Millatlararo totuvlik yo‘lida muhim qadam
O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari tinch va ahil hayot kechirmoqda. Bu esa mamlakatda olib borilayotgan oqilona siyosat samarasidir. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilot va qo‘mitalar jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Yaqinda O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Pedagogik ta’lim kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar doktori Jamshidbek Yusupov hamda falsafa fanlari doktori, professor Jaloliddin Yusupovlar tashabbusi bilan talabalarning Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaga tashrifi tashkil etildi.
Tashrifda Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi (Ma’naviyat asoslari) mutaxassisligi 1-bosqich magistrlari hamda Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishining 2–3-bosqich iqtidorli talabalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida qo‘mita faoliyati, uning asosiy vazifalari hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, qo‘mita bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Saodat Davlatova talabalarga turli millat vakillari o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash, ularning milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, qo‘mita bosh mutaxassisi Bunyod Boltayev xorijiy fuqarolar bilan ishlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyatga moslashuvini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. U bag‘rikenglikni targ‘ib etish va turli madaniyatlarni hurmat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mazkur tashrif talabalarda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning ahamiyati haqida yanada chuqurroq tasavvur hosil qildi. Mutaxassislar bilan bo‘lgan muloqot esa ularning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi bunday tashabbuslar jamiyatda tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sarvinoz Risaliyeva
O‘zMU talabasi
Shu kecha va kunduzda
Millatlararo totuvlik yo‘lida muhim qadam
6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorlov
NIYAT
YO‘L haqida
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank