Qog‘ozdagi kurash

Bo‘lgan voqea Qog‘ozdagi kurash
36

Yulduz yozishni juda erta boshlagan edi. Avvaliga oqqa ko‘chgan so‘zlar tasodifiy tuyg‘ularning soyasidek tuyulardi, lekin vaqt o‘tishi bilan ular ichki dunyosining betinim sadosi, aytilmay qolgan faryodiga aylana boshladi. 


U o‘qiyotgan maktabda haqiqat qadrini yo‘qotgan, baholar insoniy munosabatlar evaziga belgilanadigan, sofdillik “beadablik” deb ataladigan muhit hukmron edi. Har kuni yuz berayotgan adolatsizliklar – kimningdir bali pul bilan hal qilinishi, kimningdir tilini tiyolmagani uchun jazolanishi uni tinch qo‘ymasdi. Lekin Yulduz noroziligini ochiq aytish o‘rniga, so‘zlarini qog‘ozga to‘kardi. Har bir satr ‒ jimlik ortidagi haqiqat edi.


Bir kuni sinfdoshlaridan biri darsda hushini yo‘qotdi. Bola uzoq vaqt nonushta qilmagan, ochlikdan holsizlangan edi. Ammo hech kim “nega?” deb so‘ramadi. Go‘yoki bu holat oddiy, o‘z-o‘zidan tushunarli voqeadek qabul qilindi. O‘sha kuni Yulduz uzoq o‘yladi va yozdi. Maqolaning sarlavhasi “Jimlik ortidagi nolalar” edi. U maqolani “Yosh Kalom” deb nomlangan anonim kanalga yubordi. O‘sha kuni u ilk bor yuragidagi dardni jamiyatga aytgandi.


Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, bu maqola ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Qaysi maktabda bu voqea yuz berdi?”, “Nega hech kim bunga e’tibor qilmadi?” degan savollar yog‘ildi. Shov-shuv kattalashdi. Ammo maqola muallifi hanuz noma’lum edi.


Maktab rahbariyati vahimaga tushdi. O‘qituvchilar orasida o‘zaro tergov boshlandi. Yulduz esa jim edi. Biroq uning qalbida shiddatli kurash avj olar edi: “Agar yozmasam, bu adolatsizliklar yana davom etadi. Agar yozsam, meni tanib qolishlari mumkin”. Ammo u tanlov qildi – endi yozishdan to‘xtamaydi.


Yulduz navbatdagi maqolasini yozdi. Unda maktab baholash tizimidagi nosog‘lom muhit, soxta ballar va ota-onalardan noqonuniy pul yig‘ish holatlari yoritilgan edi. Ushbu maqola ham keng tarqaldi, gazetalar va hatto mahalliy televideniye uni muhokamaga olib chiqdi. Ammo muallif hamon sir bo‘lib qoldi.


Bir kuni direktor Yulduzni chaqirib, muloyim savol bilan yuzlandi:

‒ Bu maqolalarni sen yozganmisan?


Yulduz yerga qaramadi. Na inkor etdi, na tasdiq. Faqat nigohi bilan bunday dedi: “Aytganimda nima o‘zgaradi? Aytsam, nimani tuzatasiz?”

O‘sha kun Yulduz o‘zini ilk bor jurnalistdek his qildi. 

Yulduz maktabni tamomlagach jurnalistika yo‘nalishiga hujjat topshirdi. Ijodiy imtihon kuni yetib keldi. Insho mavzusi “Siz uchun jurnalistika nima?” edi. 


Uning inshosida shunday gaplar ham yozilgandi:

“Jurnalistika – bu baland ovoz bilan aytiladigan bayonot emas. U yurakda kechib, qog‘ozga ko‘chgan so‘zdir. U kuch emas, haqiqat qudratidir…”


Yulduz insho daftarini topshirdi. Ball haqida o‘ylamadi. Hakamlar nima deydi? Bu unga unchalik muhim emasdi. Chunki u bilardi: bu yozuv faqatgina imtihon uchun emas. Bu ovozi eshitilmaganlar uchun haqiqat yo‘lida kechgan qog‘ozdagi kurash edi.


Gulbahor RAVSHANOVA,

“Ma’rifat” amaliyotchisi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish