MILLATNING MA’NAVIY QIYOFASI

Har qanday millat qiyofasini, tirikligini va parvozini uning uch qanoti – milliy g‘ururi darajasi, ona tiliga va o‘z tarixiga munosabati ta’minlaydi. Millat qiyofasini tashkil etuvchi bu ma’naviy belgilar insonda ta’lim-tarbiya orqali shakllantiriladi. Xo‘sh, milliy g‘urur nima va bizda milliy g‘urur faxrlansa arziydigan darajada shakllanganmi? Milliy g‘urur tushunchasiga “Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug‘ati” kitobida quyidagicha izoh berilgan: “Milliy g‘urur – har bir millatning o‘z-o‘zini anglashi natijasida sodir bo‘ladigan ichki ruhiy kayfiyati. Bu tuyg‘u o‘z ona zamini, ajdodlari tomonidan qoldirilgan moddiy, ma’naviy merosdan, o‘z millatining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalaridan, o‘zga millat oldidagi qadr-qimmati, obro‘-e’tiboridan faxrlanish hissiyotidir”
(T.1998.142-143-b.).
Afsuski, biz o‘zga millat oldida g‘ururimiz, qadr-qimmatimiz bilan faxrlana oladigan darajada emasmiz. Milliy g‘urur bizda doimo sust bo‘lgan, hozir ham shunday. Bu – bizning eng og‘riqli nuqtamiz.
Bu xulosani asoslash uchun tariximizdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, yurtimiz Rossiya imperiyasining mustamlakasiga aylanib qolgan XIX asrning ikkinchi yarmi voqealarini eslaylik.
Rossiya imperiyasi hukmron doiralari O‘rta Osiyoga hujum qilishdan oldin ko‘pgina omillar qatori, bu o‘lkada mavjud 3 ta o‘zbek davlati(Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari)ning o‘zaro munosabatlarini chuqur o‘rganishgan va urush boshlansa, ular bir-biriga yordamga kelmasliklari to‘g‘risida aniq xulosaga kelgan. Voqealarning keyingi rivoji bu xulosaning to‘g‘riligini amalda tasdiqladi va yurtimiz mustamlakaga aylandi. Ana shu o‘zaro birlikning yo‘qligi uchun ham Rossiya imperiyasi 1853–1856-yillardagi Qirim urushidagi mag‘lubiyati tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan holatdan ham foydalana olmadilar.
Yoki mana bu tarixiy haqiqatini olaylik. 1873-yili Rossiya imperiyasi Xiva xonligiga qarshi harbiy harakat boshladi. Bu harakatda AQSH jurnalisti, “Nyu-York Jerald” gazetasining muxbiri Mak Gaxan ham qantashgan. Uning esdaliklari “Jahon adabiyoti” jurnalida bosildi.
U, jumladan, quyidagilarni qayd etgan: “O‘rislar qarshilikka deyarli uchramay Amudaryodan kechib o‘tdilar. Biz kechuvdan ming mashaqqat bilan o‘tayotganimizni xivaliklar ro‘paradagi baland qirg‘oqdan kuzatib turishardi. Ular juda qulay marrani egallagan, hatto tosh otib bo‘lsa-da, bizga katta talofat yetkazishlari mumkin edi.
Xivaliklarning tumshug‘i uzun mis zambaraklari uzoqqa otishda ruslarnikidan qolishmasdi. Afsuski, jang qilishga xivaliklarda na xohish va na jur’at sezildi. Biz qirg‘oqqa tirmashib, bir amallab chiqa boshlagach, chekinishga tushishdi. Ular tashlab ketgan ko‘p zambaraklarni o‘lja oldik”. Muxbirning ta’kidlashicha, o‘ris armiyasi kechuv chog‘ida katta talofat ko‘rgan. Askarlar charchagan, oziq-ovqat tugagan, otlarning yem-xashagi qolmagan.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘rislarning mag‘lubiyati ko‘rinib qolgan edi. Biroq mahalliy aholining ularga non va boshqa yeguliklar ulashgani, otlariga yem-xashak sotgani Mak Gaxanni hayratda qoldirgan. Chunki xivaliklar o‘zlarining dushmani oyoqqa turib olishiga ko‘maklashayotgandi.
Keyinchalik muxbir Rossiya poytaxtida Xiva xoni Muhammad Rahimxon Ikkinchi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan va o‘zini hayratga solgan yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha so‘ragan va xonning javobidan quyidagi xulosa kelgan: “Ularning siyosat bilan ishi yo‘q. Eng katta tashvishlari qorinni to‘ydirish, tinch yashash, kimlar ularning tirikchiligiga ko‘maklashsa, o‘shalarni do‘st tutish edi”.
Bir so‘z bilan aytganda, xivaliklar o‘ris askarlariga ta’zim qiladilar. Bu esa, Tog‘ay Murod yozganidek, poy-pataklik edi. Chunki bosqinchiga ta’zim qilishni poy-patak iborasidan boshqa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.
Chechenistonning milliy ozodlik kurashi rahnamosi J.Dudayev bunday degan edi: “Agar bugungi otalarning qo‘rqoqligi “ehtiyotkorlik” deb ataladigan bo‘lsa, ertangi farzandlar qulligi “sodiqlik” deb ataladigan bo‘ladi”. Ha, topib aytilgan gap.
Agar ozgina milliy g‘urur bo‘lganida edi, ehtimol voqealar rivoji boshqacha bo‘lardi. Birlashib ham yengilganimizda, hukmdor bobolarimiz jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lganlarida, ularga mustaqillik yillari haykal o‘rnatilgan bo‘lardi. Lekin ular shohona hayotlari, hayot qulayliklarini saqlab qolish uchun Vatan mustaqilligini boy berdilar.
“Bu dunyodagi eng katta xiyonat – bu, hayot qulayligiga moyillik hissidir. Hayot qulayligiga moyillik esa g‘urur yo‘q joyda paydo bo‘ladi”, degan edi mashoyixlardan biri.
Sovet hokimiyati davrida millatimizning asl farzandlari qatag‘on qilindi. Milliy g‘urur sustligi uchun ularning nega qatag‘on qilinganligi haqida sovet OAV tarqatgan xabarlarga to‘la ishondik va olqishladik ham. Afsuski, bunday olomonlik bizni keyin ham tark etmadi. Oqibatda yana poy-patak bo‘ldik. Bunchalik loqaydligimizdan, olomonligimizdan, g‘urursizligimizdan, poy-patakligimizdan kuyinib O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov keyinchalik “Olomonga” nomli she’r ham yozgan edi:
Lorka otilganda qayoqda eding,
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni, yo
Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?
Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,
Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.
Nimasan, qandayin sehrli kuchsan,
Nechuk tomoshaga bunchalar o‘chsan?
Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,
Qachon xalq bo‘lasan, ey sen olomon?
Ha, shunday, bizni hamon olomonlik tark etganicha yo‘q. Shuning uchun ham marhum Muhammad Yusuf “Xalq bo‘l, elim” deb bekorga bong urmagan edi.
Afsuski, bu kasaldan qutulmadik. Ayniqsa, o‘zbek xalqining sharafli farzandi Sharof Rashidov vafotidan so‘ng (1983-yil) uning xotirasi tahqirlanishiga befarq qarab turganligimiz boshqa millatlar oldida yuzimizni shuvut qildi. L.Brejnev hukmronligidan so‘ng Moskvaning faqat O‘zbekistonni nishonga olishining asosiy sababi – Moskvaning ozgina sharoit yaratilsa, O‘zbekiston rahbariyatining bir-birini sotishini aniq hisobga olganida edi. Bu holat tez orada o‘z isbotini topganligiga tarix guvoh.
1984-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston KP MKning mash’um XVI Plenumida Sh.Rashidovning kechagi safdoshlari Respublika hayotida ro‘y bergan barcha negativ holatlarda Sh.Rashidovni ayblashdi.
1986-yili esa Sh.Rashidovning jasadi 1983-yilda ko‘milgan joyidan kovlab olinib Chig‘atoy qabristoniga qayta ko‘mildi. Bunday hodisa sobiq Ittifoqning boshqa birorta respublikasida ro‘y bergani yo‘q. Hech kim, hech bir tashkilot, hatto O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham bunday noodamiylik holatiga e’tiroz bildirmadi. Go‘yo shunday bo‘lishi kerak edi qabilida sukut saqlashdi. Mana sizga milliy g‘urursizligimizning, poy-patakligimizning oqibati. Shu o‘rinda beixtiyor esimga Buyuk Temur bobomizning quyidagi so‘zlari tushadi: “Lochinning uchorg‘a madori kelmasa, chumchuqqa masxaradir”.
Sh.Rashidovning nomini yerga urishga intilganlarning qilg‘iliklariga loqayd qarab o‘tirgan xalq “uchorg‘a madori yo‘q chumchuqqa masxara” olomonga aylandi. Bu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning quyidagi satrlarini keltirib o‘tmaslikning iloji yo‘q:
Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz.
Sizni qarg‘aganlar jo‘ralaringiz,
Sizni ado qilgan to‘ralaringiz.
Bizdan rozi bo‘ling, ruhi notinch zot.
Qozoq bovurlarimiz esa bu borada bizga o‘rnak ko‘rsatdilar. Gap shundaki, sobiq SSSRning sobiq hukmdori M.S. Gorbachyov davrida Qozog‘iston KP MKning 1-sekretari D.Ko‘nayev lavozimidan olindi va o‘rniga Rossiyadan rus millatiga mansub A.Kolbin tayinlandi. Qozoq bovurlarimiz milliy g‘ururning bunday tahqirlanishiga qarshi poytaxt Olmaota shahrida qo‘zg‘olon ko‘tardilar. To‘g‘ri, qo‘zg‘olon bostirildi, lekin A.Kolbin ham ko‘p ishlamadi. Mana sizga milliy g‘ururning qudrati.
Moskva gazetalari 1983–1989-yillarda O‘zbekiston haqida xohlagan maqolalarini e’lon qildi. Moskvalik mualliflarga qo‘shilib o‘zimizning “baynalminal” qalamkashlarimiz ham Sh.Rashidovni istaganicha qora balchiqqa beladilar. Masalan, yozuvchi T.Po‘latov: “Sh.Rashidovning sevib o‘qiydiganlari V.Yanning romanlari “Chingizxon”, “Botuxon”, “Eng so‘nggi dengizga qadar” va Kalashnikovning “Qattol asr” romani bo‘lgan. Ehtimol, u orzulari qanotida o‘zini butun olam xoqoni deb xayol qilgandir”.
Biz marhumlar arvohini chirqiratadigan, ular hatto qabrlarida ham tinch yotishiga yo‘l qo‘ymaydigan xalqqa aylanib qoldik. Hatto mustaqillik yillarida ham yurt oydinlari bo‘lgan marhumlarga tosh otish, ularning xotirasini tahqirlash kasalligidan qutulmadik. Menimcha hali beri qutula olmasak ham kerak. Ayting-chi, qaysi dinda marhumlar tahqirlansin, deyilgan?
Dastlab, pedagogika fanlari doktori M.Quronov 2014-yili “Xalq so‘zi” gazetasida Hamzaga tosh otdi. U sovet hokimiyatining otashin kuychisi, bosmachilariga qarshi kurashgan, dinni tahqirlagan shaxs bo‘lganligini 2 betlik maqolasida “fosh” etdi. Xo‘sh, o‘sha davrdagi rahbarlarimiz A.Ikromov, F.Xo‘jayev, Y.Oxunboboyev bosmachilarga qarshi kurashmagan edilarmi? U.Yusupov, N.Muhiddinov, Sh.Rashidov, I.Karimov sovet hokimiyatiga xizmat qilmagan edilarmi? Hamza dinni tahqirladimi yoki diniy mutaassiblikka qarshi kurashdimi, degan savol esa ochiq qoldi. So‘ng general Sobir Rahimovni “fosh” etdik.
Islom Karimov vafotidan so‘ng esa unga birinchi bo‘lib tosh otishni sobiq Davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov boshlab berdi. Uning I.Karimovni yomonotliq qilishga bag‘ishlangan “Adoqsiz o‘ylar” maqolasi 2019-yilda “Adabiyot gazetasi”ning 9-10-sonlarida e’lon qilindi.
Aslida M.Umurzoqov 1992-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida I.Karimov haqida: “Respublika uchun og‘ir bo‘lgan bir davrda xalqimiz peshonasiga bitilgan baxt bo‘lib afsonaviy qudrat va jasorat bilan I.Karimov maydonga chiqdi. Adolatparvar, halol va matonatli rahbar butun bir xalqning va mamlakatning baxti ekanligini butun O‘zbekiston yaxshi biladi. Taqdir meni I.Karimov maktabidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar etgan ekan, bunday taqdirdan ikki sababga ko‘ra roziman: Birinchisi, Respublikada hayotning burilish nuqtasida mamlakat tepasida shunday qat’iyatli va donishmand rahbar bor bo‘lganligidan va ikkinchisi, ongli hayotimni shunday adolatli siyosatga safarbar etishga muyassar bo‘lganligimdan”, deb yozib unga xushomad qilgan edi.
Bo‘lar ishlar bo‘lib o‘tdi. Bundan buyog‘iga sobiq rahbarlarimizni, ulug‘larimizni ulug‘lashni, qadrlashni o‘rganaylik. Zero, O‘zbekiston xalq shoiri M.Yusuf o‘zining “Xalq bo‘l, elim“ she’rida yozganidek:
Bo‘lar elning bolalari bir-birin der,
Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer.
Ha, marhum davlat arboblariga tosh otishni to‘xtataylik.
Eng achinarlisi shundaki, ular o‘tmish tarixga, o‘tgan arboblarga tosh otish o‘z navbatida yosh avlodda o‘tmish tariximizga nisbatan shubha bilan qarashni shakllantirishini o‘ylab ko‘rishayotirlarmi? Aslida I.Karimovga va uning davriga otilayotgan tosh yoshlarning o‘tmishimiz bilan faxrlanish, buyuklarimizni ulug‘lash kabi xislatlarini so‘ndiradi. Bu esa o‘ta og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bekorga mashoyixlarimiz “O‘tmishga hurmat bilan qarab, kelajakka ishonch bilan shaxdam qadam tashla”, demaganlar-ku, axir.
Maqolamizning boshida qayd etganimizdek, millatning qiyofasini belgilovchi ikkinchi omil bu – ona tiliga munosabat masalasidir. Ayniqsa hozirgi globallashuv zamonida. Professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning so‘zlari bilan aytganda, til – yurakni, ma’naviyatni, ruhni shakllantiradigan muhim vositadir.
O‘zbekning ona tili – o‘zbek tilidir. To‘g‘risini aytganda, bizning loqaydligimiz, milliy g‘ururimiz sustligi natijasida tilimiz o‘z mavqeyini yo‘qotib bormoqda. 1989-yildayoq o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Mana, oradan 35 yil o‘tdiki, “Davlat tili haqida”gi qonunning amalda bajarilishini ta’minlay olmadik. Axir qonun davlat tilining imtiyozga egaligini ko‘rsatishi kerak edi-ku.
Imtiyoz u yoqda tursin, mazkur qonun hech kimga hech qanday majburiyat yuklamagan. Ishonmasangiz, qonunning 20-moddasiga e’tibor qarataylik.
“Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.
Afsuski, bu moddaning hech bo‘lmaganda shu qonunni qabul qilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va shu qonunni tasdiqlagan Senat, qonun ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatilgan Vazirlar Mahkamasi joylashgan poytaxt Toshkent shahrida ham bajarilgani yo‘q. Birinchi marta Toshkentga kelgan xorijlik sayyoh chet tillarda yozilgan lavhalarni o‘qib O‘zbekistonga kelganiga ham shubha qilib qoladi.
Millatning qiyofasini belgilovchi uchinchi belgi bu – shu millat vakillarining o‘z tarixini, o‘zi mansub bo‘lgan xalq etnogenezini, uning dunyodagi o‘rnini qanchalik puxta bilishidir.
Ayni paytda tariximizdagi oq va qora dog‘lardan zarur xulosalar chiqarib olmoq ham juda muhim masala. Gap shundaki, tarix fani siyosatga xizmat qiluvchi fan hamdir. Shu tufayli u siyosat qurboniga aylanib qolgan. Shuning uchun hech bir zamonda tarix to‘g‘ri yozilmagan, hozir ham shunday va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaverishini unutmasligimiz lozim. Tarixni faqat nisbatan to‘g‘riroq yozish mumkin xolos. Bu fikrni asoslash uchun tarixdan istalgancha misollar keltirish mumkin. Lekin bunday qilmaymiz. Sababi, agar bor haqiqat yoziladigan bo‘lsa yosh avlodni o‘tmish tariximizdan bezdirgan, bugungi tariximizga nisbatan esa loqaydlik kayfiyatini kuchaytirgan bo‘lamiz. Lekin nima bo‘lganidayam avvalo tariximizni yolg‘onlardan mumkin qadar ko‘proq tozalashimiz kerak. Mana birgina misol: o‘zbek xonliklarining mustamlakaga aylanishi tarixini olaylik. Agar sovet tuzumi davrida tarix darsliklarida yolg‘on tezis ilgari surilgan bo‘lsa (“O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishining progressiv ahamiyati’’), bugungi tariximizda endi yarim yolg‘on “haqiqatlar” ham ilgari surilmoqda. Ya’ni, butun ayb Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosatida. Lekin nega O‘rta Osiyo (jumladan, bizning yurtimiz) Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylanib qoldi, degan savol esa aksariyat holatlarda chetlab o‘tilmoqda.
2022-2023-yillarda akademik Ahmadali Asqarov rahbarligida 10 jildlik “O‘zbekiston tarixi” kitobi nashr qilindi. Kitobning 1-jildiga “Rossiya imperiyasi istilosi” mavzusi ham kiritilgan. Mavzuda Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishining iqtisodiy sababi yoritilgan xolos. Siyosiy sabablari esa hatto tilga ham olinmagan. Mazkur kitobdagi mana bu yolg‘onga nima deyish mumkin: “1873-yilda imzolangan Rossiya-Xiva sulh-shartnomasi shartlariga ko‘ra, Muhammad Rahimxon Ikkinchi ruslarning barcha talablarini bajarishga, o‘zini Rossiya imperiyasining “sodiq xizmatkori” deb tan olishga majbur bo‘ldi”.
Endi shartnomada aslida qanday yozilganligiga e’tibor beraylik: “Men kim, Xiva xoni Muhammad Rahimxon Soniy Bahodirxon o‘zimni ulug‘ rus imperatorining quli deb tan olaman”. Mana Sizga poy-pataklik.
Yolg‘on yoki yarim yolg‘on yozilgan tarixdan baribir bugungi avlodlar qachondir xabar topadi-ku. To‘g‘risini yozishga bizga nima xalaqit qilmoqda? Ehtimol yurt oydinlaridan qo‘rquvdir? Yo qo‘rqoq bobolarimizning amalda poy-patakka aylantirilganligidan uyalish hissimi?
Mashoyixlardan biri “Haqiqat otangdan ulug‘”, degan ekan. To‘g‘ri, biz yuqorida tarixni bor bo‘yicha yozib bo‘lmasligining sabablari haqida to‘xtaldik.
Nima bo‘lganda ham biz Prezident Sh.Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini doimo yodda tutmog‘imiz lozim: “O‘tmishdagi... xato va mag‘lubiyatlardan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi”. Zero, ulug‘lar aytganidek, “Tarix – faoliyatimiz xazinasi, o‘tmish guvohi, bugungi kun uchun ibrat va o‘git, kelajak uchun esa ogohlantirishdir”.
Usmon JO‘RAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi,
“Sog‘lom avlod uchun” va “El-yurt hurmati”
ordenlari sohibi,
Bo‘ka tumanidagi
8-maktab o‘qituvchisi,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati
Shu kecha va kunduzda
YANGI OʻZBEKISTON FARZANDLARI KELAJAGIMIZ POYDEVORI
“Nogiron bolalar uchun arravacha”
1-iyun: Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Ota-onalar va o‘qituvchilarning bolalar ustidan nazorati qanchalik muhim?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank