“Va’da”ning taqdimoti

Yangi kitob “Va’da”ning taqdimoti
46

Respublika Milliy matbuot markazida iste’dodli shoira Dilora Xoliqovaning “Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan “Va’da” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.



100 ga yaqin betakror she’rlar, go‘zal nasriy namunalar: hikoya va badialar joy olgan ushbu kitob muallifning samimiy qalb haroratining tugal ifodasidir. 

Muallif kitobda o‘zining Vatan, yor, ota-onaga bo‘lgan adoqsiz sevgisini yangicha shakl va uslubda ifoda etadi, millatning o‘tmish va bugungi dardlarini o‘z ko‘ngil hidoyatidan o‘tkazib, doimiy hayrat va titroq bilan qalamga oladi. Shu tariqa tafakkur qudrati va qalb uyg‘unligiga erishgan yuksak she’riyat har qanday o‘quvchini o‘ziga beixtiyor maftun etadi. 


She’r – shoirning nima dardlar bilan og‘riyotgani, yuragi va dunyoga sig‘mayotgan hayqiriqlari, mudrab yotgan qalbingizni uyg‘otadigan his-tuyg‘ulari, tasavvur qobiliyati ko‘rinib turadigan ko‘zgudir – deydi taniqli shoir Aziz Said.  – Dilora Xoliqova she’rlarini ilk bor o‘qiganimda bu ko‘zguda o‘z ko‘ngli bilan sirlashayotgan, hasratlashayotgan, dunyoga, onaga va yorga ta’masiz bir muhabbat bilan roz aytayotgan shoirani ko‘rgandim. Nedandir ozurda, nedandir umidvor, nelargadir ko‘nikkan, nelargadir suyangan ruhning samimiy izhorlariga duch kelar ekansiz-u ko‘zguga o‘z tuyg‘ularingizni ham tutib ko‘rasiz. Va bu she’rlar she’r yozish uchun emas, Diloraning vaqt va kundalik hayot pardasi ortida kechgan lahzalaridagi qalb taftishi, shiddatli kechinmalari o‘laroq qog‘ozga tushganiga ishonch hosil qilasiz.

– Diloraning she’rlarini o‘qirkansiz, ularda soxta kechinma va mavhum tuyg‘ular yo‘qligiga, o‘ziga xos tashbehlar, ramzlarga yo‘g‘rilgan istioralar va qiyoslar mavjlanib oqishini ko‘rasiz, – deydi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Shohsanam Nishonova. – Muallif ijodi o‘zining nihoyatda bedorligi, har insonning taqdiriga daxldorligi, odamning ichki-botiniy dunyosi doimiy kurashib borishini aks ettirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Tadbir yakunida “Qanot” loyihasi doirasida muallifning she’rlari bo‘yicha o‘tkazilgan ijodiy tanlovning 40dan ortiq g‘olib va sovrindonlari ham taqdirlandi.

Ma’lumot uchun: Dilora Xoliqova 1985-yil Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Navoiy davlat pedagogiga instituti(hozirgi Navoiy davlat universiteti)ning o‘zbek tili filologiyasi fakultetini tamomlagan. 
Turli yillarda “Uchquduq” va “Yangi Qiziltepa” gazetalarida muxbir sifatida mehnat qilgan. Salkam 20 yildan buyon pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. Yosh ijodkorlarning “Zomin seminari” (2006-yil) ishtirokchisi. Uning she’rlari “Kengliklar sururi”, “Subh”, “Navoiy gulshani” to‘plamlaridan o‘rin olgan, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Hindiston kabi xorijiy davlatlarning jurnallarida e’lon qilingan. “Va’da” muallifning ilk to‘plamidir.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish