishmaydi. O‘zlari alohida shug‘ullanishadi. Dars metodlari bir xil bo‘lsa-da, juda ko‘p manbalardan foydalanishadi. Yarim soat kitob o‘qitib, 4-5 ta test yechtiradi. Keyin yil davomida bir necha marotaba sayohatga olib chiqishadi. Avtobuslarda bir soat yo‘llik sayohatlarga, tarixiy muzeylarga olib borilgach, qaytib kelib, o‘quvchilarga ko‘rganlari va tushun­ganlari bo‘yicha insho yozdiriladi. Ular bizdagidek partalarda emas, to‘rtta, beshta bo‘lib aylana stolda o‘tirishadi.  

Ota-onalar majlisida katta zalda o‘qituvchi va ota-ona birga o‘tirib gaplashadi. Ota-onalar majlisi yilda uch marta, o‘quv yili boshida, o‘rtasida va oxirida bo‘ladi.  Darslar boshlanishi va tugashidan yarim soat avval borib farzandingiz yoniga o‘tirasiz va uning qilgan vazifalari, daftarlarini ko‘rib chiqishingiz mumkin. Shuningdek, Britaniya maktab­larida choraklar 6 ta. O‘qish sentabrda boshlanib, 20-iyulda tugaydi. Yana bir muhim jihati, Angliyada yozgi uch oylik ta’til yo‘q. Ular har chorakdan so‘ng qisqa dam olishadi.

Buyuk Britaniyada ta’lim tizimi aynan bir sohaga yo‘naltirilmagan. Masalan, ingliz tilining o‘zi bir nechta yo‘nalishda o‘qitiladi. Bu yerda ta’lim sifati juda yaxshi deb bemalol ayta olaman. Har yili tashkilotlar tomonidan maktablar reytingi e’lon qilinadi.  Maktablarda tanlov bolalarning o‘z qo‘lida,  ya’ni ular qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish imkoniga ega.


Farzandlaringizning maktabdagi ovqat­lanish ratsioni bilan qiziqib ko‘rganmisiz?


Mohinur NURULLAYEVA: 

– Yaponiyada Balanced(har bir menyuda oqsil, uglevod, kletchatka bor). Bola organizmi uchun kerakli mahsulotlargina o‘quvchilar ratsionidan joy oladi. Shirinlik, qayta ishlangan ovqatlar(sosiska shunga o‘xshash yarimtayyor mahsulotlar) hamda meva sharbatlari berilmaydi. Bolamning maktabda ovqatlanishidan ko‘nglim to‘q. 


Ma’rifat NURMATOVA:

 – Germaniyada bog‘cha va maktabda ovqatlanish ratsionlari namunali tarzda. Menyular oshpazlar tomonidan emas, ta’lim va sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan vitamin va kaloriyalarga boy mahsulotlarga asoslanib tuziladi. Sabza­vot va mevalar, sut mahsulotlari, dukkakli mahsulotlar, arpa, bug‘doy nonlari beri­ladi. So‘nggi xabarlarga qaraganda,  Germaniyadagi ta’lim-tarbiya muassasalarida go‘shtli taomlar berish halol tamg‘ali go‘sht istemol qiluvchi musul­mon migrantlar sonining oshgani va vegan, vegetarian oilalar ko‘paygani sababli biroz muammoli  kechayotgani tez-tez aytilmoqda.


Nargiza IBROHIMOVA: 

– Buyuk Britaniyada o‘quvchilar uchun 4 xil menyu taklif qilinadi. Taomlar uchinchi sinfgacha bo‘lgan bolalarga bepul beriladi. Qolganlar ham o‘zlari borib sotib olishmaydi, ota-onalar onlayn to‘lov qilishadi.  Uydan ovqat olib kelganlar alohida, maktabdan olganlar alohida o‘tirishadi. Ammo bayram kunlari hamma birdek ovqatlanadi. Hozir Angl­ya maktablariga halol menyu kiritil­moqda. Bu menimcha migrant va musul­mon  bolalar manfaatlariga to‘g‘ri kelishi uchun ham yo‘lga qo‘yilmoqda. 


U yerdagi ta’limning O‘zbekistondan farqli jihatlari qanday?


Mohinur NURULLAYEVA:

– Yaponiya ta’lim tizimi nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa ko‘pgina davlatlar ta’lim tizimidan ham farqli. Masalan, Yaponiyada 2-sinf o‘quvchisi ko‘pchilik oldida nutq so‘zlash qobilyati­ga ega bo‘lishi, 6-sinf o‘quvchisi suvda bemalol suza olishi kerak. Mana shulardan yapon muallimi o‘z kasbiga qo‘shimcha ravishda yana nimalarni o‘rganishi lozimligini bilish qiyin emas. O‘qituvchi qo‘shiq aytishi, cholg‘u asboblarida kuy chala olishi, notiqlik san’atini bilishi, yaxshi sportchi bo‘lishi kerak.  


Ma’rifat NURMATOVA:

– Germaniyada O‘zbekistondan farqli jihatlari, maktab formasi yo‘q, diniy  kiyimlarga qarshiliklar yo‘q, ota-onalar maj­lislari yo‘q. Baholash tizimi o‘quv­chilar uchun yashirin desa ham bo‘ladi. O‘qituv­chi o‘zi uchun daftariga o‘zlash­tirish natijalarini yozib boradi. Misol uchun o‘qituvchilar o‘quvchilarni mate­matikadan ishlagan misolini tekshirib, xato va kamchiliklari sonini, kichik bir izoh bilan yozib qo‘yadi. Masalan, “shunday davom et” yoki “ko‘proq shug‘ullansang yaxshiroq bo‘lardi” kabi.  Baho bitiruv yili va imtihonlarida muhim sanaladi.


 Nargiza IBROHIMOVA: 

– Buyuk Britaniyada bolaning kichikligidan fikrini tinglashadi. Qiziqi­shiga qarab yo‘naltirishadi. Darslar kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi. Ko‘proq amaliy mashg‘ulotlarga urg‘u qaratiladi. Bu bolaning tasavvurini rivoj­lantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ular o‘quvchining yozishiga ko‘p e’tibor qaratishadi. Davomat ham juda qattiq nazoratga olinadi. Bolaning maktabga kelish ko‘rsatkichi 92 dan 86 foizga tushsa maktabning mas’ul shaxs­lari o‘quvchining uyiga borib keladi. Davomat o‘quvchining o‘zlashtirish reytingiga ham ta’sir qiladi.


 Farzandingiz va maktabi bilan bog‘liq beshta fakt keltira  olasizmi?


YAPONIYA

 Mohinur NURULLAYEVA:

1. Halol ovqat bilan ta’minlangan.

2. Ingliz tili darslari bor.

3. Bolalarni deyarli har kuni ko‘chaga sayrga olib chiqishadi.

4. Har kungi mashg‘ulotlarni tarbiyachi emas bolalar o‘zi tanlaydi.

5. Bolalarni global citizen(xalqaro fuqaro) qilib tarbiyalashadi.


GERMANIYA 

Ma’rifat NURMATOVA:

1. Bog‘cha va  maktab daxlsiz va himoyada!

2. O‘qituvchilar o‘quvchilar bilan chiroyli munosabat o‘rnata olgan.   

3. Farzandlarim eng rivojlangan mamkatlarlardan birida tahsil olmoqda.

4. Ularning ta’lim muassasasi o‘quvchining intizom va tarbiyasi uchun javobgar emas.

5. O‘zlashtirish ko‘rsatkichlari biz ota-onasining uydagi shug‘ullanishimizga  bog‘liq.


BUYUK BRITANIYA 

Nargiza IBROHIMOVA:

1. Maktabda forma bor.

2. Sinfda 30 nafar bola o‘qiydi. 

3. Bitta o‘qituvchi dars o‘tmaydi. Uch-to‘rt kishi bo‘ladi. Bir kishi darsni tushuntirsa, qolganlari uyga vazifani so‘raydi. 

4. O‘qituvchilarga sovg‘a berilmaydi, bu pora bilan teng hisoblanadi. 

5. Bolaga shaxs sifatida qarashadi.  Maktab saytiga bolaning rasmini qo‘yishdan avval ota- onasidan ruxsat so‘rashadi.


Guvohi bo‘lganingizdek, rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimi zamonaviy metodlar va innavatsion yondashuvlar bilan boyitilgan. O‘qituvchilarning sifatli tayyorgarligi va doimiy malaka oshirishi, shuningdek, ta’limga investitsiyalar kiri­tish tizimning mustahkamligiga xizmat qiladi. Ta’lim – bu davlatni rivojlantiruv­chi va kelajakni shakllantiruvchi asosiy vositadir.


Feruza JO‘RAYEVA,

O‘zJOKU  talabasi

Maqola muallifi

Feruza Jo‘rayeva

Feruza Jo‘rayeva

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish